Obuna –2025
O‘zbekiston musulmonlari idorasi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2025 yil uchun obuna mavsumi boshlandi.
Shu yilning 15–17 avgust kunlari nashriyot Davriy nashrlar tahririyati bo‘limi mudiri T.Nizomov, Marketing va innovatsiya bo‘limi mudiri A.Yusupov, muharrir B.Muhammadiyev Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida xizmat safarida bo‘lib, imom-xatiblar bilan suhbatlar, uchrashuvlar o‘tkazishdi.
Yig‘ilishda mazkur nashrlarga 2025 yil uchun obuna mavsumi boshlangani, mo‘min-musulmonlarning ma’rifatini yanada yuksaltirish, ularga muqaddas dinimizning sof ta’limotini yetkazishda «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasi qimmatli nashrlar ekani alohida ta’kidlab o‘tildi.
Xayrli, savob ishlarning turi ko‘p. Har birining ixlos va samimiyatga qarab ajri bor, savobi bor. Illo, ma’rifat ulashishning, mo‘min-musulmonlarning xonadonlariga ziyo kiritishning savobi juda katta.
Tahlillarga ko‘ra, bir dona bosma nashrni bir kishidan o‘n kishigacha mutolaa qilar ekan. Misol uchun, birgina “Hidoyat” jurnali bugungi kunda 86 ming nusxada chop etilayotgan bo‘lsa, demak, 860 ming kishi o‘qiydi degani. Bu yaxshi, albatta. Biroq aholisining 95 foizdan ortig‘ini musulmonlar tashkil qiladigan yurtimizda mazkur nashrning adadi yanada ko‘paysa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, inshoalloh.
Buning uchun esa obuna mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish, targ‘ibot tadbirlarini ko‘proq olib borish zarur. Zero, hadisi sharifda: «Yaxshilikka dalolat qiluvchi kishi xuddi yaxshilik qiluvchi kabidir» (Imom Termiziy rivoyati), deyilgan.
Aslida obunaga targ‘ib qilish ham amri ma’ruf (yaxshilikka chaqirish) va nahyi munkar (yomonlikdan qaytarish)dir. Alloh taolo Oli Imron surasining 104-oyatida: «Sizlardan yaxshilikka da’vat etadigan, amri ma’ruf va nahyi munkar ishlarini olib boradigan (bir) ummat bo‘lsin! Aynan ular (oxiratda) najot topuvchilardir», deb marhamat qilgan.
Vodiy viloyatlarida «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga 2024 yil uchun obuna mavsumida faollik ko‘rsatgan, mazkur nashrlarga eng ko‘p obuna bo‘lgan masjidlar imomlari va tumanlar bosh imom-xatiblari sovg‘alar bilan taqdirlandi.
– Kamtarona xizmatimiz e’tirof etilib, mukofot bilan taqdirlanganimiz uchun Alloh taologa cheksiz hamdu sanolar bo‘lsin, – deydi Bag‘dod tumani «Zayd ibn Sobit» jome masjidi imom-xatibi Sohibjon domla Ahmedov. – Inshoalloh, kelgusi yil uchun ham obunani uyushqoqlik bilan tashkil etamiz. Har juma davriy nashrlarga obuna targ‘ibotini kuchaytiramiz. Bu jarayonda barchamiz jonbozlik ko‘rsatamiz.
Yig‘ilishlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasining «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasi har bir imomning, imom noibining hamda otinoyining badiiy minbari ekani ta’kidlandi. Shu bois diniy soha xodimlaridan turli mavzularda materiallar jo‘natishlari iltimos qilindi.
Tadbirlar so‘ngida xayrli duolar qilinib, 2025 yil obunasi har yilgidan ko‘ra natijadorroq, samaraliroq bo‘lishi Yaratgandan so‘raldi.
* * *
«Tafsir» rukni ostida Kalomulloh oyatlari ma’nolarini o‘qib-uqishni, «Hadis sharhi» orqali Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning muborak nasihatlaridan bahramand bo‘lishni, «Sahobalar hayoti”ni mutolaa qilib saodat asriga sayohat qilishni, «Masala» ruknida dolzarb va muhim savol-javoblarni o‘rganishni, «Aslida qanaqa? » ruknida har bir voqea-hodisaning asl mohiyatini bilishni, yana boshqa ko‘plab mavzularda eng ishonchli ma’lumotlarga ega bo‘lishni istasangiz, «Hidoyat» va «Mo‘minalar» jurnallari hamda «Islom nuri» gazetasiga obuna bo‘lishga shoshiling!
Xolid ibn Valid roziyallohu anhu yoshlari o‘tib, keksayib qolgan chog‘larida Mus'hafi sharifni olib, yig‘lab turib shunday der edilar: “Jihodlar bilan ovora bo‘lib seni o‘qiy olmay qoldik”.
Bu qandayin go‘zal uzr! Xo‘sh, biz o‘zimizni nima deb oqlaymiz?! Xolid ibn Valid roziyallohu anhu shundayin gap aytdilar, ammo biz nima deymiz?! Qiyomat kunida “Qur’oni karim o‘qishdan seni nima chalg‘itdi?!” – deb so‘ralsak, nima deb javob beramiz?! Toki u bizni zararimizga emas, foydamizga hujjat bo‘lishi uchun ko‘ksimizga bosib, kechayu kunduz tilovat qilib bormaymizmi?! Axir Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taoloning zikrini lozim tut, Qur’oni karim tilovatida mahkam bo‘l. Chunki bu sening osmondagi ruhing, yerdagi zikringdir” [1], deganlar.
Quroni karim oyatlarini tadabbur qilmasdan, ma’nolari haqida fikr yuritmagan holda, hech qanday tushunchasiz ko‘p tilovat qilish asosiy maqsad emas. Agar inson bir necha oyatni tadabbur qilsa, tafsir kitoblariga murojaat etsa yoki tafsir darslariga qatnashsa, ma’nolarni o‘zlashtirsa va ularga amal qilsa, bu ishi o‘sha inson uchun ulkan yaxshilik, xayr-baraka bo‘ladi.
Imom G‘azzoliy hazratlari bunday deydilar: “Qur’on siz so‘rashingiz mumkin bo‘lgan va u sizning so‘rovlaringizga javob bera oladigan tirik Rasuldir. Siz unga quloq solsangiz, u sizni qondiradi”.
Qalblari iymon nuri ila qorishib ketgan zotlar uchun, albatta, Qur’onda shifo bordir. Yana Qur’oni karimda sarosima, shaytoniy vasvasalar, nafsu havoga ergashishdan saqlovchi shifo bor. Qur’on o‘qigan paytimizda bizni farishtalar qurshab oladi va ular ham bizga qo‘shilib Rahmon bo‘lgan Zotning oyatlariga quloq tutadi. Samo farishtalari tuni bilan Qur’onga qoim bo‘ladigan yer farishtalariga yaqinlashadilar. Endi ayting-chi, odamlar uxlayotgan paytda, tun qorong‘usida biz Qur’on tilovat qilyapmizmi?! Yeru osmonlar Robbi bizga quloq soladigan darajada oyatlarini tilovat qilyapmizmi?!
Alloh taoloning shifo oyatlari quyidagilardir:
«...Va mo‘min qavmlarning ko‘ngillariga shifo beradir» (Tavba surasi, 14-oyat).
«Ey odamlar! Sizga o‘z Rabbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi» (Yunus surasi, 57-oyat).
«Biz Qur’onni mo‘minlar uchun shifo va rahmat o‘laroq nozil qilurmiz...» (Isro surasi, 82-oyat).
«...U iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir...» (Fussilat surasi, 44-oyat).
«...Unda (asalda) odamlar uchun shifo bordir...» (Nahl surasi, 69-oyat).
«Bemor bo‘lganimda menga shifo beradigan ham Uning O‘zi» (Shuaro surasi, 80-oyat).
Qur’oni karimni tilovat qilish, eshitish, amal qilish va har bir ishda undagi hukmlarga tayanib ish ko‘rishdan chetlashmang!
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.
[1] Imom Ahmad rivoyati.