Ayni kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklaridagi bir guruh ulamolar Respublikamiz bo‘ylab xalqimiz vakillari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, yuzma-yuz muloqotlar va jonli savol-javoblar o‘tkazmoqdalar.
Shu yil 14-15 avgust kunlari Muftiy hazratlari Toshkent shahar Olmazor tumanidagi aholi vakillari bilan ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yig‘ilganlarga yurtimizda diniy sohada olib borilayotgan o‘zgarishlar, yangi ochilgan masjid-madrasalar, Qur’oni karim kurslari, haj-umra safarlaridagi qulayliklarni so‘zlash barobarida tinchlik-hamjihatlikning qadriga yetish, qarindoshlik aloqalarini mustahkamlash, yoshlarning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor berish, ota-onaga xizmat qilish, birovning haqqidan qo‘rqish, amallarga riyo aralashtirmasdan xolis Alloh uchun qilish fazilati haqida ma’ruza qilib berdilar.
Muftiy hazratlari Islom mohiyatini to‘g‘ri anglash, kishilar musulmon ummati sifatlariga munosib bo‘lishi, hadisi shariflarda bayon etilgan komil mo‘min fazilatlari bilan ziynatlanishi, har ishda mo‘tadillik, odamlar orasida salomni keng yoyish kabi dinimizning ezgu ta’limotlariga amal qilishga chaqirdilar.
Mazkur ma’rifiy uchrashuv va to‘g‘ridan to‘g‘ri savol-javoblardan aholi o‘z minnatdorliklarini izhor etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 20 yanvar kuni poytaxtimizdagi "Wyndham Tashkent" mehmonxonasida "Tinchlik – dunyo dinlarining muhim tamoyili" mavzusida ilmiy-amaliy konferensiyasi boshlandi.
Nufuzli anjumanni O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov, Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatli vakili Andre Algermissen, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov va boshqa mutasaddi vakillar tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Konferensiyada dinshunos ekspertlar, islomshunoslar, etnik-madaniy birlashmalar, diniy konfessiya vakillari, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyat, milliy madaniy markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ham qatnashmoqda.
Konferensiya davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati