Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447
Yangiliklar

Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi

31.08.2024   9220   6 min.
Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi

31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni. Shu munosabat bilan Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yig‘ildi. 

Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Ajdodlar haqiga Qur’on tilovat qilindi. Elga osh tortildi.

Bu marosim Mustaqillik bayrami bilan hamohang o‘tishi, millat oydinlari yodga olinishidan ko‘ngil entikadi. Bu Vatanga fidoyilik yillar o‘tsa-da qadrlanishi, hech bir ezgu ish izsiz ketmasligini anglatadi.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlarni shu ruhda tarbiyalash haqida muloqot bo‘ldi.

– Mustaqillik bayrami arafasida, bugungi tinchlik, erkinlik sharoitida qahramon bobolarimizning pok nomlarini eslash, tabarruk xotiralariga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham qarz, ham farz, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Shu bois dunyodan o‘tgan vatandoshlarimizning ham qadrini tiklayapmiz. “Inson – aziz, xotira – muqaddas” degan ezgu shior hayotimizdan mustahkam joy olayapti. Tabarruk yodgorlik majmualari bunyod etayapmiz. Ma’rifatparvar bobolarimiz haqida badiiy va ilmiy asarlar, kinofilmlar yaratilmoqda. “Xotira” kitoblari tayyorlanmoqda. Xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda.  Mana, so‘nggi uch yil ichida 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatag‘on qurbonlarining nomini oqladik. Bu nimani anglatadi? Bu – adolat sinmasligini, haqiqat baribir tantana qilishini anglatadi. 

O‘tgan yilgi marosimda davlatimiz rahbari joylardagi qatag‘on qurbonlarini aniqlash, bu borada tadqiqotlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. 

Shu asosida joriy yil 19 iyul kuni “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, bu ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilib, Mudofaa vazirligi boshchiligida bir qator mutasaddi tashkilotlar biriktirildi.

Davlatimiz rahbari ushbu qarorning mohiyati va maqsadi haqida gapirdi:

– Shu paytgacha qatag‘on qurbonlarining to‘liq ro‘yxati shakllantirilmagan edi. Holbuki, bu ro‘yxatdagi har bir raqam ortida inson taqdiri bor. Shahid ketgan, qatag‘on qilingan har bir yurtdoshimizning hayoti – qahramonlik. Shu bois biz qarorda qatag‘on qurbonlarini nomma-nom aniqlash, ularning ibratli hayotini o‘rganish va tadqiq etish masalasiga alohida e’tibor qaratdik. Tarixiy haqiqatni tiklash maqsadida ularning tabarruk nomlarini ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobiga hamda mana shu majmuada barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga yozib qo‘yamiz. Afsuski, chet davlatlarda, hatto o‘zimizdagi arxivlarda bu masalaga oid barcha ma’lumotlarni ham to‘liq o‘rganganimiz yo‘q. Shu sababli, bu borada ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish belgilandi. Endi har yili oktyabr oyining birinchi haftasini mamlakatimizda Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlaymiz.

Nima uchun bu vaqt tanlandi? Chunki 1938 yil 4-16 oktyabr kunlari 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm o‘qilgan. Eng yetakchi shaxslar qatl etilgan. Ular orasida Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Xudoybergan Devonov kabi yetuk ziyolilarimiz, Germaniyada o‘qib kelgan ilg‘or mutaxassislar, taniqli davlat va jamoat arboblari bo‘lgan. Eng dahshatli tomoni – ular 4 oktyabrda qatl etilgan, hukm 5 oktyabrda chiqarilgan.

Bu sana xalqimiz tarixidagi eng qayg‘uli kunlardan biridir. Shuning uchun bu haftalikni katta tayyorgarlik bilan, birdamlikda o‘tkazishimiz kerak, – deya ta’kidladi Prezident.

Qarorga ko‘ra, mazkur haftalik davomida aholi o‘rtasida uchrashuvlar, turli ko‘rgazma va tanlovlar, shu mavzudagi kino namoyishlari o‘tkaziladi. Viloyat, tuman va shaharlar hokimlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, boshqa mas’ul shaxslar qatag‘on qurbonlari yashab o‘tgan xonadonlarga kirib, ularning avlodlaridan xabar oladi.

Fidoyi ajdodlarimiz tug‘ilib o‘sgan, yashagan xonadonlarga esdalik lavhalari o‘rnatiladi. Ular yashagan mahallalar va maktablarda Xotira burchaklari tashkil etiladi. 

Shu tariqa odamlar qatag‘onga uchragan mahalladoshlari haqidagi ma’lumotlar bilan tanishadi. Mustaqillik qanday og‘ir yo‘qotishlar evaziga qo‘lga kiritilgan buyuk ne’mat ekanini anglab yetadi. Xalqimiz qanday mash’um kunlarni boshdan kechirganini tushunadi. Fidoyi ajdodlarimiz eng og‘ir paytlarda ham vijdonini, milliy o‘zligini saqlab qolganini yurakdan his qiladi.

Muloqotda Bosh vazirga ushbu ishlarni tashkil etish va ijrosini nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda Toshkentdagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilinishi bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda ham shunday muzeylarni tashkil etildi. Ayniqsa, Andijon, Buxoro, Qarshi, Farg‘ona viloyatlaridagi muzeylar e’tiborga molik. 

Prezident bunday xayrli ishlarni davom ettirish, jadidlar hayotiga oid noyob hujjat va eksponatlar bilan jamoatchilikni kengroq tanishtirish kerakligini ta’kidladi.

– To‘g‘ri, keyingi vaqtlarda bu boradagi ishlarimiz yangi bosqichga ko‘tarildi. Ko‘p noma’lum nomlar aniqlandi. Kitoblar, kinolar chiqarildi. Lekin buyam kam. Bu borada ham mahallabay izlanish olib borish, bunga barcha ziyolilar, nuroniylar, huquq himoyachilari hissa qo‘shishi maqsadga muvofiq. Bu qadriyatga, umummilliy harakatga aylanishi kerak, – dedi davlat rahbari.

Tadqiqotchilarni moddiy rag‘batlantirish, arxiv ma’lumotlarini ochiqlash, tarixni yoshlarga to‘g‘ri yetkazish muhimligi qayd etildi.

– Biz nima uchun Imom Buxoriy muzeyini tashkil qilayapmiz? Nima uchun tarixiy kinolar ishlatayapmiz? Chunki eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi. Yoshlarimiz tariximizni yaxshi bilishi, boshqalardan emas, o‘zimizning bobolarimizdan namuna olishi kerak. Buning asosini mukammal qilib, yoshlarga munosib tilda, qiziqarli tarzda, ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazish, jamiyatga singdirish zarur. Yosh avlodni shu ruhda tarbiyalasak, o‘z tanlagan yo‘limizdan qat’iy bora olamiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Dunyoda xavf-xatarlar kuchayib, milliy o‘zlik, ezgulik, qadriyat kabi tushunchalar zavolga yuz tutayotgani yodga olinar ekan, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalikning qadri yaqqol namoyon bo‘ladi.

– Mustaqillik – Alloh taoloning el-yurtimizga eng katta marhamati, ne’mati. Har bir kun, har bir yilning qadriga yetib, shukronalik hissi bilan yashash kerak. Ajdodlarimizni e’zozlash, xalqni rozi qilish bo‘yicha savob ishlarni ko‘p qilsak, Xudo doimo yo‘limizni ochib beradi, – dedi Prezident.

Vatan manfaati yo‘lida fido bo‘lganlarning oxiratlari obod bo‘lsin, tinch-osoyishta yurtimizni Parvardigor o‘z panohida asrasin, deya duolar qilindi.

Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi Shavkat Mirziyoyev: Eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ummatimga tahdid qilingan narsa keladi

11.07.2025   4801   4 min.
Ummatimga tahdid qilingan narsa keladi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ أَبِي مُوسَى t قَالَ: صَلَّيْنَا الْمَغْرِبَ مَعَ رَسُولِ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، ثُمَّ قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، فَخَرَجَ عَلَيْنَا رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: مَا زِلْتُمْ هَاهُنَا، قُلْنَا: نَعَمْ يَا رَسُولَ اللهِ، قُلْنَا نَجْلِسُ حَتَّى نُصَلِّيَ الْعِشَاءَ، قَالَ: أَحْسَنْتُمْ أَوْ أَصَبْتُمْ، ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ إِلَى السَّمَاءِ وَكَانَ كَثِيرًا مَا يَفْعَلُهُ فَقَالَ: النُّجُومُ أَمَنَةٌ لِلسَّمَاءِ فَإِذَا ذَهَبَتِ النُّجُومُ أُتِيَ السَّمَاءَ مَا تُوعَدُ، وَأَنَا أَمَنَةٌ لِأَصْحَابِي فَإِذَا ذَهَبْتُ أُتِيَ أَصْحَابِي مَا يُوعَدُونَ، وَأَصْحَابِي أَمَنَةٌ لِأُمَّتِي فَإِذَا ذَهَبَتْ أَصْحَابِي أُتِيَ أُمَّتِي مَا يُوعَدُونَ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.

Abu Muso roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Shom namozini o‘qidik. So‘ngra «Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik», dedik. Bas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldimizga chiqdilar va:

«Hali ham shu yerdamisizlar?» dedilar.

«Ha, yo Allohning Rasuli. Xuftonni o‘qigunimizcha o‘tirib turaylik, dedik», deb javob berdik.

«Yaxshi qilibsizlar» yoki «To‘g‘ri qilibsizlar», dedilar u zot. So‘ngra boshlarini osmonga ko‘tardilar. Ko‘pincha shunday qilar edilar. Ke­yin u zot:

«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir. Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi. Men sahobalarim uchun omonlikdirman. Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi. Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar. Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.

Ushbu hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlarida bo‘ladigan suhbatlardan birining mazmuni haqida so‘z ketmoqda. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning masjidlari o‘sha paytdagi Islom jamiyatining qalbi – yuragi ekanligi hammaga ma’lum. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning shaxslari musulmonlarga o‘rnak bo‘lganidek, u zotning masjidlari ham o‘zga masjidlarga o‘rnakdir. Islom jamiyatida har bir masjid o‘z qavmidan tashkil topgan kichik jamiyatning tinimsiz urib turgan yuragi bo‘lishi kerak.

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mazkur suhbatda sahobai kiromlarga ajoyib o‘xshatish ila o‘zlarining fazllarini bayon qilib bermoqdalar:

«Yulduzlar osmon uchun omonlikdir».

Yulduzlar osmonda tursalar, osmon omon bo‘ladi. Ular osmonning omonlik ishonchlaridir.

«Qachon yulduzlar ketsa, osmonga unga tahdid qilingan narsa keladi».

Osmonga tahdid qilingan narsa uning nizomining buzilishi va qiyomat qoim bo‘lishidir.

«Men sahobalarim uchun omonlikdirman».

Osmon yulduzlar bilan omon turganidek, sahobai kiromlar ham Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashar ekanlar.

«Qachon men ketsam, sahobalarimga ularga tahdid qilingan narsa keladi».

Sahobai kiromlarga tahdid qilingan narsa ularning oralarida xilof va kelishmovchiliklar kelib chiqishidir.

«Sahobalarim ummatim uchun omonlikdirlar».

Osmon yuduzlar bilan, sahobai kiromlar Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan tinch-omon yashaganlaridek, Islom ummati ham sahobai kiromlar bilan tinch yashar ekanlar.

«Qachon sahobalarim ketsalar, ummatimga ularga tahdid qilingan narsa keladir».

Islom ummatiga tahdid qilingan narsa havoi nafsga ergashish va molu dunyoga o‘ch bo‘lish kabi nuqsonlarga mubtalo bo‘lishdir.

Ushbu hadisi sharifdan sahobai kiromlarning fazllari qanchalik ulug‘ ekanligini bilib olishimiz kerak. Ana shunday ulug‘ fazl egalari bo‘lgan zotlarni hurmatlash va ulardan o‘rnak olish musulmon ummatining burchidir.


«Hadis va hayot» kitobining 21-juzidan olindi