Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyul, 2025   |   14 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:16
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
09 Iyul, 2025, 14 Muharram, 1447

Adolat va insof o‘ta muhim

02.08.2024   9037   2 min.
Adolat va insof o‘ta muhim

Adolat va insof o‘ta muhim narsalardir. Alloh taolo mo‘minlarni garchi o‘z zararlariga, ota-onalari va qarindoshlari zarariga bo‘lsa ham adolatni qoim qilishga va to‘g‘ri guvohlik berishga chaqirgan. Nabiy sollallohu alayhi vasallamning tutumlari ham shunday edi. «Allohga qasamki, agar Muhammad qizi Fotima o‘g‘rilik qilsa, hech shubhasiz uning ham qo‘lini kesgan bo‘lardim...».
Buxoriy rivoyati.

Sahobalarning tutumi ham shunday bo‘lgan. Tobeinlar va ularga ezgulik bilan ergashganlarning ham holi shunday edi.

Shurayh Qozining o‘g‘li bir kuni otasi huzuriga kelib ayrim odamlar bilan o‘rtasida xusumat yuzaga kelganini aytib kengash qiladi. Otasi unga bo‘lgan voqeani aytib berishini so‘raydi. U aytib beradi va otasidan mazkur kelishmovchilikda uning haq yoki nohaqligini so‘raydi. Buning so‘rayotganimning sababi shuki, deydi otasiga:

- Agar men haq bo‘lsam, ularni qoziga arz qilib, da’volashaman. Bordiyu ular haq bo‘lsa, u holda ular bilan kelishib olaman. Otasi uni diqqat bilan tinglagach, ular bilan da’volash, dedi. Eng katta qozi esa otasi Shurayh edi. Shunday qilib, qozining bolasi o‘z xasmlarini da’voga tortdi. Chunki, otasining «ular bilan da’volash!» degan so‘zidan o‘zining haq ekanligida shubhasi qolmagandi. Qozi Shurayh huzuriga to‘plangan o‘g‘lining xasmlari o‘g‘lini eshitgach, hukmni o‘g‘lining yovlari foydasiga va o‘g‘lining zarariga chiqardi va o‘g‘lini ularning haqlarini ado etishga majbur qildi. Raqiblar ketgach, Shurayhning o‘g‘li otasidan qattiq xafa bo‘ldi. «Meni qattiq sharmanda qildingiz, otajon», deya yozg‘irdi. «Siz bilan bu borada maslahatlashmagan bo‘lganimda ham sizni malomat qilmasdim. Mening nohaqligimni aytsangiz bo‘lardi-ku o‘shanda?! Axir, men farzandingizmanku! Shunchalik ham yomon ko‘rasizmi, meni?!», dedi. Shunda Qozi Shurayh shunday javob berdi:

«O‘g‘lim, sen menga Yer yuzi to‘la shunday odamlardan mahbubroqsan. Lekin, Alloh men uchun sendan azizroqdir. Agar mazkur xusumatda sen nohaqsan» deganimda ular bilan borib sulh qilarding. Haq bo‘lsang, qozilashib, nohaq bo‘lsang sulhga borishing, adolatdan emas. Zero, bu holatda ular sening kelishuvga moyil bo‘lganing uchun o‘zlarining ayrim haqlaridan o‘zlari xohlamagan holda voz kechishga tayyor bo‘lardilar. Shunday bo‘lmasin, deya «ular bilan da’volash!» dedim. Toki, haqlariga zarracha ham nuqson yetmasin.

Alisher Sultonxodjayev

Boshqa maqolalar

Yangi kun qachondan boshlanadi?

09.07.2025   1633   1 min.
Yangi kun qachondan boshlanadi?

Savol: Islomda yangi kun qaysi soatdan boshlab kiradi? Masalan, shartli qabul qilingan tartib bo‘yicha soat 00:00 yangi kunning boshlanishi sanaladi? Islomda yangi kunning boshlanishi va tugashi qaysi vaqtdan e’tiborga olinadi? 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Dinimizga ko‘ra, kun shom vaqtidan boshlanadi va keyingi shomgacha davom etadi. Boshqacha qilib aytganda, islomda kun kecha bilan boshlanadi va uning ertasida kun botib, kunduz tugaganida, o‘sha kun ham yakunlanadi. Bunga oyat va hadislardan ko‘plab dalillar bor.
Faqat ayrim ahkomlarda kunning boshlanishi bomdod namozining vaqti kirishi (subhi sodiq)dan boshlanadi va kun keyingi bomdod vaqtigacha davom etadi. Masalan, Hajda Arafot vodiysida turishda hukm shunday.

Shuningdek, ayrim hollarda “kun” tushunchasi yuqoridagidek, 24 soatdan iborat (sutka) ma’nosida emas, balki tunga muqobil – qarama-qarshi ma’noda qo‘llanilishi ham mumkin. Bu holda kun boshlanishi bomdod vaqtidan to quyosh botgunigacha bo‘lgan muddat, ya’ni kunduzdan iborat bo‘ladi. Bunga misol uchun “bir kun ro‘za tutish” deganda aynan shu muddat nazarda tutiladi.

Xulosa qilib aytganda, dinimizdagi umumiy qoidaga ko‘ra, kunning boshlanishi kun botganidan boshlanib, keyingi kun botishigacha davom etadi. Ayrim istisno qilingan holatlarda kunning qachon boshlanib, qachon tugashi dindagi hukmlarga qarab farq qiladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.