Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyotiga qarashli masjidlarda xizmat qilib kelayotgan imom-xatib va imom-noiblari ishtirokida “Yil imomi –2024” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda qoziyot qozisi B.Razov, qoziyot xodimlari, Nukus Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy madrasasi xodimlari, barcha masjid imom-xatiblari va imom-noiblari ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tarafidan har yili tashkillashtiriladigan “Yil imomi” ko‘rik-tanlovida ijodiy izlanishlari, xalqimizning turmush obodonligi va Islom dini rivojiga hissa qo‘shgan, shuningdek, imom-xatiblarning diniy va dunyoviy bilimlari, o‘z hududida olib borayotgan targ‘ibot ishlari, axborot vositalarida chiqishlari bo‘yicha faollik ko‘rsatgan, tanlovning birinchi bosqichida g‘olib bo‘lgan imom-xatib va imom-noiblar bellashdi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Qo‘ng‘irot tumani “Mo‘lla Isxoq” jome masjidi imom-xatibi Altinbek Zinullayev ko‘rik-tanlovning ikkinchi bosqichi g‘olibi bo‘ldi. U Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti tarafidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan tag‘dirlandi va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan respublika bosqichiga yo‘llanma oldi.
Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti
Matbuot xizmati
Shu yil 9 yanvar kuni Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev boshchiligida vakillik xodimlari, shahar-tuman bosh imom-xatiblari va iqtidorli imomlar ishtirokida tuzilgan ishchi guruh O‘zbekiston tumaniga tashrif buyurdi.
Dastlab tumandagi 7 ta masjid va 7 ta mahallada, shuningdek, “Haj — 2024” ziyoratchilari va mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, amaliy tadbir rejasi tuzildi.
Ishchi guruh a’zolari va imom-xatiblarga biriktirilgan mahalla hududidan “Haj – 2024” ziyoratchisini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etdi. Birgalikda mahallaning eng kamida 3 tagacha muammoli xonadoniga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘radi. Ularning muammolarini o‘rgandi, taklif, fikr-mulohazalarini tingladi. Imom-xatiblar 22 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot va amaliy yordam tadbirlarini olib bordi.
Shuningdek, tumandagi "Qudash" muruvvat uyiga tashrif buyurilib, tashrif chog‘ida muruvvat uyida yashovchi imkoniyati cheklangan, mehr-muruvvatga muhtojlarni holidan xabar olinib, muruvvat uyi uchun maishiy texnika va maishiy jihozlar hamda boshqa turdagi zaruriy ashyolar xayriya qilindi.
Shu bilan birga, muruvvat uyida "Yashil makon" dasturi doirasida 100 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi.
Tumanning "Bog‘i Eram" mahallasida yashovchi kam ta’minlangan oilaga homiylar ko‘magi bilan zamonaviy qulay sharoitlarga ega bir xonalik uy qurib berildi. Ishchi guruh mazkur xonadonga tashrif buyurib, xonadon egalari bilan muloqot qildi.
Peshin namozi so‘ngida masjidlarda jamoatga ma’ruza qilinib, odamlarga manfaat yetkazishning fazilati, ofiyat ulkan ne’mat ekani, yoshlar tarbiyasi doimiy e’tibor markazda bo‘lishi zarurligi, bu borada ota-onalarning o‘rni haqida ilmiy va hayotiy misollar yordamida tushuntirildi.
Masjidlar va imomlar faoliyati ko‘zdan kechirildi hamda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati