Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446

EZGULIKKA CHORLOV

28.08.2024   15692   4 min.
EZGULIKKA CHORLOV

Hidoyat sari

Hojilar ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlarida faol qatnashmoqda

 

Bugungi kunda mamlakatimiz rivojlanishining ma’naviy asoslarini mustahkamlash, milliy qadriyatlarimiz, an’ana va urf-odatlarimizni asrab-avaylash dolzarb masalalardan biri. Hozirgi murakkab davrda adashganni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, yiqilganni suyash, mehr-oqibat ko‘rsatish, yosh avlod qalbi va ongiga ona yurtga muhabbat va sadoqat, tinch-osoyishta hayotimizning qadriga yetish, shukronalik tuyg‘ularini chuqur singdirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mana shunday savobli ishlarda nuroniylar, mahalla faollari, imom-xatiblar, muborak haj ziyoratidan qaytgan otaxonu onaxonlarning o‘rni benihoya kattadir. 

Islomning barcha — besh ruknini bajargan odam chinakam saodatlidir. Ayniqsa, hojilik — alohida mas’uliyat talab etadigan maqom. U ham jismo­nan, ham ruhan bajariladigan ulug‘ ibodat­. Bu haqda Qur’oni karimda: “Yo‘lga qodir bo‘lgan kishi zimmasida Alloh uchun Baytni haj qilish (farzi) bordir” (Oli Imron surasi, 97-oyat), deya marhamat qilinadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh uchun haj qilsa, fahsh so‘z aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasi tuqqan kunidek (begunoh) qaytadi” (Buxoriy rivoyati), deganlar.

Bu yil yurtimizdan o‘n besh ming yurtdoshimiz ana shunday baxtga muyassar bo‘ldi. Makka va Madina shaharlaridagi mehmonxonalarda, shuningdek, Mino, Arafot, Muzdalifa manzillarida hamyurtlarimiz uchun barcha sharoit hozirlangani, 300 nafar guruh rahbari, 50 nafar oliy toifali shifokor, oshpazlar va boshqa ko‘makchilar ular xizmatida bo‘lgani hojilarimizning haj ibodatini bekamu ko‘st ado etishiga zamin yaratdi. 

E’tiborlisi, bu yilgi haj mavsumida tarixiy voqea sodir bo‘ldi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Makka shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefon orqali muloqot qildi. Prezident haj mavsumi jarayonlari, vatandoshlarimiz uchun yaratilgan sharoitlar, ularning salomatligi va kayfiyati haqida so‘ragani barchani cheksiz mamnun etdi.

Davlat rahbari suhbat asnosida yurtdoshlarimizning muqaddas haj ibodatini mukammal ado etib, sog‘-omon kelishlarini tiladi. O‘zbekistonga qaytgach, hojilar jamiyatdagi mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi va oilalar totuvligida ibrat bo‘lishlariga umid bildirdi.

O‘z navbatida, yurtimizdan borgan hojilar muftiy boshchiligida Arafot vodiysida turib, Vatanga qaytgach, o‘z mahallalarida yosh avlod tarbiyasi va ma’naviy kamolotiga munosib hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini bildirib, murojaat qabul qilgan edi.

Bugungi kunda bu so‘zlar amalda o‘z isbotini topmoqda. Hadisi sharifda ta’kidlangan: “Insonlarning Alloh taologa eng seviklisi odamlarga ko‘p manfaati yetkazadiganidir” (Imom Tabaroniy rivoyati), so‘ziga amal qilib, hojilar xalqimiz manfaati yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda.

Ayni kunlarda yurtimiz bo‘ylab 11 ming nafardan oshiq hojilar o‘z hududidagi imom-xatib, mahalla faollariga ko‘makchi bo‘lib, mahallama-mahalla yurib, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etmoqda. Jarayonda ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, notinch, ajrim yoqasida turgan hamda moddiy va ma’naviy ko‘mak zarur bo‘lgan oilalar holidan xabar olinib, ularga har tomonlama yordam berilmoqda. Shu vaqtga qadar 17 566 ta ma’rifiy tadbir o‘tkazilib, minglab fuqarolar qamrab olindi.

Natijada oilaviy nizolarni bartaraf etish, ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish, yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish kabi turli masalalarni ijobiy hal etishga erishildi. O‘nlab fuqarolar ishga joylandi. Mazkur davr mobaynida 155 dan oshiq uy-joylar ta’mirdan chiqarildi. Ehtiyojmand oilalarga 946 million so‘mdan ziyod moddiy yordam ko‘rsatilib, bir milliard so‘mdan ortiq oziq-ovqat mahsulotlari ulashildi.

E’tiborlisi, katta hayot tajribasiga ega hoji ota, hoji onalarning fidoyiliklari o‘z samarasini bermoqda. Ularning bunday sa’y-harakatlari bilan xalqimizning ma’naviyati, ma’rifati yanada oshmoqda. Bunday e’tibordan yurtdoshlarimiz ham minnatdor bo‘lib, o‘z tashakkurlarini izhor etayotganidan bilish mumkinki, yurtimizda inson qadri tobora yuksalmoqda.

Mana, qariyb bir oy mobaynida, yoshlar tarbiyasi, oilalar totuvligi, adashgan yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, qo‘yingki, inson manfaatlariga xizmat qiladigan, jamiyat ravnaqiga hissa qo‘shadigan har qanday ish borki, albatta, bu jarayonda hojilarning sa’y-harakatlari, yo‘l-yo‘riq va tavsiyalari barchaga manzur bo‘lmoqda.

Bunday ezgu tashabbus va xayrli amallar ortar ekan, ularning fayzu barokatidan elu yurt yanada farovon, tinch-osoyishta bo‘ladi, insha Alloh.

 

Zayniddin ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari.

                                                         

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Birinchi o‘qilgan juma namozi

31.01.2025   1167   1 min.
Birinchi o‘qilgan juma namozi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ كَعْبِ بْنِ مَالِكٍ t - وَكَانَ يَقُودُ أَبَاهُ بَعْدَ ذِهَابِ بَصَرِهِ - قَالَ: كَانَ أَبِي إِذَا سَمِعَ النِّدَاءَ يَوْمَ الْجُمُعَةِ تَرَحَّمَ لِأَسْعَدَ بْنِ زُرَارَةَ، فَسَأَلْتُهُ عَنْ ذَلِكَ، فَقَالَ: لِأَنَّهُ أَوَّلُ مَنْ جَمَّعَ بِنَا فِي هَزْمِ النَّبِيتِ مِنْ حَرَّةِ بَنِي بَيَاضَةَ فِي نَقِيعٍ، يُقَالُ لَهُ نَقِيعُ الْخَضِمَاتِ، قُلْتُ: كَمْ أَنْتُمْ يَوْمَئِذٍ؟ قَالَ: أَرْبَعُونَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ حِبَّانَ وَالْبَيْهَقِيُّ.

Abdurrahmon ibn Ka’b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Otalarining ko‘zi ojiz bo‘lib qolgach, u kishi yetaklab yurar edilar: «Otam qachon juma kuni azonni eshitsa, As’ad ibn Zurorga rahmat tilar edi. Men bu haqda so‘radim. U kishi: «Chunki u bizga ilk bor Naqiy’ul Xazimot deb nomlanadigan «Naqiy’»da Banu Bayoza Harrasining «Hazmun nabiyt»ida juma o‘qitgan kishidir», – dedi. Men: «O‘sha kuni necha kishi edinglar?» – dedim. U kishi: «Qirqta», – dedilar».

Abu Dovud, Ibn Hibbon, Bayhaqiy rivoyat qilishgan.

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: إِنَّ أَوَّلَ جُمُعَةٍ جُمِّعَتْ بَعْدَ جُمُعَةٍ فِي مَسْجِدِ رَسُولِ اللهِ r فِي مَسْجِدِ عَبْدِ الْقَيْسِ بِجُوَاثَى مِنَ الْبَحْرَيْنِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlaridagi jumadan keyingi o‘qilgan birinchi juma Bahraynda, Juvosodagi abdulqaysliklar masjididagi edi» (Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilishgan).

«Juma haqidagi oyat va hadislar» kitobidan

Maqolalar