Manbashunoslik fani tamoyillariga ko‘ra, muayyan yozma manba qo‘lyozmalarining turli mintaqalarda ko‘plab saqlanib qolganligi bir jihatdan, uning keng istifoda qilinganiga dalil bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘sha asarning o‘z yo‘nalishida muhim qiymatga ega bo‘lganiga dalolat qiladi. Ushbu omillar Sa’duddin Taftazoniyning kalomga doir yozma merosida ham mavjud bo‘lib, zero, uning zamirida allomaning ilmiy salohiyati yotadi.
Sa’duddin Taftazoniyning kalom ilmiga oid eng keng tarqalgan asari bu – “Sharh al-Aqoid an-nasafiya”dir. Bu asar 1367 yili Xorazmda yozib tugatilgan. Bir jihatdan, u yozilganidan buyon ta’lim dargohlarida asosiy darslik sifatida o‘qitib kelinsa, ikkinchi tomondan insoniyat tarixidagi yirik musulmon imperiyalarda ham davlat rahbarlari uni alohida o‘rganganlar va o‘sha hukmdorlarga atab ba’zi olimlar unga sharh va hoshiyalar yozganlar. Bunga misol sifatida Usmonli saltanatini keltirish mumkin. Xususan, Sulton Boyazid II ga ham ustozi Mavlo Salohuddin tomonidan “Sharh al-Aqoid an-nasafiya” o‘qitilgan va u ushbu shogirdining taklifiga binoan asarga hoshiya ham yozgan edi.
Bundan tashqari, Muhammad Qosim “Hoshiya al-Xayoliy alo Sharh al-Aqoid an-nasafiya”ga hoshiya yozib, uni Ashtarxoniylar sulolasining uchinchi vakili Buxoro xonligining hukmdori bo‘lgan Imomqulixon ibn Dinmuhammadga atagan.
Tadqiqotchilar “Sharh al-Aqoid an-nasafiya” asarini o‘rganish jarayonida turli asrlarda yashab ijod qilgan hanafiy, shofiiy va molikiy mazhabi olimlari tomonidan 97 ta sharh, hoshiya va ta’liq yozilganligini aniqlaganlar.
Masalaning muhim jihati shundaki, asarga sharh va hoshiya yozganlar qatorida Sa’duddin Taftazoniyga zamondosh bo‘lgan I’zzuddin Muhammad ibn Abu Bakr Hamaviy va Mavlo Muhammad ibn Qozi Manyos kabi olimlarning ham mavjudligi tahsinga sazovordir.
Shuningdek, unda keltirilgan hadislar taxrijiga oid alohida asarlar ham bitilgan. Bu esa, allomaning zamondosh olimlar tomonidan yuksak e’tirofi bo‘lib, u manbaning ahamiyatini belgilovchi muhim omillardan sanaladi. Lekin mazkur olimlarning sharhlari bugungi kungacha yetib kelgan bo‘lsa-da, hali hanuz nashr etilmagan.
Nashr etilgan hoshiyalar haqida gapirganda “Ibn Jamoat” nomi bilan tanilgan Abu Abdulloh I’zuddin Muhammad ibn Abu Bakrning “Hoshiya alo Sharh al-aqoid an-nasafiya”;
Shamsuddin Ahmad ibn Muso Xayoliyning “Hoshiya alo Sharh al-aqoid an-nasafiya”, “Kastaliy” nomi bilan tanilgan Muslihuddin Mustafo ibn Muhammadning “Hoshiya alo Sharh al-aqoid”, “Qora Xalil” nomi bilan tanilgan Qoziaskar Qora Xalil Afandi ibn Hasanning “Hoshiya alo Sharh al-aqoid” va boshqa shu kabi 40 dan ortiq chop etilgan hoshiyalarni e’tirof etishimiz mumkin.
Bundan tashqari “Sharh al-Aqoid an-nasafiya” asariga yozilgan va hali hanuz aniqlanmagan 100 ga yaqin hoshiya va sharhlar tadqiqotchilarni kutib turibti
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, Sa’duddin Taftazoniyning hanafiy-moturidiy ta’limoti bo‘yicha eng keng tarqalgan va foydalaniladigan asari “Sharh al-Aqoid an-nasafiya”dir. Zero, u sharh bo‘lishiga qaramasdan, shu paytgacha ta’lim tizimida unumli foydalanib kelinmoqda. Shuningdek, asrlar osha mashhur olimlarning diqqat markazida bo‘lib, sharh, hoshiya va ta’liqlar bitilgan.Bu esa, ushbu manba nafaqat tarixda o‘tgan turli adashgan firqalar qarashlarini tanqidiy o‘rganishda, balki, zamonaviy radikal oqimlarga ilmiy raddiyalar berishda ham muhim ilmiy ahamiyat kasb etadi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Bosh mutaxassisi
“Sharhu aqoidi Nasafiya” asarini o‘zbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasi hamda
uning android va multimedia dasturlarini tayyorlash bo‘yicha loyiha a’zosi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati