Joriy yilning 9 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davron Maxsudov BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi – UNFPA O‘zbekistondagi mas’ullari va Misrning O‘zbekistondagi elchisi hamda Al-Azhar majmuasi vakillari iborat martabali mehmonlar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot avvalida Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov mehmonlarni tashrif bilan qutlash barobarida keyingi yillarda yurtimizda barcha yo‘nalishlar qatori diniy-ma’rifiy sohada ham katta ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani, jumladan, fuqarolarga Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish ishlari tizimli yo‘lga qo‘yilgani, yangi diniy ta’lim muassasalari ochilayotgani, ulardagi fan dasturlari sifat va mazmun jihatdan takomillashtirilayotgani, ziyoratchilarimizni umraga cheklanmagan hisobda yuborish yo‘lga qo‘yilgani, haj safari kvotasi ham yildan-yilga oshirib borilayotganini alohida qayd etdi. Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati haqida so‘zlab berdi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizning yangi taraqqiyot davrida barcha islohotlar inson va uning qadrini yuksaltirishga qaratilgani, diniy-ma’rifiy jabhada ham ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgani, mazkur uchrashuv ham ana shu yo‘nalishda birgalikdagi yaqin aloqalar natijasi ekanini ta’kidladi.
Islom oliy ulamolar kengashi bosh kotibi, professor doktor Abbas Sho‘mon, Al-Azhar majmuasining Xalqaro islom aholishunoslik va tadqiqot Markazi direktori professor Jamoliddin Abdulsurur, Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Amira Fahmi xonim, BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi – UNFPA O‘zbekistondagi doimiy vakili Nigina Abaszade samimiy qabul, xayrli tilak va manfaatli suhbat uchun tashakkur aytishdi.
Martabali mehmonlari o‘z so‘zi davomida yangilanayotgan O‘zbekistonda o‘zaro hamkorlikdagi xayrli ishlarni yanada rivojlantirishga imkoniyat va sharoitlar yaratilayotgani, kelgusida hamkorlikdagi dasturlarni amalga oshirishda zamonaviy axborot texnologiya va metodlardan foydalanish zarurligi, dasturlarning keng yoyilishi va amalga oshishida diniy soha vakillarining ahamiyati nihoyatda kattaligini qayd etdi.
Ma’lumot uchun, mazkur martabali mehmonlar shu kunlarda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekistonda ayollar huquqlariga oid islom ta’limoti me’yorlarini o‘rganishning nazariy-tadbiqiy jihatlari” mavzusidagi xalqaro o‘quv seminarda ishtirok etmoqda. 9 sentyabr kuni mazkur anjumanning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Toshkent islom instituti rektori, professor Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov ma’ruza bilan qatnashdi. O‘quv seminar 12 sentyabrgacha davom etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Insonlarning o’lchov va ko’nikmalariga qaralsa, Iso alayhissalomning tug’ilishlari ham, osmonga ko’tarilishlari ham odamlarni hayratga soluvchi, g’ayritabiiy hodisa hisoblanadi.
Iso alayhissalom ko’r bo’lib tug’ilganlarni va peslarni davolar, o’likni Allohning izni ila tiriltirar, loydan qushning shaklini yasab puflasalar Allohning izni ila haqiqiy qushga aylanar edi.
Odamlar esa u zotni yolg’onchiga chiqardi. Payg’ambarliklarini tan olishmadi. Imkon qadar u zotni yo’q qilib yuborishga harakat qildilar. Bu haqidagi qissa esa, hammaga mashhurdir.
Ular Iso alayhissalomni o’ldirganliklarini da’vo qildilar. Lekin bu quruq da’vo xolos, haqiqatni esa Quroni Karim bayon qiladi. Niso surasining 157-oyatida:
وَقَوۡلِهِمۡ إِنَّا قَتَلۡنَا ٱلۡمَسِيحَ عِيسَى ٱبۡنَ مَرۡيَمَ رَسُولَ ٱللَّهِ وَمَا قَتَلُوهُ
“Biz Allohning Rasuli Masih Iyso ibn Maryamni o’ldirdik”, deganlari uchun ularni la’natladik. Holbuki uni o’ldirmadilar ham, osmadilar ham, lekin ularga shunday tuyuldi.
Oyatning kelasi qismiga asosiy e’tiborimizni qaratishimiz kerak bo’ladi:
وَإِنَّ ٱلَّذِينَ ٱخۡتَلَفُواْ فِيهِ لَفِي شَكّٖ مِّنۡهُۚ مَا لَهُم بِهِۦ مِنۡ عِلۡمٍ إِلَّا ٱتِّبَاعَ ٱلظَّنِّۚ وَمَا قَتَلُوهُ يَقِينَۢا
“U haqida ixtilofga tushganlar uning o’limi haqida shak-shubhadadirlar. U to’g’risida ularning bilimlari yo’q, magar gumonga ergasharlar. Uni o’ldirmaganlari aniqdir”.
لَقَدۡ كَفَرَ ٱلَّذِينَ قَالُوٓاْ إِنَّ ٱللَّهَ هُوَ ٱلۡمَسِيحُ ٱبۡنُ مَرۡيَمَۖ ُ
“Alloh, albatta, Masih ibn Maryamdir deganlar kofir bo’ldi” (Moida,72).
Iso alayhissalom nasorolarga, men Xudoman menga ibodat qiling demaganlar.
لَّقَدۡ كَفَرَ ٱلَّذِينَ قَالُوٓاْ إِنَّ ٱللَّهَ ثَالِثُ ثَلَٰثَةٖۘ
“Alloh uchtaning uchinchisidir, deganlar batahqiq kofir bo’ldilar” (Moida,73).
Ular Allohning tabiati bir-biriga teng uchta ko’rinishdan – Ota xudo, o’g’il xudo va Muqaddas ruhdan iborat deyishdi.
Alloh taolo bularga javob o’laroq, suraning davomida :
مَّا ٱلۡمَسِيحُ ٱبۡنُ مَرۡيَمَ إِلَّا رَسُولٞ
“Masih ibn Maryam bir rasul xolos undan oldin ham rasullar o’tgan” (Moida, 75) dedi.
Endi Iso alayhissalomning osmonga ko’tarilganlari va qayta tushishlarini inkor qiluvchilarning bir necha da’volarini ko’rib chiqamiz.
Alloh taolo Quroni karimda Iso alayhissalomning vafot etganini zikr qildi.
O’shanda Alloh aytdi:
إِذۡ قَالَ ٱللَّهُ يَٰعِيسَىٰٓ إِنِّي مُتَوَفِّيكَ وَرَافِعُكَ إِلَيَّ
“Ey Iso, Men seni vafot qildiruvchi va O‘zimga ko‘taruvchiman” (Oli Imron, 55).
Va yana Iso alayhissalomdan hikoya qilib:
وَكُنتُ عَلَيۡهِمۡ شَهِيدٗا مَّا دُمۡتُ فِيهِمۡۖ فَلَمَّا تَوَفَّيۡتَنِي كُنتَ أَنتَ ٱلرَّقِيبَ عَلَيۡهِمۡۚ وَأَنتَ عَلَىٰ كُلِّ شَيۡءٖ شَهِيدٌ
“Va modomiki oralarida ekanman, ularga guvoh bo‘ldim. Meni O‘zingga olganingdan so‘ng, Sening O‘zing ularga kuzatuvchi bo‘lding. Zotan, Sen har bir narsaga guvohsan” (Moida,117).
Bu yerda توفى – o’lim ma’nosida keladi deydilar .
Kavsariy aytadi: توفى ning asil ma’nosi قبض va أخذ ya’ni qo’lga olish va egallab olish ma’nosidadir. Majozan o’lim ma’nosida ishlatiladi. Zamaxshariyning “Asasul balog’at” kitobida kelgani kabi. Oyatning ma’nosi “seni yerdan oluvchiman va osmonga ko’taruvchiman”.
An’om surasining 60-oyatida توفى kalimasining boshqa ma’noda kelishini ham ko’rishimiz mumkin:
وَهُوَ ٱلَّذِي يَتَوَفَّىٰكُم بِٱلَّيۡلِ وَيَعۡلَمُ مَا جَرَحۡتُم بِٱلنَّهَارِ
“U Zot sizlarni tunda vafot ettiruvchi va kunduzi qilgan amallaringizni biluvchi Zotdir”.
Bu yerda ham ulamolar توفى ning ma’nosi “uxlatib qo’yish” deb tafsir qilganlar.
Ibni Qutayba: Oyatning ma’nosi “seni yerdan vafot ettirmasdan qabz qilib oldim” degani. Bu ma’no boshqa oyat va xabarlar bilan o’zaro mos keladi.
Iso alayhissalomning tirik holatda uzoq muddat qolishi Allohning sunnatiga to’g’ri kelmaydi, deguvchilar bor.
Qiyomatning katta alomatlari odatga xilof ishlardan bo’ladi. Misol uchun quyoshning mag’ribdan chiqishiga o’xshash. Shuningdek Iso alayhissalomning tirikliklari va tushishlari ham shunga misol bo’ladi. Iso alayhissalomning tug’ilishlari ham odatdan tashqari ish bo’lgan va u zotning tirikliklariga ham ajablanilmaydi.
Iso alayhissalom haqida hadislar ohod hadislardir, sahih emas deb davo qiladilar.
Bu hadislar sahihdir. Imom Buxoriy va Muslim bu hadislarning bir guruhini sahihlarida rivoyat qilishgan.
Iso alayhissalomning oxirgi zamonda tushishlari nubuvvatning tugagani haqidagi muhkam oyatlarga ziddir, degan navbatdagi da’voni qiladilar.
U Zot alayhissalom musulmonlardan biri bo’lib tushadilar. Sayyidimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergashadilar va Islom shariati bilan hukm qiladilar. Nabiiy yoki rosul sifatida kelmaydilar va bu nubuvvatning tugaganini inkor qilmaydi.
Bu haqida Sirojiddin Osh’iy “ Bad’ul a’moliy” asarlarida quyidagini aytadilar:
وَعِيسَى سَوفَيَ ْتِثُّي َتْوِيي
لِدَجَّالٍ شَقِي ٍذِي خَبَال
“Albat, Iso alayhissalom kelajakda kelar,
So’ng, badbaxt dajjol tomon yo’l olar”.
Ahli sunna val jamoa mazhabi o’ta ishonchli manbalar asosida Iso alayhissalom o’lganlari yo’q, Alloh u zotni O’ziga ko’tarib olgan, qiyomat qoim bo’lishidan oldin qaytib tushadilar, deb e’tiqod qiladi.
Lekin, Alloh u zotni qanday qilib o’ziga ko’tardi – O’zidan boshqa hech kim bilmaydi. Bu masala ochiq bo’lib, bandalarning daxli bo’lmagan, g’ayb masalariga kiradi.
Sohiba Rahmonova,
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom instituti talabasi.
Foydalanilgan adabiyotlar: