Bismillahir Rohmanir Rohiym
Saudiya Arabistoni Podshohi, Ikki Muqaddas masjid xodimi Salmon ibn Abdulaziz Ol Saud tashabbusi bilan Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi - Islom olamidagi vaqflar va islom ishlari bo‘yicha vazirlarning IX xalqaro konferensiyasi joriy yilning 3-5 avgust kunlari Makka shahrida o‘tkazildi. “Mo‘tadillik tamoyillari va qadriyatlarini targ‘ib qilish hamda mustahkamlashda Islom ishlari va vaqf vazirliklarining o‘rni” mavzusida tashkil etilgan konferensiyada 250 ga yaqin din arboblaridan iborat islom olamining 62 davlatidan taniqli muftiylar, Vaqf ishlari vazirlari va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli konferensiyada O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori professor Muhammadolim Muammadsiddiqov ishtirok etdi. Delegatsiya tarkibida O‘MI tasarrufidagi Vaqf xayriya jamoat fondi raisi Isoxon Abdullayev ham anjumanda qatnashdi.
Xalqaro konferensiyaning ochilishida Saudiya islom ishlari Vaziri Shayx, doktor Abdullatif bin Abdulaziz Ol Shayx barcha ishtirokchilarni mazkur konferensiyada ko‘rib turgani bilan samimiy qutlab, konferensiyani yuqori savida o‘tishida va barcha ishtirokchilarni yanada faol bo‘lishga chaqirdi.
U o‘z nutqi davomida vazirlik hozirda dunyoning turli mamlakatlaridagi Islom ishlari vazirliklari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun jadal harakatlarni amalga oshirayotganini ta’kidlab, bu sa’y-harakatlar ortida islomiy ishlarni o‘zaro rivojlantirish, xalqaro aloqa va hamkorlikni mustahkamlash, bag‘rikenglikni targ‘ib qilish, dunyo bo‘ylab islomni to‘g‘ri tushunishni targ‘ib qilish, Qur’on va sunnatni hurmat qilish va terrorizmga qarshi kurashishni maqsad qilganini aytib o‘tdi.
Vazirning ma’ruzasida Quddus va Falastin masalasi, islomiy da’vat bilan bog‘liq masalalar, masjidlarga hurmat ko‘rsatish va islomiy millat hayotiga ta’sir ko‘rsatadigan boshqa masalalar shuningdek, imom-xatiblarni tayinlash bo‘yicha tajriba almashish, ularga yuklangan dasturlar va mas’uliyatlar muhokama qilinishi ta’kidlandi.
5 avgust kuni konferensiyaning yalpi majlisida M.Muhammadsiddiqov “O‘zbekistonda yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga qaratilgan e’tibor” mavzusida ma’ruza qildi.
Shuningdek, konferensiyada islom ummatini turli guruhlarga bo‘lish, qon to‘kish, mol-mulkka tajovuz qilish va mazhabsizlikni targ‘ib qilish kabi har qanday harakatlardan musulmonlarni ogohlantirish zarurligi qayd etildi.
Jamiyatlarda ma’naviy-axloqiy va oilaviy qadriyatlarni muhofaza qilish, yot ijtimoiy tushunchalar yoki oilaning boshqacha shakllarini, nikohdan tashqari jinsiy munosabatlarni o‘rnatishga bo‘lgan urinishlarni oldini olish muhimligi ta’kidlandi.
Konferensiyada Islom va musulmonlarga qarshi nafrat uyg‘otishga qarshi turish, islomning imijini buzish va diniy yoki irqiy asosda zo‘ravonlikka undashga qarshi kurash bo‘yicha madaniy dasturlar ishlab chiqish belgilab qo‘yildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining «Islomofobiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi rezolyutsiyasini qabul qilish choralari muhokama qilindi. Anjumanda sakkizta eng muhim tavsiyalar e’lon qilindi.
TII Matbuot xizmati
Sobit ibn Ibrohim tahorat ola turib ariqda oqib kelayotgan bir olmaga ko‘zi tushadi va olmani olib yeydi. Olmaning yarmini yeb bo‘lganida, uning haqqi haqida o‘ylab qoladi. Shu xayolda Sobit ibn Ibrohim ariq chetidan yurib olma oqib chiqqan bog‘ga kiradi va bog‘ egasiga:
– Yeb qo‘ygan yarimta olmam uchun haqqingizni halol eting. Qolgan yarmi mana, oling, – deydi.
– Mayli, haqqimni halol etaman, faqat bir shartim bor, – deydi bog‘ egasi yigitning halol, taqvoli ekanini anglab.
– Shartingizni ayting, – deydi Sobit ibn Ibrohim.
Shunda bog‘ egasi:
– Bir qizim bor, uni nikohingga olasan. Lekin rozi bo‘lishingdan avval uning holatidan seni ogoh etishim lozim. Qizimning ko‘zi ojiz, hech narsani ko‘rmaydi, soqov – gapirmaydi va yana qulog‘i eshitmaydi – kar, qimirlamaydi – shol, – deydi.
Bog‘ egasining gaplarini eshitgan Sobit ibn Ibrohim lol bo‘lib qoladi. Yeb qo‘ygan yarimta olmaning haqqidan qo‘rqib, qizga uylanishga rozi bo‘ladi va:
– Mayli, taklifingizni qabul qildim, zora shu bilan Allohning roziligiga erishsam, – deydi.
Ota qiziga oq fotiha beradi. To‘y-tomoshalar o‘tgach, Sobit ibn Ibrohim salom berganicha qizning yoniga kiradi. Qiz salomga alik qaytargancha qo‘li ko‘ksida qulluq qiladi.
Yigit bo‘layotgan ishlardan hayratlanadi: “Bu juda g‘alati-ku, soqov emas ekan-da, salomimga javob berdi. Tik turibdi, demak shol ham emas. Qo‘li ko‘ksida, bundan chiqdi ko‘zlari ham ko‘radi”.
Yigit shoshgancha tashqariga chiqadi va qizning otasiga: “Bu menga va’da qilingan qiz emas-ku, ko‘r, soqov, kar va shol deganingizning boisi ne?!” – deydi.
“Nega endi?” – izoh beradi qizning otasi: “Bu o‘sha qiz. Ko‘zi ojiz deganim – uning ko‘zlari Alloh harom qilgan narsaga boqmagan, qulog‘ining karligi – Alloh harom qilgan narsalarga quloq tutmagan, soqovligi ham rost, chunki tili Allohning zikrigagina aylangan, sholligi – yomon ishga yurmagan”.
Sobit ibn Ibrohim birovning haqqidan qo‘rqqanligi evaziga oliy mukofotga erishadi. Vaqt o‘tishi bilan uning ayoli yer yuzini ilm va fiqhga to‘ldirajak bir zotga, buyuk Imom Abu Hanifaga homilador bo‘ladi.