31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni. Shu munosabat bilan Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yig‘ildi.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.
Ajdodlar haqiga Qur’on tilovat qilindi. Elga osh tortildi.
Bu marosim Mustaqillik bayrami bilan hamohang o‘tishi, millat oydinlari yodga olinishidan ko‘ngil entikadi. Bu Vatanga fidoyilik yillar o‘tsa-da qadrlanishi, hech bir ezgu ish izsiz ketmasligini anglatadi.
Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlarni shu ruhda tarbiyalash haqida muloqot bo‘ldi.
– Mustaqillik bayrami arafasida, bugungi tinchlik, erkinlik sharoitida qahramon bobolarimizning pok nomlarini eslash, tabarruk xotiralariga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham qarz, ham farz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shu bois dunyodan o‘tgan vatandoshlarimizning ham qadrini tiklayapmiz. “Inson – aziz, xotira – muqaddas” degan ezgu shior hayotimizdan mustahkam joy olayapti. Tabarruk yodgorlik majmualari bunyod etayapmiz. Ma’rifatparvar bobolarimiz haqida badiiy va ilmiy asarlar, kinofilmlar yaratilmoqda. “Xotira” kitoblari tayyorlanmoqda. Xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda. Mana, so‘nggi uch yil ichida 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatag‘on qurbonlarining nomini oqladik. Bu nimani anglatadi? Bu – adolat sinmasligini, haqiqat baribir tantana qilishini anglatadi.
O‘tgan yilgi marosimda davlatimiz rahbari joylardagi qatag‘on qurbonlarini aniqlash, bu borada tadqiqotlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.
Shu asosida joriy yil 19 iyul kuni “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, bu ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilib, Mudofaa vazirligi boshchiligida bir qator mutasaddi tashkilotlar biriktirildi.
Davlatimiz rahbari ushbu qarorning mohiyati va maqsadi haqida gapirdi:
– Shu paytgacha qatag‘on qurbonlarining to‘liq ro‘yxati shakllantirilmagan edi. Holbuki, bu ro‘yxatdagi har bir raqam ortida inson taqdiri bor. Shahid ketgan, qatag‘on qilingan har bir yurtdoshimizning hayoti – qahramonlik. Shu bois biz qarorda qatag‘on qurbonlarini nomma-nom aniqlash, ularning ibratli hayotini o‘rganish va tadqiq etish masalasiga alohida e’tibor qaratdik. Tarixiy haqiqatni tiklash maqsadida ularning tabarruk nomlarini ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobiga hamda mana shu majmuada barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga yozib qo‘yamiz. Afsuski, chet davlatlarda, hatto o‘zimizdagi arxivlarda bu masalaga oid barcha ma’lumotlarni ham to‘liq o‘rganganimiz yo‘q. Shu sababli, bu borada ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish belgilandi. Endi har yili oktyabr oyining birinchi haftasini mamlakatimizda Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlaymiz.
Nima uchun bu vaqt tanlandi? Chunki 1938 yil 4-16 oktyabr kunlari 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm o‘qilgan. Eng yetakchi shaxslar qatl etilgan. Ular orasida Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Xudoybergan Devonov kabi yetuk ziyolilarimiz, Germaniyada o‘qib kelgan ilg‘or mutaxassislar, taniqli davlat va jamoat arboblari bo‘lgan. Eng dahshatli tomoni – ular 4 oktyabrda qatl etilgan, hukm 5 oktyabrda chiqarilgan.
- Bu sana xalqimiz tarixidagi eng qayg‘uli kunlardan biridir. Shuning uchun bu haftalikni katta tayyorgarlik bilan, birdamlikda o‘tkazishimiz kerak, – deya ta’kidladi Prezident.
Qarorga ko‘ra, mazkur haftalik davomida aholi o‘rtasida uchrashuvlar, turli ko‘rgazma va tanlovlar, shu mavzudagi kino namoyishlari o‘tkaziladi. Viloyat, tuman va shaharlar hokimlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, boshqa mas’ul shaxslar qatag‘on qurbonlari yashab o‘tgan xonadonlarga kirib, ularning avlodlaridan xabar oladi.
Fidoyi ajdodlarimiz tug‘ilib o‘sgan, yashagan xonadonlarga esdalik lavhalari o‘rnatiladi. Ular yashagan mahallalar va maktablarda Xotira burchaklari tashkil etiladi.
Shu tariqa odamlar qatag‘onga uchragan mahalladoshlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishadi. Mustaqillik qanday og‘ir yo‘qotishlar evaziga qo‘lga kiritilgan buyuk ne’mat ekanini anglab yetadi. Xalqimiz qanday mash’um kunlarni boshdan kechirganini tushunadi. Fidoyi ajdodlarimiz eng og‘ir paytlarda ham vijdonini, milliy o‘zligini saqlab qolganini yurakdan his qiladi.
Muloqotda Bosh vazirga ushbu ishlarni tashkil etish va ijrosini nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ma’lumki, so‘nggi yillarda Toshkentdagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilinishi bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda ham shunday muzeylarni tashkil etildi. Ayniqsa, Andijon, Buxoro, Qarshi, Farg‘ona viloyatlaridagi muzeylar e’tiborga molik.
Prezident bunday xayrli ishlarni davom ettirish, jadidlar hayotiga oid noyob hujjat va eksponatlar bilan jamoatchilikni kengroq tanishtirish kerakligini ta’kidladi.
– To‘g‘ri, keyingi vaqtlarda bu boradagi ishlarimiz yangi bosqichga ko‘tarildi. Ko‘p noma’lum nomlar aniqlandi. Kitoblar, kinolar chiqarildi. Lekin buyam kam. Bu borada ham mahallabay izlanish olib borish, bunga barcha ziyolilar, nuroniylar, huquq himoyachilari hissa qo‘shishi maqsadga muvofiq. Bu qadriyatga, umummilliy harakatga aylanishi kerak, – dedi davlat rahbari.
Tadqiqotchilarni moddiy rag‘batlantirish, arxiv ma’lumotlarini ochiqlash, tarixni yoshlarga to‘g‘ri yetkazish muhimligi qayd etildi.
– Biz nima uchun Imom Buxoriy muzeyini tashkil qilayapmiz? Nima uchun tarixiy kinolar ishlatayapmiz? Chunki eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi. Yoshlarimiz tariximizni yaxshi bilishi, boshqalardan emas, o‘zimizning bobolarimizdan namuna olishi kerak. Buning asosini mukammal qilib, yoshlarga munosib tilda, qiziqarli tarzda, ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazish, jamiyatga singdirish zarur. Yosh avlodni shu ruhda tarbiyalasak, o‘z tanlagan yo‘limizdan qat’iy bora olamiz, – dedi davlatimiz rahbari.
Dunyoda xavf-xatarlar kuchayib, milliy o‘zlik, ezgulik, qadriyat kabi tushunchalar zavolga yuz tutayotgani yodga olinar ekan, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikning qadri yaqqol namoyon bo‘ladi.
– Mustaqillik – Alloh taoloning el-yurtimizga eng katta marhamati, ne’mati. Har bir kun, har bir yilning qadriga yetib, shukronalik hissi bilan yashash kerak. Ajdodlarimizni e’zozlash, xalqni rozi qilish bo‘yicha savob ishlarni ko‘p qilsak, Xudo doimo yo‘limizni ochib beradi, – dedi Prezident.
Vatan manfaati yo‘lida fido bo‘lganlarning oxiratlari obod bo‘lsin, tinch-osoyishta yurtimizni Parvardigor o‘z panohida asrasin, deya duolar qilindi.
2025 yilgi Haj safarida ishtirok etgan yurtdoshlarimiz “Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari” tashabbusi doirasida faol ish olib bormoqdalar. Ushbu tashabbus doirasidagi navbatdagi namunaviy-amaliy tadbir Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, tadbirga boshchilik qildi. “Sayyid Ahmadxon hoji” jome masjidida o‘tkazilgan yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Ishchi guruh uch yo‘nalishda faoliyat olib bordi. Jumladan:
– Hajdan qaytgan ziyoratchilar ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi;
– 65 ta oilaga borilib, ma’naviy suhbat va amaliy yordamlar ko‘rsatildi;
– 9 ta xonadondagi ruhiy-ma’naviy qiyinchiliklar o‘rganilib, maslahatlar berildi.
– Oilaviy kelishmovchilik sababli notinch bo‘lib turgan oilalarga suhbat va nasihatlar o‘tkazildi. Natijada 2 ta arazlashgan oila yarashtirilib, 1 ta ajrimning oldi olindi;
– Sudlanganlar, jazo muddatini o‘tayotganlar hamda ularning oilalari bilan muloqot qilindi.
– Nogiron va ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, moddiy-ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
Tumanning Taptiqsaroy mahallasida yong‘in oqibatida zarar ko‘rgan xonadonni qayta ta’mirlash ishlari homiylar va hojilar ko‘magida boshlab yuborildi. Bosh imom-xatib Ubaydulloh domla ushbu xonadonga tashrif buyurib, muloqot qildi hamda tavsiyalar berdi.
Bundan tashqari, “Doimobod” mahallasidan bo‘lgan, nogironligi bor fuqaroning uyiga ham tashrif uyushtirilib, tugallanmagan uy qurilishi uchun zarur qurilish materiallari yetkazildi.
Peshin namozidan so‘ng Ishchi guruh tarkibidagi iqtidorli imom-xatiblar jamoatga ma’ruza qilib, tinchlik, osoyishtalik va xalq farovonligi uchun duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati