Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyul, 2025   |   17 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:19
Quyosh
05:01
Peshin
12:34
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:34
Bismillah
12 Iyul, 2025, 17 Muharram, 1447

Fatvolar to‘plami – ilm manbai

16.08.2024   4450   1 min.
Fatvolar to‘plami – ilm manbai

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuri­dagi Fatvo markazi tomonidan tayyorlanib chop etilgan “Fatvolar to‘p­lami. 500 savolga 500 javob” nomli kitobni o‘qib g‘oyat quvondim.

To‘plamda berilgan savol-javoblar har bir mo‘min-musulmon uchun nihoyatda foydalidir. Uni o‘qigan kishi e’tiqod, bid’at-xurofot, tahorat, namoz, zakot, ro‘za, haj va umra, qurbonlik, savdo, nikoh, taloq, emizish, qasam, nazrlar, ijara, meros, ruhiy tarbiya, zikr kabi turli muhim mavzularda zaruriy bilimlarga ega bo‘ladi. 

Kitobda to‘g‘ri fatvo berish orqali in­sonlarni yaxshilikka yo‘llash, yomon­liklardan qaytarish savobli, ilmsiz, asossiz berilgan har qanday fatvo xatarli, noto‘g‘ri ekani, yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lmay turib fatvo berish og‘ir gunohga yo‘l ochishi, odamlarni ixtilofga solib qo‘yishi misol va dalillar asosida yoritilgan.

Ayrim kishilar ilmni “dunyoviy ilm”, “diniy ilm” deb ajratishlari  kuzatiladi. Islom di­ni esa insonlarni har qanday foydali ilmni o‘r­ganish­ga targ‘ib qiladi. Zero, ilm bo‘lmagan joyda qoloqlik, jaholat, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi.

To‘plam turli tahdidlar kuchayib borayotgan ho­zirgi murakkab jarayonda  g‘oyatda kerakli manba bo‘lib xizmat qiladi. Ayniqsa, bugungi kunda diniy qadriyatlarimizga qarshi qaratilgan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan uydirma axborotlar, yetti yot begonalarga ko‘r-ko‘rona ergashishlar, yoshlarni zalolatga boshlovchi “jozibali” tasvirlar, mazhabsizlik kabi illatlarning asli puch, zararli ekanini ko‘rsatib berishi o‘quvchini o‘ziga yanada ko‘proq jalb etadi. 

Zabardast ahli ilmlar hozirlagan  ilmiy manbalarni o‘qib, “Biz boshqalarga ergashuvchi emas, aksincha, doim ergashtiruvchi xalq bo‘lib kelganmiz”, degan faxrni tuydim. 

Sultonxoja ARIPXO‘JAYEV,
mehnat faxriysi

"Hidoyat" jurnalidan

Boshqa maqolalar

“Qur’oni karimni o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!”

11.07.2025   2034   3 min.
“Qur’oni karimni o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!”

Xolid ibn Valid roziyallohu anhu yoshlari o‘tib, keksayib qolgan chog‘larida Mus'hafi sharifni olib, yig‘lab turib shunday der edilar: “Jihodlar bilan ovora bo‘lib seni o‘qiy olmay qoldik”.

Bu qandayin go‘zal uzr! Xo‘sh, biz o‘zimizni nima deb oqlaymiz?! Xolid ibn Valid roziyallohu anhu shundayin gap aytdilar, ammo biz nima deymiz?! Qiyomat kunida “Qur’oni karim o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!” – deb so‘ralsak, nima deb javob beramiz?! Toki u bizni zararimizga emas, foydamizga hujjat bo‘lishi uchun ko‘ksimizga bosib, kechayu kunduz tilovat qilib bormaymizmi?! Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning zikrini lozim tut, Qur’oni karim tilovatida mahkam bo‘l. Chunki bu sening osmondagi ruhing, yerdagi zikringdir” [1], deganlar.

Quroni karim oyatlarini tadabbur qilmasdan, ma’nolari haqida fikr yuritmagan holda, hech qanday tushunchasiz ko‘p tilovat qilish asosiy maqsad emas. Agar inson bir necha oyatni tadabbur qilsa, tafsir kitoblariga murojaat etsa yoki tafsir darslariga qatnashsa, ma’nolarni o‘zlashtirsa va ularga amal qilsa, bu ishi o‘sha inson uchun ulkan yaxshilik, xayr-baraka bo‘ladi.

Imom  G‘azzoliy hazratlari bunday deydilar: “Qur’on siz so‘rashingiz mumkin bo‘lgan va u sizning so‘rovlaringizga javob bera oladigan tirik Rasuldir. Siz unga quloq solsangiz, u sizni qondiradi”.

Qalblari iymon nuri ila qorishib ketgan zotlar uchun, albatta, Qur’onda shifo bordir. Yana Qur’oni karimda sarosima, shaytoniy vasvasalar, nafsu havoga ergashishdan saqlovchi shifo bor. Qur’on o‘qigan paytimizda bizni farishtalar qurshab oladi va ular ham bizga qo‘shilib Rahmon bo‘lgan Zotning oyatlariga quloq tutadi. Samo farishtalari tuni bilan Qur’onga qoim bo‘ladigan yer farishtalariga yaqinlashadilar. Endi ayting-chi, odamlar uxlayotgan paytda, tun qorong‘usida biz Qur’on tilovat qilyapmizmi?! Yeru osmonlar Robbi bizga quloq soladigan darajada  oyatlarini tilovat qilyapmizmi?!

 Alloh taoloning shifo oyatlari quyidagilardir:

«...Va mo‘min qavmlarning ko‘ngillariga shifo beradir» (Tavba surasi, 14-oyat).

«Ey odamlar! Sizga o‘z Rabbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi» (Yunus surasi, 57-oyat).

«Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz...» (Isro surasi, 82-oyat).

«...U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir...» (Fussilat surasi, 44-oyat).

«...Unda (asalda) odamlar uchun shifo bordir...»  (Nahl surasi, 69-oyat).

«Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning O‘zi» (Shuaro surasi, 80-oyat).

 Qur’oni karimni tilovat qilish, eshitish, amal qilish va har bir ishda undagi hukmlarga tayanib ish ko‘rishdan chetlashmang!

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Imom Ahmad rivoyati.