Ma’naviy yuksalish
Haj ziyorati har bir musulmonning orzusi. Ne baxtki, bunday ezgu niyatga yangi O‘zbekistonimizda hech bir qiyinchilik va to‘siqlarsiz erishilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlovi va tashabbusi bilan haj va umra amallarini bekamu ko‘st ado etish uchun barcha imkoniyatlar va qulay sharoitlar yaratilmoqda. Yil sayin haj kvotasi oshirilib, so‘nggi yetti yilda 60 mingdan oshiq yurtdoshimiz muborak ibodatni ado etib qaytgani fikrimiz tasdig‘idir. Joriy yilgi haj mavsumida ham o‘n besh mingdan ziyod hamyurtimiz hojilik maqomiga erishdi.
Shu o‘rinda o‘tmishni bir eslaylik. Qanchadan-qancha ajdodlarimiz bu muborak ibodat orzusida dunyodan o‘tdi. Shukrlar bo‘lsinki, ajdodlarimiz orzu qilgan kunlar bizlarga nasib qildi. Yurtmizda Vatan taraqqiyoti, xalq farovonligi yo‘lida olib borayotgan oqilona siyosat o‘z samarasini bermoqda. Diniy-ma’rifiy sohaga ko‘rsatilayotgan e’tibor sabab bu yilgi haj mavsumi ham o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki kayfiyatda amalga oshirildi.
E’tiborlisi, “Haj – 2024” mavsumi hojilarimiz uchun esda qolarli darajada yakuniga yetdi. Ayniqsa, Madinai munavvara va Makkai mukarramada yurtimiz mo‘min-musulmonlari uchun yaratilgan shart-sharoitlarga ko‘plab musulmonlarning havasi kelgani bor gap. Mehmonxonalar, Mino, Arafot vodiylaridagi sharoit va imkoniyatlar, tibbiy va transport xizmatlari barchaga manzur bo‘ldi. Mamlakatimiz yetakchisining muftiy, shayx Nuriddin Holiqnazar hazratlari bilan telefon orqali suhbati hojilarimizni yanada ruhlantirdi. Bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rlik hojilarni ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishdek ezgu ishga ruhlantirdi.
Bundan bir muddat avval Prezidentimiz: “Ibrat domlaning “Ulamo g‘ayrat etkanda millat, albatta, isloh topur”, degan hikmatli so‘zlarini yodga olaylik. Ziyolilar, nuroniylar, haj va umraga borib kelgan yurtdoshlarimiz ma’naviyat targ‘ibotchisi bo‘lishi, odamlarni yaxshilikka boshlashi kerak”, deya ta’kidlagan edi. Ushbu so‘zlar diniy soha vakillari va hojilar faoliyatiga asos qilindi. Hozir mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish uchun qator chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Shu o‘rinda hojilarimiz “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz!” shiori ostida tashabbus ko‘rsatib, o‘z mahallalarida barchaga o‘rnak bo‘lmoqda. Bu faoliyatni to‘g‘ri tashkil etishi uchun “Yangi O‘zbekiston fidoyisi” nomli ilmiy-uslubiy qo‘llanma yaratildi.
Xususan, shu kunlarda hududlardagi imom-xatib va imom noiblar o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda mahalla raisi va hojilar ishtirokida “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazmoqda. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron, kam ta’minlangan oilalar huzurida bo‘lib, yoshlarni yot oqimlar ta’siridan asrash, ularni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ilm olish va kasb-hunar egallashga qiziqtirish, ota-onasi va oilasini hurmat qilishga undash yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borishayapti.
Bundan tashqari, hojilarning har biri hududlardagi kam-ta’minlangan, yakka-yolg‘iz va yordamga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan, shaxslarga biriktirilgan edi. 2024 yil 26 avgust kuniga qadar hojilarimiz tomonidan ehtiyojmandlarga qiymati 163 million so‘mdan ziyod oziq-ovqat mahsulotlari xayriya qilindi. O‘ndan oshiq fuqaro ish bilan ta’minlandi. 19 nafar yurtdoshimizning uy-joyi ta’mirlandi. 421 nafar fuqaroning oilaviy ajrim, o‘zaro nizo va jinoyat sodir etilishining oldini olish bilan bog‘liq ijtimoiy masalalari ijobiy yechimini topdi.
Shuningdek, mingdan oshiq hojilarimiz hududlarda faoliyat olib borayotgan targ‘ibot guruhlari bilan birgalikda tadbirlarda qatnashib, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar orasida profilaktik suhbatlar o‘tkazdi, ularni to‘g‘ri yo‘lga o‘tishiga sababchi bo‘lishdi.
Bunday sa’y-harakatlarimizning besamar ketmayotgani qalbimizga yorug‘lik va huzur bag‘ishlashi barobarida ko‘ngli o‘ksik, ehtiyojmandlarga ham quvonch keltirmoqda. Bu esa davlatimiz rahbari belgilab bergan tamoyilning naqadar to‘g‘ri ekanini, taklif etilgan tashabbuslar zamirida uzoqni ko‘zlagan ezgu maqsad yotganini ko‘rsatdi.
Darvoqe, bugun xalqimiz erkin va ozod hayotga erishganining 33 yilligini katta tantana bilan nishonlayotgan bir paytda mahallalarda tichlik-osoyishtalik, obodlik, ma’naviy yuksalish sari olib borilayotgan bunday targ‘ibot va tashviqotlar mustaqilligimizni yanada mustahkamlab, “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida birdam bo‘lishga undaydi.
Bugun mana shunday shukuhli damlarda istiqlolimiz abadiyligini, muvaffaqiyatlarimiz bardavomligini Yaratgandan so‘rab, xayrli amallarimiz bilan yurt ravnaqiga hissa qo‘shishimizda Alloh taolo barchamizga madadkor bo‘lsin, deb qolamiz.
Musoxon ABBASITDINOV,
Namangan viloyati bosh imom-xatibi
So‘z – hojilar, ya’ni ma’naviyat va ezgulik targ‘ibotchilariga:
Abdulmajid hoji TO‘RAYEV,
Namangan shahri.
— Biz juda baxtiyor hojilardan bo‘ldik. Chunki davlatimiz rahbari telefon orqali muborak haj ibodati uchun yaratilgan sharoitlar, sog‘lik-salomatligimiz haqida so‘raganlari bizlarni cheksiz mamnun etdi. Arafot vodiysida Prezidentimizning Qurbon hayiti tabrigini O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqanazar o‘qib eshittirdi. Shu muqaddas joyda yuragimga bir maqsadni tugdim: Prezidentim hojilarga shunchalik e’tibor qaratibdilarmi, demak men ham shunga javoban hech bo‘lmasa mahallamdagi yoshlar tarbiyasiga mas’ul bo‘lib, mahalldoshlarim tinchligiga o‘z hissamni qo‘shaman.
Alhamdulillah, hozirda har dushanba kuni imom-domlalarmiz bilan mahallada yoshlarga o‘z misolimda bu yurtda mehnat qilgan odam xor bo‘lmasligini tushuntiryapman.
Sherqo‘zi hoji ISAQOV,
Mingbuloq tumani.
— Bu yilgi haj safari hayotimni tubdan o‘zgartirdi. O‘sha joylarda yurtimiz haqqiga, uning taraqqiyoti va tinchlik-osoyishtaligini so‘rab duolar qildim. Ilohim, bunday sharoitlarni yaratib berish tashabbuskori bo‘lgan Prezidentimizni Alloh hamisha qo‘llab-quvvatlasin.
Dunyoda o‘z o‘rnimizga ega bo‘lishni istasak, buyuk tariximiz bilan bir qatorda ma’rifatparvar jadid bobolarimiz qoldirgan ma’naviy merosni chuqur o‘rganib, ularning o‘gitlariga amal qilishimiz, Vatan taraqqiyoti uchun kuyib-pishadigan yangi avlodni tarbiyalashda har bir hoji o‘zining munosib hissasini qo‘shmog‘imiz lozim. Bu – bizning sharafli burchimiz.
Shu bois, biz hojilar yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, mahallamizdagi yoshlarimizni yot g‘oyalardan asrash, ularni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash, ilm va kasb-hunar egallashiga ko‘maklashish, oilalarda, jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash hamda ehtiyojmandlar holidan xabar olish ishlarida imom-domlalar bilan birgalikda targ‘ibot ishlarini olib bormoqdamiz.
Hazrat Alisher Navoiy aytganidek:
Odamiy ersang demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.
Mashhur ishbilarmon bilan bo‘lgan suhbatda undan hayotidagi esda qolarli voqea haqida so‘rashdi. U bunday hikoya qilib berdi:
«Bir kuni o‘zimda ikkilanish, taraddudni his qilib, ochiq havoda sayr qildim. Eshigi ochiq turgan bir masjid yonidan o‘tarkanman, o‘zimga-o‘zim: “Kirib ikki rakat namoz o‘qiy”, deya masjidga burildim. Unda bir kishi qiblaga yuzlanib, qo‘llarini ko‘targancha yolvorib duo qilayotgan ekan. Bildimki, biror muammosi bor. U duo qilib bo‘lgach, sekin oldiga bordim:
– Biror muammo bormi?
– Bo‘ynimda qarzim bor, – dedi u. – Shu meni bezovta qilyapti.
– Qancha?
– To‘rt ming.
Saxiyligim tutdi. Cho‘ntagimdan pul chiqarib, unga to‘rt ming berdim. U juda xursand bo‘lib ketdi va menga rahmat aytib, haqqimga duo qildi. Men tashrif qog‘ozimni berib: “Biror ehtiyojingiz bo‘lsa qo‘ng‘iroq qiling yoki ishxonamga keling”, dedim. Bu taklifdan yanada xursand bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Biroq uning javobi meni hayratda qoldirdi! U aytdiki: “Yo‘q, birodar! Alloh sizni mukofotlasin, bu tashrif qog‘oziga ehtiyojim yo‘q. Men biror ehtiyojim bo‘lsa, ikki rakat namoz o‘qib, qo‘limni duoga ochib, hojatimni Allohdan so‘rayman. Alloh tez orada hojatimni ravo qiladi. Xuddi hozir sizni bu yerga boshlab kelib, vosita qilganidek!..”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan bir hadis yodimga keldi: “Agar Allohga haqiqiy tavakkal qilsangiz, Alloh xuddi qushlarga rizq berib qo‘yganidek rizqingizni yetkazadi. Ular tongda hech vaqosiz chiqib ketib, kech bo‘lganda qorinlarini to‘yg‘azib qaytgani kabi”.
Masjiddan Alloh taoloning quyidagi oyatini takrorlab chiqdim: “Va barhayot, o‘lmaydigan Zotga tavakkal qil hamda Uni hamdu sano ila poklab yod et. Bandalarining gunohlaridan o‘ta xabardor bo‘lishda Uning O‘zi kifoyadir” (Furqon surasi, 58-oyat)».