Bobo-buvim hayotligida qishlog‘imizdan ko‘pchilik turli masalalar yuzasidan biznikiga maslahat so‘rab kelishi hanuz esimda. Ayniqsa, qiz chiqarmoqchi, o‘g‘il uylantirmoqchi bo‘lganlarning aksari ulardan bemaslahat ish qilmasdi. Qarindoshlarning biror ma’raka-to‘yi ularsiz o‘tmasdi. Chunki ular bosh bo‘lgan biror oilada gap qochmagan.
Bir kuni bir hamqishlog‘imiz qizini chiqarmoqchi bo‘lib maslahatga keldi. Kimga quda bo‘layotgani aytganida, bobom ularni uncha xushlamadi. Buvim bir so‘z bilan “bo‘lmaydi” dedi. Mehmon ularning o‘ziga to‘q va boshqa sifatlarini maqtay ketdi. Shundan so‘ng ular “O‘zingiz bilasiz, bizga ma’qul emas”, deyishdi. Lekin tez orada to‘y bo‘lib o‘tdi.
Bobo-buvimning hayot tajribasi o‘z so‘zini aytdi. Ko‘p o‘tmay, yosh oila buzildi. Quda tomon “qiz tengimiz emas ekan”, deb uyiga qaytarib yubordi. “Qari bilganni pari bilmas” degan naql bejiz aytilmagan...
Bugun ham nikoh to‘ylarimiz duogo‘y, yoshi ulug‘ otaxonu onaxonlar bilan bamaslahat qilinsa, balki ajrimlar kamayarmidi?!.
* * *
Bolalik chog‘ida bobo-buvilarimizning o‘ziga xos tarbiya uslubi butun umr yodda qolarkan. Kunlarning birida uch aka-uka qo‘shni bolalar bilan janjallashib qoldik. Ular ikki kishi bo‘lgani uchun yengildi. Biz g‘olib bo‘ldik. Bu ishimiz bobomning qulog‘iga yetgach dakki eshitdik. “Senlar uch kishi bo‘lib, ikki kishini urasanlar” deya adolat tushunchasidan saboq bergandi. Bobom biz yolg‘on gapirsak yoki biror nojo‘ya ish qilsak, bir-ikki og‘iz so‘z bilan esdan chiqmas tarbiya berib qo‘yardi.
Buvim ko‘p xalqona she’ru qo‘shiqlar o‘rgatsa, bobom turli kalimalarni o‘rgatardi. Keyin aqlimni tanib bildimki, bobom bizga bu kalimalarni bejiz o‘rgatmagan ekan. Chunki ular iymon kalimalari bo‘lib, kishini ikki dunyo saodatiga boshlovchi yo‘l ekan.
Xo‘sh, bugun biz ota bo‘lib, farzandlarimizga nimani o‘rgatyapmiz, qanday tarbiya beryapmiz?.
Mo‘min QOBIL
Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohadagi keng ko‘lamli islohotlar xalqaro ekspertlar tomonidan yuksak baholanmoqda. Bu o‘zgarishlar zamirida zaminimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar, shaxslar, ilm-fanga ulkan hissa qo‘shgan mashhur ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, boy ilmiy merosini keng targ‘ib qilish ishlari mujassam.
Samarqand shahrida o‘tkazilgan "Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman fikrimizni tasdiqlaydi. Ushbu nufuzli anjumanda "Imom Moturidiy va uning izdoshlari ilmiy merosining islom ilmlari rivojidagi o‘rni", "Moturidiylik ta’limotida umuminsoniy qadriyatlar talqini", "XXI asrda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" kabi sho‘balarda muhokamalar bo‘lib o‘tdi. Muftiylar, ilm-fan arboblari va ilmiy tadqiqotchilar o‘z ma’ruzalarida buyuk bobomizning ilmiy merosi, moturidiylik ta’limotining mohiyati kabi muhim masalalarda so‘z yuritdi.
Tadbirda Misr, Turkiya, Malayziya, Indoneziya, BAA, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Qatar, Pokiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kabi 20 dan ortiq davlatdan 70 dan ziyod muftiy, nufuzli islomshunos olimlar, davlat va jamoat arboblari, moturidiyshunos tadqiqotchilar, tarixshunoslar va diniy-ma’rifiy soha vakillari qatnashdi.
Jamoliddin Karimov,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: "Yangi O‘zbekiston" gazetasi 2025 yil 1 may, 88-son