Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Yanvar, 2025   |   18 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:45
Peshin
12:38
Asr
15:41
Shom
17:25
Xufton
18:43
Bismillah
18 Yanvar, 2025, 18 Rajab, 1446
Maqolalar

Qanday qilib 21 kun ichida Alloh yaxshi ko‘rgan banda bo‘lish mumkin?

5.09.2024   3657   2 min.
Qanday qilib 21 kun ichida Alloh yaxshi ko‘rgan banda bo‘lish mumkin?

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ha, aynan 21 kun... Ishonmaysizmi? Keling, sinab ko‘ramiz. Buning uchun o‘zingizga eng oson va qulay bo‘lgan biror ibodat turini tanlang. Masalan, zikr qilish, nafl namoz o‘qish, Qur’on tilovat qilish yoki ehson-sadaqa qilish.

Qanday ibodat turini tanlashingiz muhim emas. Eng muhimi – o‘zingiz tanlagan solih amalni 21 kun davomida qoldirmay bajarishingizdir. Har kuni muntazam ravishda bajarishni unutmang! Agar unutib qo‘yishingiz xavfi bo‘lsa, telefoningizga eslatma o‘rnatib oling. Bordiyu, uyingizga biror varaqqa yozib, har kunlik bajarganingizni belgilab borsangiz juda yaxshi bo‘ladi.

Agar siz 21 kun davomida o‘zingiz tanlagan ibodatni qoldirmay bajarishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsangiz sizni tabriklaymiz. Siz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Alloh taologa amallarning eng sevimlisi oz bo‘lsa-da, bardavom bo‘laganidir”, degan hadislariga amal qildingiz. Alloh taolo yaxshi ko‘rgan amalni bajarib, Allohga mahbub bandalardan bo‘ldingiz.

Nega aynan 21 kun? Ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, insonning aynan 21 kun davomida bajargan amali odatga aylanar ekan. Ikki dunyoda ham bandaga foyda va yaxshiliklar olib keladigan amallarning odatga aylanishi qanday ham yaxshi. Eng muhimi bu odatlar – Robbul a’lamiynning muhabbatiga sabab bo‘lsa...

Alloh taolo hadisi qudsiyda bunday marhamat qiladi: “Bandam nafl amallar bilan ham Menga yaqinlashishda davom etsa, Men uni yaxshi ko‘rib qolaman. Uni yaxshi ko‘rgach esa, eshitadigan qulog‘i, ko‘radigan ko‘zi, tutadigan qo‘li va yuradigan oyog‘i bo‘laman. Mendan biror narsa so‘rasa, tilagini beraman, Mendan panoh so‘rasa, uni panohimga olaman. Hech bir ishda mo‘min bandamning jonini olishdagidek taraddud qilgan emasman. U o‘limni yoqtirmaydi. Men esa unga yomonlik qilishni istamayman (Imom Buxoriy rivoyati).

Alloh taolo O‘zining muhabbatiga olib boradigan solih amallarda bardavom qilsin!

Davron NURMUHAMMAD

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Hukm chiqarishda hadisning ahamiyati

16.01.2025   3836   2 min.
Hukm chiqarishda hadisning ahamiyati

Hazrat Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Qur’oni karimning sharhlovchisi sifatida hukm chiqarish vakolatiga ega edilar. Shunga binoan hadis hukm chiqarish bo‘yicha ikki asosiy sohani qamrab oladi.
Birinchi soha: Qur’oni karimda zikr etilgan hukmlarni yoritib berish.
Ikkinchi soha: Qur’oni karimda  ko‘rsatilmagan masalalarni hukm shaklida belgilash.
Birinchi sohada hadis Qur’oni karim oyatlarini tafsir qiladi. Umumiy ma’noga ega bo‘lganini xoslashtiradi, ya’ni unga xususiy ma’no beradi, mutloq, ya’ni, qayd va shartsiz oyatlarni qaydlaydi. 
Shu o‘rinda ba’zi bir misollar keltirib o‘tamiz. Qur’oni karimda “Namoz o‘qinglar” deb amr qilingan. Lekin namozlarning soni, sifati, rak’atlarining soni Payg‘ambarimiz alayxissalom tomonidan belgilangan va amalda ko‘rsatib berilgan. Bu esa mujmal iborani izohlash misoli.
Umumiy mazmunni xos qilish uchun misol. Qur’oni karimda meros tizimi umumiy ma’noda kelgan. Ya’ni meros qoldirish va meros olish huquqi berilgan. Lekin Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam meros olish uchun din birligi, qotil bo‘lmaslik va qul bo‘lmaslikni shart qilib qo‘yib uni xoslashtirganlar. Masalan, o‘z otasini o‘ldirgan yoki nohaq yo‘l bilan uning o‘limiga sabab bo‘lgan farzand otasidan meros olish xuquqidan mahrum bo‘ladi.
Ikkinchi soha bo‘yicha hadisga tegishli masalalar. Zarurat chog‘ida Qur’oni karimda aytilmagan biron bir yangi hukmni hadis hukm qilib belgilab beradi. Bu o‘rinda ayrim hukmlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan maxfiy vahiy yoki ilhom orqali sodir bo‘lgan va ba’zilari u zotning ijtihodlari va shaxsiy fikrlaridan kelib chiqqan. Albatta, Payg‘ambarimiz alayhissalom ijtihod qilishda ham islom ruhi va falsafasini nazarda tutar edilar.
Bu o‘rinda ko‘p misollar berish mumkin. Masalan, momoga merosdan oltidan bir hissa berish, nikoh bitimining to‘g‘ri bo‘lishi uchun guvohlar shartligi, badan a’zolari xun bahosini belgilash kabi hukmlar kiradi.
Islom shariatida hadislarning o‘rni ahamiyatli ekani ko‘rinib turibdi. Hukmlar faqatgina Qur’oni karimning o‘zidan olinmaydi. Qur’oni karimda kelgan ko‘pgina hukmlar tafsilotini bilish uchun hadislar muhim ahamiyat kasb etadi. Balki shar’iy hukmlarning bir qanchasi hadislar orqali kelib chiqqan ekan.     

Oybek Hoshimov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.


 

MAQOLA