Obuna – 2024
Donishmandlardan birining: «Agar rejangiz bir yillik bo‘lsa – sholi eking. O‘n yillik bo‘lsa – daraxt o‘tqazing. Agar bir asrlik bo‘lsa – farzandlaringizga ta’lim-tarbiya bering», degan hikmatli gapi bor.
Haqiqatan, har birimizning rejamiz bir asrlik. Niyatimiz ham shunga yarasha: xonadon ahllarimizning barchasiga sof Islom ta’limotini go‘zal tarzda yetkazish, ularni ma’rifatli qilish, ma’naviyatini yuksaltirishdir. Tabiiyki, bu jarayonda bizga eng yaqin ko‘makchi bu – “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasidir.
Mazkur nashrlarga 2025 yil uchun obuna mavsumi boshlandi.
“Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyi Davriy nashrlar bo‘limi mudiri T.Nizomov hamda Marketing va innovatsiyalar bo‘limi mudiri A.Yusupov Navoiy va Buxoro viloyatlarida xizmat safarida bo‘lib, viloyatlar, tumanlar va shaharlar bosh imom-xatiblari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Yig‘ilishlarda “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga 2025 yil uchun obuna mavsumini har yilgidan ko‘ra uyushqoq va ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, har bir xonadonga ziyo va ma’rifat kirib borishini ta’minlash zarurligi alohida qayd etildi.
– “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasi yildan-yilga mazmun-mundarijasi boyib, shaklan juda go‘zal bo‘lib boryapti, – deydi Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Tohir domla Ro‘ziyev. – Inshoalloh, 2025 yil uchun obunani ko‘p qilamiz. Juma mav’izalarida, to‘y va marosimlarda davriy nashrlarimiz targ‘ibotni kuchaytiramiz. Aslida, bu ham amri ma’ruf va nahyi munkardir. Zero, Imom Termiziy bobomiz rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Yaxshilikka dalolat qiluvchi yaxshilik qiluvchi kabidir”, deganlar.
Tadbirlar so‘ngida “Hidoyat” va “Mo‘minalar” jurnallari hamda “Islom nuri” gazetasiga 2024 yil uchun obuna mavsumida jonbozlik ko‘rsatgan masjidlar hamda tumanlar bosh imom-xatiblari “Shamsuddinxon Boboxonov” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tomonidan sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Hidoyat.uz
Hakimul ummat, Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy quddisa sirruh bunday deydilar: “Qalbga, biron yaxshi amalni qilib olayin, degan uy kelishi so‘fiylar istilohida “vorid” deyiladi. Ya’ni, men shu savob ishni qilayin, namoz o‘qib olayin, tahajjudga turayin, sadaqa berayin, birodarimga yordam qilayin, do‘stimning g‘amini ketkazayin, degan kabi o‘ylar kelishini “vorid” deydilar.
“Vorid” Alloh taolo tarafidan kelgan mehmondir. Agar sen bu mehmonni biroz bo‘lsa ham izzat qilsang, mehmonnavozlik ko‘rsatsang, u holda u yana keladi. Qaysi yaxshi amalni qilish fikri qalbingga kelsa, o‘sha zahoti uni bajarish mehmonnavozlikdir. Agar sen bir martta mehmonnavozlik qilmasang, u mehmon juda hurmatga sazovor bo‘lgani sababli huzuringa boshqa kelmay qo‘yadi. Uning qaytib kelmay qolishidan panoh so‘ragin. U mehmon qaytib kelmay qolishi, degani, endi qalbga yaxshi amal qilish fikri kelmaydi deganidir. Alloh taolo saqlasin. Qalbga muhr bosilsa, zang qoplasa, ana o‘shanda yaxshi amal qilish fikri kelmay qoladi".
“Nasihatlar guldastasi”dan.