Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Yanvar, 2025   |   1 Sha`bon, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:14
Quyosh
07:35
Peshin
12:41
Asr
15:56
Shom
17:41
Xufton
18:57
Bismillah
31 Yanvar, 2025, 1 Sha`bon, 1446
Maqolalar

E’TIBOR, EHTIROM VA E’ZOZ

6.09.2024   3494   10 min.
E’TIBOR, EHTIROM VA E’ZOZ

Dil izhori

Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, yurtimiz mustaqilligining 33 yilligini katta xursandchilik bilan kutib oldik. Bugun har bir go‘shada bayram shukuhi hukmron. Bu ayyom o‘zini shu Vatan farzandi deb bilgan har bir inson uchun qadrli, aziz va mo‘tabar. Chunki u bizga o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni baxsh etdi.

Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida Prezidentimiz farmonlariga muvofiq turli soha vakillari faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. Shunday fidoyi yurtdoshlarimiz qatorida uch nafar imom-xatib “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangani barcha diniy soha vakillarini benihoya xursand qildi. Aytish joizki, yaqin o‘tmishda imom-xatiblarga bu darajada ehtirom ko‘rsatilmagan.  Ushbu quvonchli voqea yangi O‘zbekistonda islom dini va soha xodimlariga qaratilayotgan e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Imom-xatiblar yuksak mukofotlarni 30 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida davlatimiz rahbaridan qabul qilib oldi. Quyida ularning dil so‘zlari bilan tanishasiz.

Ma’rifiy sohada ilmiy asos yaratilmoqda

— Bugun men juda ham shodman. Mana shunday ulug‘ mukofotni shaxsan davlatimiz rahbarining o‘zidan qabul qilib olish menga yuksak sharaf bo‘lish bilan birga, katta mas’uliyat ham yukladi. Mamlakatimizda Prezidentimiz  rahbarligida barcha sohalarda inson qadri va uning sha’nini yuksaltirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlarning samaralarini birma-bir sanab adog‘iga yetish mushkul.

O‘zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Xalqimizning boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon hamjamiyatiga keng tanitish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy kabi buyuk allomalarimizning bebaho ilmiy maktabini o‘rganish va tadqiq etish uchun ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati keng yo‘lga qo‘yildi.

Dinimizni ilmiy jihatdan o‘rganishni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda shu nomdagi madrasaga asos solindi. Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Ularda talabalar va yosh tadqiqotchilar buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish va tadqiq etish barobarida zamonaviy ilmlarni ham o‘zlashtirib, yetuk olim bo‘lib kamol topadi. Shular qatorida turli hududlarda hadis, kalom, tasavvuf, fiqhni o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy maktablar, xususan, bizning viloyatimizda ham tasavvuf ilmi maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani diniy-ma’rifiy sohada yangi davr boshlaganidan darak beradi.

Quvonarlisi, mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan Buxoro Ark qo‘rg‘oni yaqinida Mir Arab oliy madrasasining yangi binosi barpo etildi va foydalanishga topshirildi. 200 o‘ringa mo‘ljallangan oliy madrasada Qur’oni karim, hadis, fiqh va tasavvuf ilmlari, xorijiy tillar puxta o‘rgatiladi. Bugungi kunda 100 nafardan ortiq talaba zamonaviy jihozlangan o‘quv xonalari, kutubxona, faollar zali, talabalar yotoqxonasi va sport zalida malakali ustozlardan ta’lim olmoqda.

2021–2024 yillarda viloyatimizdagi 15 ta masjidning yangitdan qurib foydalanishga topshirilgani, 42 ta masjidda esa yirik ta’mirlash ishlari olib borilgani mamlakatimizda muborak dinimizga qaratilayotgan alohida e’tiborning isbotidir.

Mustaqillik bayrami arafasida shunday ulug‘ e’tirofga sazovor bo‘lish, menga cheksiz g‘urur bag‘ishladi. Kelajak avlodni yangi O‘zbekistonning chinakam bunyodkori qilib tarbiyalash, xalqimizning madaniy-ma’rifiy, diniy-axloqiy dunyoqarashini boyitish yo‘lidagi faoliyatimda bu mukofot menga qanot bag‘ishlaydi, deya ishonch bilan ayta olaman.

Jobir domla ELOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Buxoro viloyatidagi vakili,

Buxoro viloyati bosh imom-xatibi,

Mir Arab oliy madrasasi rektori

* * *

Ajdodlarimizning o‘lmas merosi chuqur o‘rganilmoqda

— Bugun juda baxtiyorman. Eng ulug‘, eng aziz bayram — mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida davlatimizning eng yuksak mukofotlaridan biri “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanganimdan quvonchim cheksiz, so‘z bilan ta’riflashga ojizman. Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan ordenga birinchilardan bo‘lib loyiq ko‘rilganimdan, yuksak mukofotni davlat rahbarining o‘z qo‘lidan olganimdan boshim ko‘kka yetdi.  

Turli sohalarda erishilayotgan barcha yutuqlar vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, odilona siyosat natijasidir. Islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, ko‘hna masjid va madrasalarni obod qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatimizda o‘nlab yangi masjidlar qurildi, mavjudlarida qayta qurish va ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Misol uchun, bir vaqtlar yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan Abul Muin Nasafiy ziyoratgohini bugun butun dunyo sayyohlari  katta zavq va hayrat bilan tomosha qilmoqda.

Mazkur majmuada Abul Muin Nasafiy ilmiy merosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda Turkiya, Misr, Fransiya, Rossiya, Bangladesh, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan yuzlab olim va kalomshunos mutaxassislar ishtirok etib, yurtimizda e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tiborni yuksak baholadi. Shuningdek, Kasbi tumanidagi Sulton Mir Haydar, Kitob tumanidagi Xo‘ja Ilm Koni va Mavlono Darvesh Muhammad Vaxshuvoriy, Qamashi tumanidagi Langar ota majmualarini rekonstruksiya va restavratsiya qilish ishlari amalga oshirildi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida muborak haj amalini ado etishga muyassar bo‘lgan vatandoshlarimiz soni barmoq bilan sanoqli bo‘lgan. Bugungi kunda vijdon erkinligi va diniy-ma’rifiy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli ularning soni 15 mingdan oshdi. Joriy yilda faqat Qashqadaryo viloyatining o‘zidan 801 nafar fuqaro haj amallarini bajarib keldi.

Haj mavsumida Prezidentimiz hojilar holidan xabar olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilgani nafaqat haj ziyoratiga borganlarni, ularning oila a’zolarini, barcha mo‘min-musulmonlarimizni behad quvontirdi.

Bunday g‘amxo‘rlikdan ruhlangan hojilarimiz, viloyatimizdagi barcha jome masjidlar imom-xatiblari va ularning noiblari “Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida xayrli amallarni bajarishmoqda.

Rahmatullo USMONOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Qashqadaryo viloyatidagi vakili,

viloyat bosh imom-xatibi

* * *

Yuksak ma’naviy-axloqiy jamiyat barpo etish yo‘lida

Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizda ko‘zga ko‘ringan ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat vakillari qatorida davlat mukofoti bilan taqdirlanganim menga cheksiz faxru iftixor bag‘ishladi.

Yaratganga behad shukrlar bo‘lsinki, yurtimizda Istiqlol bayrog‘i ostida xalqimizning yurt ravnaqi yo‘lidagi azaliy istaklarini ro‘yobga chiqa boshladi. Bu, albatta, o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Davlatimiz rahbari boshchiligida jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati, eng avvalo, inson manfaatiga qaratilgan bo‘lib, ularning negizida farovon turmush, ilm-fan ravnaqi, yuksak ma’naviy-axloqiy, ilmiy-ijodiy salohiyatni yanada yuksaltirish va rivojlantirish yotadi.

Bugun shu maqsadda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, erishilayotgan yutuqlar maqtovga loyiq. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy me’moriy majmuasi yuksak darajada va  mahobatli shaklda bunyod etilmoqdaki, u bir necha asrlar davomida yurtimiz va dunyo mo‘min-musulmonlari uchun ruhiy-ma’naviy oziqa oladigan muhtasham dargohga aylanadi. Shuningdek, kelajak avlod uchun bir necha yuz yillar ziyo sochadigan, yoshlarga ilm-ma’rifat nurini taratadigan osori-atiqa bo‘ladi.

Davlatimiz yetakchisi rahbarligida bunyod etilayotgan va Uchinchi Renessans poydevori, deya ta’riflanayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan hissalarini dunyo hamjamiyatiga namoyon etadigan, islom ma’rifatini keng tarqatadigan va yoshlarni ulug‘ allomalarga munosib avlod qilib tarbiyalaydigan ma’rifat koshonasi bo‘lib asrlar osha xizmat qildi, insha Alloh.

Mana shu o‘zgarishlar ko‘z o‘ngimda ro‘y berayotgani va o‘zim ham unda ishtirok etib, ulkan savobli ishlarga sababchi bo‘layotganimdan faxrga to‘laman. Bundan o‘ttiz yil oldin Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida yangi qurilgan jome masjidining imom-xatibi sifatida o‘z faoliyatimni boshlaganman. Istiqlolning ilk davrlarida viloyatimizda bor yo‘g‘i 4 masjid bor edi. Ulardagi shart-sharoitlar haqida so‘z yuritishning hojati ham yo‘q. Bugun viloyatimizda 200 dan ortiq masjid faoliyat yurityapti. Ularning barchasi zamon talabiga mos tarzda ta’mirlangan, binolari yangidan bunyod etilib, namozxonlar uchun barcha sharoitlar hozirlangan.

Yana bir ta’kidlash joiz bo‘lgan voqea imom-xatib va diniy soha xodimlarining jamiyatdagi o‘rni mustahkamlandi. Oldinlari  faqat to‘y-ma’rakalardagina ko‘rinish beradigan imomlarimiz bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlarda, uni xalqqa yetakazishda astoydil fidoyilik ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, yoshlarimizni yot g‘oyalar ta’siridan asrab-avaylash, hanafiy mazhabiga xos diniy tushunchalarni targ‘ib qilish, dindoshlarimiz to‘g‘ri yo‘lda yurishi uchun olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarda bevosita ishtirok etayotganimdan behad xursandman. 

Kamtarona mehnatim yuksak qadrlanishidan, “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanganimdan behad minnatdorman. Aslida bu mukofot nafaqat mening, balki butun Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha imom-xatib va noiblarning ulkan mehnati natijasi, deb hisoblayman.

Biz, din peshvolari bunday e’tibor va ehtirom oldida qarzdorlikni mudom his etamiz. Bunga javoban yurtimiz tinchligi va aholi farovonligi yo‘lida yanada kuch-g‘ayrat va fidokorlik bilan xizmat qilamiz. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar bardavom bo‘lishini doimo Rabbimizdan so‘raymiz. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Menga duo qiling va sizga ijobat qilurman...”, deb marhamat qilgan.

Alisher NAIMOV,

Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari,

Quvasoy shahar bosh imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Birinchi o‘qilgan juma namozi

31.01.2025   610   1 min.
Birinchi o‘qilgan juma namozi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ كَعْبِ بْنِ مَالِكٍ t - وَكَانَ يَقُودُ أَبَاهُ بَعْدَ ذِهَابِ بَصَرِهِ - قَالَ: كَانَ أَبِي إِذَا سَمِعَ النِّدَاءَ يَوْمَ الْجُمُعَةِ تَرَحَّمَ لِأَسْعَدَ بْنِ زُرَارَةَ، فَسَأَلْتُهُ عَنْ ذَلِكَ، فَقَالَ: لِأَنَّهُ أَوَّلُ مَنْ جَمَّعَ بِنَا فِي هَزْمِ النَّبِيتِ مِنْ حَرَّةِ بَنِي بَيَاضَةَ فِي نَقِيعٍ، يُقَالُ لَهُ نَقِيعُ الْخَضِمَاتِ، قُلْتُ: كَمْ أَنْتُمْ يَوْمَئِذٍ؟ قَالَ: أَرْبَعُونَ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَابْنُ حِبَّانَ وَالْبَيْهَقِيُّ.

Abdurrahmon ibn Ka’b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Otalarining ko‘zi ojiz bo‘lib qolgach, u kishi yetaklab yurar edilar: «Otam qachon juma kuni azonni eshitsa, As’ad ibn Zurorga rahmat tilar edi. Men bu haqda so‘radim. U kishi: «Chunki u bizga ilk bor Naqiy’ul Xazimot deb nomlanadigan «Naqiy’»da Banu Bayoza Harrasining «Hazmun nabiyt»ida juma o‘qitgan kishidir», – dedi. Men: «O‘sha kuni necha kishi edinglar?» – dedim. U kishi: «Qirqta», – dedilar».

Abu Dovud, Ibn Hibbon, Bayhaqiy rivoyat qilishgan.

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا قَالَ: إِنَّ أَوَّلَ جُمُعَةٍ جُمِّعَتْ بَعْدَ جُمُعَةٍ فِي مَسْجِدِ رَسُولِ اللهِ r فِي مَسْجِدِ عَبْدِ الْقَيْسِ بِجُوَاثَى مِنَ الْبَحْرَيْنِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ وَأَبُو دَاوُدَ.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning masjidlaridagi jumadan keyingi o‘qilgan birinchi juma Bahraynda, Juvosodagi abdulqaysliklar masjididagi edi» (Buxoriy va Abu Dovud rivoyat qilishgan).

«Juma haqidagi oyat va hadislar» kitobidan

Maqolalar