Ikkinchi foyda: Qayg‘ular bizni Allohga talpinishga, iltijo qilishga «majburlaydi».
Boshingizga birdan muammolar yog‘ilib, yuragingiz siqilib ketsa, eng avval ularni hal qiladigan, sizni bu vaziyatdan chiqarib oladigan biror odamni topmoqchi bo‘lasiz, tanish qidirasiz... Holbuki, xaloskoringiz faqat va faqat Buyuk Allohdir. Axir «kuldirgan ham, yig‘latgan ham»[1] Uning O‘zi emasmi? Mahzunlik ham, xursandchilik ham, kulgi ham, yig‘i ham faqatgina Allohning izmida. Dunyodagi jamiki insonlaru boshqa maxluqotlar jamlanib, biror tashvishingizni daf qilmoqchi bo‘lsa, Alloh izn bermasa, ularning qo‘lidan hech narsa kelmaydi.
Bir qiz aytadi:
«Qachon qayg‘uga botsam, o‘zimni qutqarish uchun birorta dugonamning oldiga chopardim, yoki ko‘ngilxushlik uchun internetga kirib, har xil narsalarni tomosha qilib, vaqtimni o‘tkazardim. Afsuski, bu narsalarga chalg‘isam, qayg‘ularim birpas unutilgandek bo‘lardi, xolos. Ko‘ngilxushlik muammolarni qalbimdan yulib tashlay olmas edi. O‘zim bilgan barcha usullardan foydalanib ko‘rdim, lekin qalbimga taskin beradigan biror malham topa olmadim. Shundan keyin umidsizlikka tushib, o‘zimni yo‘qotib, taslim bo‘la boshladim.
Bir kuni bir olimning «Kuldiradigan ham, yig‘latadigan ham Uning O‘zi» degan oyatni sharhlayotganini eshitib qoldim-u, hayotimda birinchi marta yig‘i ham, kulgi ham Alloh taoloning izmida ekanini o‘zim uchun kashf qildim. Hamma muammolarimning sababini topgan edim. Shu paytgacha dardimning davosini o‘zimga o‘xshagan dardmandlar orasidan qidirib yurgan ekanman. Qayg‘ularimni aritishga esa Allohdan boshqa hech kim qodir emas ekan! Shu paytgacha boshqa eshikni taqqillatib, xato qilib yurgan ekanman. Endi esa dardimni davolashni o‘sha dardni bergan Egasidan so‘raydigan bo‘ldim: «Allohim, qayg‘ularimni ketkaz! Allohim, qalbimni sururga to‘ldir!» deb duo qiladigan bo‘ldim. Bu safar kerakli eshikni taqillatayotganimga ishonchim komil edi, chunki muammolarni hal qilib beradigan boshqa eshikning o‘zi yo‘q ekan! Alloh menga nihoyatda mehribon ekan, qayg‘ularimni aritdi. Robbimga duo qilib, yalinib-yolvorgan paytlarimda esa o‘zgacha baxt tuyadigan bo‘ldim…»
Ha, quvonch ham, qayg‘u ham, kulgi ham, yig‘i ham Allohning izmida. Shunday ekan, faqat Robbingdan yordam so‘ragin! G‘amlaringni aritishini, senga quvonch baxsh etishini faqat Undan yolvorib so‘ragin! Chunki bu ishlarga faqatgina Robbing qodirdir. Hushyor bo‘lgin, adashib, baxtni baxt yo‘q joylardan qidirib, sarson bo‘lmagin!
Davomi bor...
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bu sizga iztiroblarni sindirish, muvaffaqiyat tomon yurish, do‘stlikni saqlash va oilada baxtiyor bo‘lishga yordam beradi. Chunki dunyoqarashi keng inson boshqalarning tabiatlarini tushunadigan, o‘zgarishlar qilishga qodir, o‘zini boshqalar o‘rniga qo‘yib ko‘radigan va vaziyatlarga o‘z holicha baho bera oladigan inson bo‘ladi.
Dunyoqarashi keng inson turli ishlarni a’lo darajada tushunadi, boshiga biror qiyinchilik tushgan yoki o‘zi orzu qilgan narsa amalga oshmay qolgan vaqtda hayot tabiatini, unda kam-ko‘stsiz maza qilib yashayotgan inson yo‘qligi hamda gohida inson yomon ko‘rgan narsasida yaxshilik bo‘lishi va gohida esa yaxshi ko‘rgan narsasida yomonlik bo‘lishi mumkinligini, yaxshilik Alloh iroda etgan narsada ekanini yaxshi anglaydi.
Dunyoqarashi keng inson ushbu keng borliqning bir parchasi ekanini, bu borliqning alamlari va shodliklaridan unga bir nasiba borligini yaxshi biladi. Shuning uchun ham og‘ir zarbalardan dovdirab qolmaydi. Dunyoqarashi tor inson esa bu yomonlik yoki mushkul ish ungagina yetgan, o‘zini doim zulm qilinadigan va unga doim yomonlik yetadigan inson deb his qiladi. Dunyoqarashi keng inson esa bunday narsalarni his qilmaydi, bor kuchini eng yaxshi narsaga erishishga sarf etadi va o‘ziga berilgan narsaga rozi bo‘ladi.
Shu’la: Bugun baxtiyor bo‘ling, ertaga emas!
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan