O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan joriy yil Haj ibodatini bajarib kelgan hojilar o‘zlari yashaydigan hududdagi mo‘min-musulmonlar holidan xabardor bo‘lish, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatish, muammolari bo‘lsa homiylik qilish, yoshlarni ilmga qiziqtirish, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlash tavsiya etilgan.
Ushbu savobli tashabbus barcha imom-xatib va hojilarimiz tomonidan qo‘llab-qo‘vvatlanib, o‘zlari yashab turgan hududdagi 400 dan ortiq yordamga muhtoj oila holidan xabar olinib, ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.
Shunday yordamga muhtoj oilalar holidan xabar olish maqsadida 6 avgust kuni Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov, Beruniy tumanining bosh imom-xatibi A. Tagayev hojilar bilan hamkorlikda tumandagi “Xorazm” MFYdagi kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan fuqarolar bilan dildan suhbatlashib, ularga oziq-ovqat mahsulotlari ulashdi. Ular bunday mehr-muruvvat va homiylik tadbirini tashkil qilganlardan mamnun bo‘lib, o‘zlarining minnatdorchiligini bildirdi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti qozisi B.Razov Beruniy tumanidagi “Darvesh eshon” va “Xayrli bobo” jome masjidlaridagi qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishib, imom-xatiblar bilan ish yuzasidan suhbatlashdi.
Safar davomida tumandagi “Madaniyat saroyida” tashkil qilingan “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shiori astida “Aholi orasida aqidaparastlikning oldini olish” mavzusidagi tadbirda ishtirok etdi. Islom dini insonni ruhiy, jismoniy poklanish yo‘li bilan kamolatga yetaklab, muntazam ravishda ijtimoiy faollikka, ma’rifatli bo‘lishga da’vat etishi, dinimizda masalaga ko‘r-ko‘rona yondashuv, biryoqlama xulosalar keskin qoralanishi, jism va nafs halol mehnat tufayli poklanishi, halol mehnat ruh va jismdagi barcha illatlardan qutulishning yagona yo‘li ekanligi haqida ma’ruza qildi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti