Shu yil 14 avgust kuni “Markaziy Osiyo xalqlarining XXI asrdagi yaxshi qo‘shnichilik madaniyati” mavzusida masofaviy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Qozog‘istonning N.Nazarboyev markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan onlayn tadbirda xorij va mintaqadagi ilmiy tadqiqot markazlari, Diniy idoralari va ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Mazkur masofaviy uchrashuvda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov ham ma’ruza bilan qatnashdi.
Muhammadolim domla ma’ruza avvalida xalqaro anjuman ishtirokchilariga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salom va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Shundan so‘ng Diniy idora raisi o‘rinbosari bugungi murakkab dunyoda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarining ahamiyati, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida o‘zaro juda yaqin aloqalar o‘rnatilgani, mazkur islohotlar dinimizning ezgu ta’limotlariga xos ekani haqida nutq so‘zladi.
Yakunda ishtirokchilar mazkur masofaviy xalqaro anjuman mavzusi va o‘tkazilish vaqti nihoyatda ahamiyatli bo‘lgani, unda notiqlar mavzu doirasida qiziq ma’lumotlar va ajoyib tashabbuslar ilgari surgani e’tirof etildi. Shuningdek, bunday tadbirlarni tez-tez o‘tkazib turish taklif etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
No‘monxon Yahyoxon,
Toshkent islom instituti talabasi