Shu yilning 29-30 iyul kunlari Qohira shahrida “Shiddat bilan rivojlanib borayotgan dunyoda fatvo va yuksak axloqni shakllantirish” mavzucidagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi. Unda 100 dan ortiq davlatdan kelgan yuqori martabali davlat va jamoat arboblari, yetuk ulamolar, diniy yetakchilar va fatvo idoralari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli tadbirda Misr muftiysi Shavqiy Ibrohim Allom taklifiga binoan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov qatnashdi.
Xalqaro anjumanda din ulamolari tomonidan chiqarilgan fatvolar kishilar va jamiyatlarni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish va yuksak axloqni shakllantirishda muhim o‘rin tutishi, shiddat bilan rivojlanuvchi dunyoda va texnologiyalar taraqqiy etib borayotgan davrda fatvolar yangi chaqiriqlarga moslashishi hamda dinning asosiy tamoyillariga asoslangan bo‘lishiga alohida e’tibor qaratildi.
Ushbu anjumanda turli mamlakatlardan kelgan olim va soha mutaxassislari mavzu yuzasidan o‘z ma’ruzalari bilan qatnashish barobarida o‘zaro fikr-mulohaza almashdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.
Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.
Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.
Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.
Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.
Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati