Shu yil 11 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Misrdagi Xalqaro islom aholishunoslik va tadqiqot markazi direktori, professor Jamoliddin Abdulsurur boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildilar.
Muftiy hazratlari martabali mehmonlarni tashrif bilan qutlab, keyingi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada bo‘layotgan katta ijobiy o‘zgarishlarni so‘zlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati haqida ma’lumot berib, Islom olami davlatlari bilan faol hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, xususan, ikki davlat o‘rtasida mazkur yo‘nalishdagi yaqin hamkorlik muhim ahamiyat kasb etayotganini alohida ta’kidladilar.
O‘z navbatida delegatsiya rahbari Jamoliddin Abdulsurur samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirish asnosida O‘zbekistonda barcha jabhada bo‘layotgan o‘zgarishlar, jumladan, diniy sohadagi yangiliklardan behad xursand ekanligini bayon etdi. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi yaqin hamkorlik natijasida ayni kunlarda Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan Islomda ayollar huquqiga bag‘ishlangan xalqaro o‘quv seminar yuqori darajada tashkil etilgani, unda Diniy idora vakillari ham mavzu doirasida muhim chiqishlar qilgani, kelgusida ana shunday hamkorlikdagi loyihalar davomiy qilishga tayyorligini bildirdi.
Samimiy uchrashuvda diniy-ma’rifiy sohada hamkorlikni yanada kuchaytirish, jumladan, al-Azharda imom-xatiblar malakasini oshirish, Dorul Ifto va Fatvo markazi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Har bir ishni puxta qilish – bu insonning o‘z vazifasiga jiddiy, mas’uliyatli va professional yondashishini anglatadi. Puxta ishlash nima? Puxta ishlash – ishni yuzaki emas, balki chuqur o‘ylab, reja asosida, kerakli bilim va mahorat bilan mukammal bajarishdir.
Shu bilan birga, bu sifatga e’tibor berish, mas’uliyatni his qilish, har bir qadamni aniq rejalashtirish, tafsilotlarga e’tibor qaratish va natijadan qoniqish hissini olish deganidir.
Puxta ishlash bir necha omillarga ko‘ra muhim sanalib, ulardan:
Islom nuqtayi nazaridan qaraganda, har bir ishni puxta bajarish insonning imoniy burchlaridan biridir. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Alloh birortangiz ish qilsangiz, uni puxta bajarishingizni yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Mazkur hadisdan ma’lum bo‘ladiki, har qanday ishni puxta, sidqidildan bajarish islomda ham katta fazilat sanaladi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ham ishni puxta va sidqidildan bajarish zarurligi to‘g‘risida “Ijtimoiy odoblar” asarida quyidagi fikrlarni bildirgan:
Musulmon inson jamiyat yuzidagi eng ko‘rkam va go‘zal xol bo‘lishi lozim. U inson zoti chiroyini ochib turuvchi omil bo‘lishi kerak. Bu esa, ijtimoiy odoblar orqaligina yuzaga chiqadi.
Mo‘min kishining har bir ishni yaxshilab va puxta qilishi maqbuldir. Bu barcha insonlarga sevikli Nabiyning islom ummatiga amri, farmoni, tavsiyasi va nasihatidir.
عَنْ عَائِشَةَ : قَالَ النَّبِيُّ ﷺ: «إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ إِذَا عَمِلَ أَحَدُكُمْ عَمَلًا نْ يُتَّقِنَهُ». رَوَاهُ الْبَيْهَقِيُّ.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh sizlardan biringiz ish qilganda, uni yaxshilab, puxta qilishingizni sevadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Alloh taoloning sevgisiga sazovor bo‘lay degan inson katta-kichik har bir ishni faqat va faqat yaxshilab, chin dildan puxta bajarishga urinadi. Bu sifat esa ijtimoiy odoblarni o‘rniga qo‘yish bilan yuzaga chiqadi[1].
Qanday qilib har bir ishni puxta qilish mumkin?” Bu borada quyidagilarni tavsiya qilish mumkin:
Har bir ishni puxta bajarish – bu muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biridir. Chunki hozirgi kunda bozor munosabatlari sharoitida o‘z o‘rniga ega bo‘lish uchun ishni puxta bajarish, eng mayda detallariga qadar e’tibor qaratish muhimdir.
Har bir ishni puxta bajarish quyidagi natijalarga olib keladi:
Xulosa qilganda, har bir ishni puxta qilish nafaqat shaxsiy o‘sish, balki jamiyat rivoji uchun ham muhimdir.
[1]Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Ijtimoiy odoblar. “Hilol-Nashr”. Toshkent 2024. –B.26-27
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi