Alloh taolo marhamat qiladi: «Alloh barcha jonivorni suvdan yaratdi. Ulardan qorni bilan (sudralib) yuradiganlari ham, ikki oyoqda yuradiganlari ham, to‘rt (oyoq)da yuradiganlari ham bordir. Alloh O‘zi xohlagan narsani yaratur. Albatta, Alloh barcha narsaga qodirdir!» (Nur surasi, 45-oyat). Ushbu oyatda barcha hayvonotning asli suv ekani bayon qilingan. Mazkur suvning tafsiri haqida ikki xil qavl bor: birinchisi, tabiiy suv, ikkinchisi – nutfa.
“Nutfa”ning lug‘aviy ma’nosi “tomchi suv” bo‘lib, istilohda erkaklik urug‘i ma’nosida ishlatiladi. Shunga ko‘ra, ba’zi ulamolar nazdida oyatdagi “suv”dan nutfa iroda qilingan.
Birinchi qavl tarafdorlari fikriga ko‘ra, Alloh taolo dastlab suvni, suvdan shamol, nur, olov va tuproqni yaratgan. Nurdan farishtalarni, olovdan jinlarni, tuproqdan Odamni xalq qilgan. Hayvonotu nabototni ham suvdan yaratgan: «Va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni (ko‘rmadilarmi?)» (Anbiyo surasi, 30-oyat). Barcha hayvonlar dastlab dengizlarda yaratilgan. So‘ngra ularning ba’zilari quruqlikka chiqqan va zamonlar o‘tishi natijasida quruqlik tabiatiga moslasha borgan.
Ikkinchi qavl tarafdorlari fikriga ko‘ra, Alloh taolo barcha xaloyiqni erkaklik “suv”idan yaratgan. Faqat ba’zilari, masalan, Iso alayhissalom Jabroil alayhissalomning Maryam yoqasiga puflagan nafasidan, mevalarning qurtlari esa mevalardan yaratilgan.
Ulamolar bu oyat ikki xil ma’noga dalolat qiladi deganlar:
1. Bu oyatda Alloh taoloning ilmi va qudrati cheksiz ekani bayon qilingan. Chunki mazkur xilma-xil hayvonlarning xususiyatlari o‘zlarining asliy sifatlari emas, balki oddiy suvdan aqllar hayratda qoladigan ana shunday narsalarni paydo qilgan Zotning ilmi va qudrati cheksizligini namoyon qiladi;
2. Bu oyatda bashariyatning ojizligi bayon qilingan. Ya’ni, butun bashariyatning eng oqillari Yaratuvchining barcha jonivorlarni qanday qilib suvdan yaratganini bilish uchun jamlansalar ham, uni aslo idrok qila olmaydilar. Chunki bu yaratishda aslida suvning ham, yaratilgan narsalardagi unsurlarning ham biror ahamiyati yo‘q, balki bularning barchasi Buyuk Yaratuvchining irodasidir. Agar U Zot xohlaganida, ularni suvdan emas, boshqa narsadan yoki hech bir narsasiz yaratishi ham mumkin edi.
Abdulqodir ABDURRAHIM,
Imom Buxoriy nomidagi
Toshkent islom instituti
Aqoid va fiqhiy fanlar kafedrasi dots.nti,
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (RhD).
Bismillahir Rohmanir Rohiym
2026 yilning 16 iyun kuni – yangi 1448 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2026 yilning 25 iyun, payshanba kuniga to‘g‘ri keladi.
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD