Bugun, 9 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yili boshlandi.
Ushbu munosabat bilan bugun yurtimizdagi barcha diniy ta’lim muassasalarida Vatanimiz mustaqilligimizning 33 yilligi va 2024-2025-o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan “Bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” shiori ostida tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Diniy idora raisi o‘rinbosari, mazkur institut rektori, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, shuningdek, diniy soha vakillari, o‘qituvchi va talabalar ishtirok etdi.
Marosim Qur’oni karim tilovati, xayrli duolar va davlat madhiyasi bilan boshlandi.
Uchrashuv avvalida Prezident maslahatchisi Muzaffar Kamilov so‘zga chiqib, barchani Istiqlolimizning 33 yilligi va yangi o‘quv yili boshlanishi bilan qutladi. Shuningdek, u o‘z so‘zida mamlakatimizda Yurtboshimiz boshchiligida barcha sohalarda bo‘lgani singari diniy-ma’rifiy sohada ham keng ko‘lamli islohotlar olib borilayotgani, buni birgina diniy ta’lim borasidagi qator yangilik va xushxabarlardan ham ko‘rish mumkinligini bayon etdi.
Muftiy hazratlari so‘zga chiqib, mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasiga katta e’tibor berilayotgani, xususan, joriy yilning o‘zida diniy sohada malakali kadrlarni tayyorlash uchun Toshkent islom institutida magistratura bosqichi ochilgani va uning ilk talabalari ushbu tadbirda qatnashayotgani, oliy diniy ta’lim muassasalari soni esa yana bittaga ko‘payib, Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy nomidagi islom instituti faoliyat boshlagani har bir mo‘min-musulmon hamyurtimizni quvontirganini alohida qayd etdilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zlarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan keyingi vaqtda diniy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish, xususan, professor-o‘qituvchilarning maoshini oshirish, talabalarning shartnoma pullarini imkon qadar oshirmaslik, diniy ta’lim muassasalaridagi o‘quv dasturlarini zamon talabiga qarab yangilab borilayotgani, muddaris va talabalar ana shunday imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, dinimiz rivoji, Vatanimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shishga astoydil harakat qilishi lozimligiga urg‘u qaratdilar.
Marosim yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchligi va farovonligi, mustaqilligimiz bardavom bo‘lishi hamda yangi o‘quv yili xayr-barakali o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Bu kabi bayram tadbirlari yurtimizdagi barcha oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida ham bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.
Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).
Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).
Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:
– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.
Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.
– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.
Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.
Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.
G‘ulomov FATHULLOH,
Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi