Bismillahir Rohmanir Rohiym
Hijriy 1446 yil Robi’ul avval oyining 1-kuni 2024 yil 4 sentyabr chorshanba kuniga to‘g‘ri kelmoqda.
Sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam Fil yilida Robi’ul avval oyining o‘n ikkinchisi (ba’zi manbalarda 8, 9 yoki 10-kunlari), dushanba kuni (milodiy 571 yil, aprel oyida) dunyoga keldilar. U zot sollallohu alayhi vasallam dushanba kuni ro‘za tutib: “Bu men tug‘ilgan kun”, deb aytardilar (Imom Muslim rivoyati).
Robi’ul avval oyi qanday oy?
Hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha yilning (Muharram va safar oylaridan keyingi) uchinchi oyi. Bu oy Islom ummati uchun eng sevimli oylardan biri sanaladi. Chunki bu oyda Allohning so‘nggi payg‘ambari va habibi, sarvari koinot Muhammad alayhissalom tavallud topganlar. Shu bois bu oy “Mavlid oyi” deb ham nomlanadi.
Mavlid nima degani?
Mavlid lug‘atda “tug‘ilish” degan ma’noni anglatadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tavallud topgan oy Rabi’ul avval oyi munosabati o‘tkaziladigan marosim va tadbirlar “Mavlidi Nabiy” deyiladi.
Mavlid oyi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni yanada qattiqroq sevishga intilish, siyratlarini o‘rganish, u zotga har bir ishda ergashish, yanada ko‘proq salavotu durudlar yo‘llash oyidir.
Bu oyni qanday o‘tkazish kerak?
Bu oyni Payg‘ambar alayhissalomni yanada kuchliroq sevishga intilish, siyratlarini o‘rganish, u zotga har bir ishda ergashish, ko‘proq salavotu durudlar yo‘llash bilan o‘tkazish lozim.
Salavot nima degani?
“Salavot” so‘zi arab tilidagi “salot” so‘zining jami bo‘lib, “duo” degan ma’noni anglatadi.
Salavot qanday aytiladi?
Sahobalar roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Yo Rasululloh sizga salavot aytish qanday bo‘ladi?” deb so‘raganlarida U zot alayhissalom: “Allohumma solli a’la Muhammadin va a’la aali Muhammadin, kama sollayta a’la Ibrohiyma va a’la aali Ibrohiym. Innaka hamiydum majiyd. Allohumma barik a’la Muhammadin va a’la aali Muhammadin, kama barokta a’la Ibrohiyma va a’la aali Ibrohiym. Innaka hamiydum majiyd”, deb aytinglar, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Salavot aytishning qanday fazilatlari bor?
Salavot aytish baxillikdan uzoq qiladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Huzurida zikr qilinsam, menga salavot yo‘llamagan kishi baxildir”, dedilar (Imom Termiziy, Imom Ahmad rivoyati).
Salavot aytish duo qabul bo‘lishining omilidir.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Har bir duo Payg‘ambarga salavot aytilmaguncha, osmon o‘rtasidagi parda tufayli yerda to‘xtab turadi, salavot aytilsa, o‘sha parda ko‘tariladi”, dedilar.
Salavot aytish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning shafoatlariga noil etadi.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Menga juma kunida va juma kechasida ko‘p salavot aytinglar, bas kim shunday qilsa, men unga qiyomat kuni guvoh va shafoatchi bo‘laman”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Salavot aytish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqin qiladi.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni menga eng yaqin kishilar, albatta, menga ko‘p salavot aytganlardir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Alloh taolo salavot aytuvchilarning gunohini mag‘firat etadi, darajasini ko‘taradi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh unga o‘n marta salavot aytadi. Uning o‘nta gunohi o‘chiriladi. O‘n daraja yuksaltiriladi”, dedilar (Imom Nasoiy rivoyati).
Salavot aytuvchilarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eshitadilar.
Abdulloh ibn Abu Vafo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Juma kuni menga salavotni ko‘paytiringlar. Albatta, menga yetkaziladi va men eshitaman”, dedilar (Imom Ibn Moja rivoyati).
Allohumma solli va sallim ’ala Muhammadin va ’ala aali Muhammad.
Davron NURMUHAMMAD
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar, Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin!
Qalbim sururi, ko‘zim quvonchi bo‘lgan aziz farzandim! Siz dunyoga kelganingizda mendanda baxtli inson yo‘q edi. Ilk bor mustaqil qadam bosganingiz, “dadajon” deb, erkalanganingiz, telefon qilib “dada uyga qachon kelasiz?” deganingiz kechagidek yodimda.
Ko‘z ochib yumguncha bir zumda ulg‘aydingiz... Maktabda tengqurlaringiz orasida tarbiyangiz bilan ajralib turardingiz.
Yoshligingizdan orzu qilgan Toshkent Islom institutining talabasi bo‘lish baxtiga erishsin deya kechalari onangizning yig‘lab qilgan duolari, “Allohim farzandimga manfaatli ilm bergin” deb qilgan iltijolarim ijobat bo‘lganini eshitganimda ko‘z yoshlarimni tiyolmagandim. Yuzlab qorako‘zlar ichidan talaba bo‘lish baxti sizga nasib bo‘lgani uchun Robbimga hamdlar aytdim.
Mana oradan 4 yil o‘tdi. Bugun bu fayzli va muborak dargohni tark etmoqdasiz.
Ey Farzandim! Bugun fursatdan foydalanib, Sizga kichik bir nasihatni qilmoqchiman. Unga umringizning oxirgi lahzalarigacha amal qilishingizga Alloh tavfiq berishini so‘rab qolaman.
Aziz dilbandim! Siz endigina 4 bahorni ko‘rgan bolakay edingiz. Jajji qo‘llaringizdan tutib sizni bog‘chaga olib ketardim. Shunda do‘kondagi mashina o‘yinchog‘ini ko‘rib qolib, olib bering deb rosa xarxasha qilgandingiz. Olib berishni juda istardimku, ammo afsuski oldimda shu kichkinagina o‘vinchoqni olib berishga ham pulim yo‘q edi....Jonimni so‘rashsa sizga berishga tayyorman bolam... o‘zimdan afzal inson bo‘lishingiz uchun bor imkoniyatimni ishga solib harakat qilaman. Ba’zan duoda o‘zimni unutsamda, sizni aslo unutmayman.
Oradan yillar o‘tib, Rasulimiz alayhissalomning sunnatlariga muvofiq nikoh to‘yingizni o‘tkazdik. Shu kuni sizni muborak etgani so‘zga chiqqanimda sizga mendan arazlab, hatto gaplashmay qo‘yishingizga sababchi o‘sha kichkina mashinani topshirganimda juda uyalib, yuzlaringiz qizarib ketgandi...
Jonim bolam, niyatim sizni uyaltirish emas... Sizga faqat yaxshiliklarni tilayman. Sizga butun umringiz va oxiratingiz uchun kerak bo‘ladigan muhim bir saboqni amaliy tarzda yetkazgim keldi, xolos...
Unutmangki, kunlar o‘tib Allohning huzuriga qaytarilasiz. Bir kun aniq Robbimizning oldida turamiz. Alloh taolo har birimizning qilgan amalimizni birma-bir hisob-kitob qiladi. Shunday kunda ummati Muhammad bo‘lgan siz dilbandim amallaringizning juda oz va kichkinaligi bilan butun xaloyiqning oldida uyalib qolmang! Buning uchun har bir amalingizni xolis Alloh taolo uchun qiling! Hech kimni g‘iybat qilmang, boshqalarga hasad qilmang!
Unutmangki, siz Alloh taoloning dinini yetkazishdagi omonatdorsiz. Ulug‘ zotlarga ilm beshigi bo‘lgan ma’hadning vakilisiz. Siz ularga so‘zsiz munosib bo‘lishingiz kerak. Zero, xalqimiz muborak Islom dinimizni – imom timsolida ko‘radi.
Bizni zalolatdan hidoyatga, zulmatdan yorug‘likka, jaholatdan ma’rifatga, baxtsizlikdan saodatga olib chiqqan, bu yo‘lda mollarini ham, jonlarini ham ayamagan, hamisha faqat biz bevafo ummatning g‘amida bo‘lgan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nimaga buyurgan bo‘lsalar shuni mahkam tuting, nimadan qaytargan bo‘lsalar undan tiyiling. Hadislarini yodlashga haris bo‘ling, hayotlari, sifatlari, xulqlari va yo‘llarini ko‘proq o‘rganing va ularga amal qiling.
Aslo erishgan yutug‘ingiz bilan cheklanib qolmang. Kimdir yoki nimadir uchun ilm olmang. Eng muhimi – ilm ibodat ekanini unutmang!
Qur’onni qo‘lingizdan qo‘ymang. Qur’onga muhabbatli bo‘ling!
Jigarporam, musofirchilik, ota-onadan uzoqda yurish, ularga bo‘lgan mehrni ham uzoqlashtirmasin. Unutmangki, biz sizni yaxshi ko‘ramiz, siz bizning hamisha qalbimizda, duolarimizdasiz.
Sizni ko‘rishimiz bolaligingizni, baxtli onlaringizni, quvonch bilan yugurib quchog‘imizga o‘zingizni otishingizni yodimizga soladi.
Siz kelmay qo‘ysangiz bizning yuraklar siqilib, sog‘inchdan va xavotirdan jam bo‘lmaydi.
Sizdan yagona iltimosimiz shuki, duolaringizda doimo eslab, Alloh taolodan bizga rahm-shafqat so‘rang. Qaniydi, Jannatda barcha ota-onalar qatorida turganimizda ismlarimiz bilan chaqirilib, “farzandingiz Qur’on yodlab, qilgan solih amallari uchun sizga mukofot – izzat toji kiydiriladi” deganini eshitsak edi... Bu bizning eng buyuk orzuimiz.
Alloh taolo barchamizni jannatda birga qilsin! Izzat tojini kiyadigan zotlardan qilsin! Omiyn.
Davron NURMUHAMMAD