Jonajon O‘zbekistonimiz o‘z davlat mustaqilligining 33 yilligini keng nishonlab, ana shu davrda bosib o‘tgan g‘oyat murakkab va sharafli yo‘lda erishgan yutuq va marralarini chuqur tahlil va sarhisob etib, yanada ulkan vazifalarni belgilab olayotgan mana shu shukuhli kunlarda qalblarimizda Vatanga mehr va iftixor, o‘z kuch va imkoniyatlarimizga ishonch tuyg‘usi yanada kuchaymoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ishlab chiqilgan va izchil amalga oshirilayotgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi amalda qanday ulkan natijalar berayotganini har birimiz o‘z hayotimiz va faoliyatimizda yaqqol ko‘rib, his etib kelmoqdamiz.
Qisqa muddatda mamlakatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi taraqqiyot sur’atlari keskin o‘zgarib, yangicha sifat va mazmun kasb etib, beqiyos qudrat va shiddatga ega bo‘lib bormoqda.
Eng muhimi, yurtimizda davlat va jamiyat tayanchi bo‘lgan xalqimizga, uning bunyodkorlik salohiyatiga munosabat tubdan o‘zgardi.
Inson, uning erkin va farovon hayoti barcha islohotlar markazida turadigan bosh maqsadga aylandi. Inson qadrini, huquq va manfaatlarini ta’minlash Konstitutsiya va qonunlarimiz darajasida qat’iy qoida sifatida mustahkamlanib, barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari, rahbar xodimlar faoliyatining asosiy mezoni bo‘lib bormoqda.
Iqtisodiyotimizga jahon miqyosida ustuvor tendensiyaga aylanayotgan raqamli va “yashil” texnologiyalar jadal kirib kelmoqda. Mamlakatimizda tadbirkorlik va ishbilarmonlik misli ko‘rilmagan darajada rivojlanmoqda.
Dunyoda va mintaqamizda do‘stlarimiz va hamkorlarimiz ko‘payib, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori muttasil yuksalib bormoqda.
Hech shubhasiz, bularning barchasi hayotimizning turli xil sohalarida ilgari tasavvur ham qilib bo‘lmaydigan amaliy natijalar bermoqda.
Vatanimiz har tomonlama taraqqiy etgan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir inson erkin yashab, mehnat qiladigan, zamonaviy bilim va kasb-hunarga ega farzandlarimiz o‘z baxtini aynan shu zaminda topadigan, dunyodagi eng go‘zal, tinch va farovon mamlakat bo‘lishini barchamiz orzu qilamiz va shu maqsad yo‘lida butun borlig‘imiz bilan harakat qilishga tayyormiz.
Davlatimiz rahbarining olib borayotgan keng ko‘lamli, oqilona siyosati, amalga oshirayotgan islohotlari ana shu ezgu maqsadga qaratilgandir.
Shu yo‘lda Yurtboshimizga kamarbasta bo‘lish – bu barchamiz intilayotgan kelajakni, oilamiz, farzandlarimizning baxtu saodatini ta’minlashning eng muhim sharti va garovidir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Biz siz, azizlarga ana shunday ezgu da’vatlar bilan murojaat qilar ekanmiz, muhtaram Prezidentimiz tomonidan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ajralmas bir qismi sifatida ilgari surilayotgan va keyingi yillarda maxsus davlat dasturi asosida amalga oshirilayotgan kambag‘allikni qisqartirish masalasiga alohida e’tiboringizni qaratmoqchimiz.
Davlatimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan yurtimiz aholisining muayyan qismi o‘rtasida kambag‘allik borligini e’tirof etib, mamlakatimizda bu muammoni hal etishga qaror qilinganini jahon hamjamiyatiga e’lon qilgan edi.
Bu, hech shubhasiz, xalqimizga bo‘lgan yuksak mehr va g‘amxo‘rlik, O‘zbekistonni rivojlangan davlatlar qatoriga ko‘tarish yo‘lidagi qat’iy harakatlarning yana bir ifodasi edi.
Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishdek tarixiy missiyani zimmasiga olgan xalqimiz yetakchisi, avvalo bu maqsadlar yo‘lida aholining kam ta’minlangan qatlami turmush sharoitini yaxshilash, uning hayotdan rozi bo‘lib, baxtli yashashini, o‘zining eng oliy maqsadi qilib belgilagani millatimiz baxti emasmi?
Barchamizga ma’lumki, muhtaram Prezidentimiz kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha murosasiz kurashni boshlagan vaqtda 7,5 million yoki jami aholining 23 foizi kambag‘allik darajasida deb qayd etilgan edi.
Kambag‘al fuqarolarni kuchli va manzilli ijtimoiy himoya qilishni nazarda tutuvchi qonunchilik asoslari yaratildi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi va "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari tashkil etildi, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”, “Mehr daftari” kabi mutlaqo yangi tashkiliy-huquqiy mexanizmlar ishga tushirildi.
Bu yo‘nalishga sarflanayotgan mablag‘lar miqdori yildan-yilga izchil ko‘paytirildi.
Xususan, 2020 yilda aholini ijtimoiy himoya qilishga 3,7 trillion so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2023 yilda 12,3 trillion so‘m sarflandi. So‘nggi 3 yilda pensiya va nafaqalar miqdori ham 1,5 baravar oshirildi.
Mahallada kambag‘allikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun 35 trillion so‘mlik arzon kredit va 7 trillion so‘m subsidiya ajratildi, 260 ming gektar yer 800 ming aholiga daromad topishi uchun tarqatildi.
O‘tgan davrda aholimiz soni 3,7 million nafarga ko‘payishi bilan birga, kambag‘allikni belgilash chegarasi ham 1,5 karraga ko‘tarildi.
Samarali va adolatli ijtimoiy siyosat hamda manzilli va aniq chora-tadbirlar ko‘rilishi natijasida shu qisqa fursatda 3,5 million aholi yetarli darajada daromadli bo‘ldi va 2023 yil yakuni bilan kambag‘allik darajasining 11 foizga tushishiga erishildi.
Bu ko‘rsatkichlar Yangi O‘zbekistonning bosh shiori qilib “Inson qadri uchun!” degan xalqchil tamoyil belgilangani, aholining hayotini erkin va farovon qilish, odamlarni shu aziz yurt ravnaqi yo‘lida safarbar etishdek ulug‘ niyatni xalqimiz nechog‘li xayrixohlik va hamjihatlik bilan qarshi olayotganining yaqqol dalolatidir.
Aziz hamyurtlar!
Kuni kecha O‘zbekiston Prezidenti kambag‘allikni qisqartirish masalasini yana bir bor o‘ta jiddiy tarzda kun tartibiga olib chiqdi. Muhtaram Yurtboshimiz tashabbusi bilan kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining eng muhim masalasi bo‘lib qolishi belgilandi.
Bu tarixiy qarordir!
Bundan buyon aholi daromadlarini oshirishdek ezgu maqsad davlat hokimiyati organlari mas’ullarining eng muhim vazifalaridan biri sifatida belgilandi.
Biz bugun Yangi O‘zbekiston xalqiga murojaat qilar ekanmiz, shunday savollarni o‘rtaga qo‘ymoqchimiz:
Kambag‘allik nima? U qanday paydo bo‘ladi va uning sabablari nimada? Kambag‘allikni qanday qilib yenga olamiz?
Kambag‘allik faqat qonunlar va farmonlar chiqarish bilan emas, balki jamiyatning umummilliy safarbarligi, birligi, shunday istak va intilish bilan yashashi hisobiga kamayadi.
Bunday falsafiy savoldan maqsad shuki, biz toki odamlarning dunyoqarashi, hayotga munosabatini to‘g‘ri shakllantira olmas ekanmiz, demak, ajdodlarimizga xos bo‘lmagan boqimandalik, o‘zibo‘larchilik kabi illatlar bizni uzoq yillar kambag‘allikda ushlab turaveradi.
O‘tgan yillar davomida kambag‘allikni qisqartirishga to‘siq bo‘layotgan muammolar ham chuqur tahlil qilindi. Bular orasida barchamizning ko‘z o‘ngimizda keng ommalashayotgan, xalqimizning azaliy urf-odatlariga yot bo‘lgan dabdababozlik, isrofgarchiliklar, kimo‘zarga to‘y-ma’rakalar o‘tkazish, hashamatli imoratlar solish kabilarni keltirib o‘tish mumkin.
Mamlakatimiz aholisining jadal sur’atlarda ko‘payayotgani qanchalar quvonarli bo‘lsa, navqiron avlodni o‘qitish, farzandlarni bilimli, hayotga tayyor qilib voyaga yetkazishdek ulkan vazifalar ham oldimizda ko‘ndalang turibdiki, millatning ertasini o‘ylaydigan xalq bu masalalarni chuqur mulohaza, o‘zaro yelkadoshlik va hamjihatlik bilangina hal qila olishini barchamiz teran anglaydigan vaqt keldi.
Shunday ekan, muhtaram Prezidentimiz raisligida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ilgari surilgan har bir masala ortida inson taqdiri, uning ertangi kuni, oila farovonligi va pirovard oqibatda yurt tinchligi, halollik, adolat ustuvorligi va jinoyatchilikning kamayishi turgani ayni haqiqatdir.
Shunday ekan, jamiyatda hech bir kishi bu ishda befarq qarab turishga haqli emas, deb o‘ylaymiz! Har bir mahalla faoli, maktablar va oliy ta’lim sohasi mutasaddilari o‘z faoliyatini adolat nuqtayi nazaridan qayta ko‘rib chiqishlari zarur, deb hisoblaymiz.
Biz barcha yurtdoshlarimiz – tadbirkorlar, ziyolilar, kasaba uyushmalari faollari va nuroniylar, olimlar, o‘qituvchi va ustozlarni, ijodkor ziyolilarni ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga har tomonlama – nafaqat moddiy, balki ma’naviy, ruhiy yelkadosh bo‘lishga chaqiramiz.
Biz bu yo‘lda tadbirkorlar, ishbilarmonlarning har bir qo‘shgan hissasiga davlatning alohida e’tibori, imtiyozlari tizimi shakllantirilganini, kambag‘allikda yashayotganlarga berilgan har qaysi ko‘makning hisobda ekanini alohida ta’kidlagan holda, aslida har bir inson o‘z hamyurtining birodari va do‘sti, opasi va akasidek yaqin bo‘lishini anglashning ayni fursati kelganini ta’kidlashni istar edik.
Kambag‘allik kulfatdir, u bir odamning emas, jamiyatning, xalqning kamchiligi, xatosi, e’tiborsizligi, loqaydligi hosilasidir va unga qarshi kurash barchamizning burchimiz, degan qarashni har bir inson qalbiga singdirishni maqsad qilib olishimiz zarur.
Chunki kambag‘allikda yashash insonni hayotdan sovitadi, uning ertangi kunga umidini so‘ndiradi, uni befarq va maqsadsiz odamga aylantiradi.
Binobarin, bu muammoni bartaraf etish jamiyatning barcha a’zosiga daxldor masaladir.
Aziz yurtdoshlar!
Mamlakatimizda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ko‘lami va natijalar qanchalik zalvorli bo‘lmasin, Davlatimiz rahbari bu borada butun xalqimizga chaqiriq bilan chiqmoqda.
Prezidentimiz kambag‘allikni qisqartirishni umummilliy harakatga aylantirish tashabbusini ilgari surmoqda.
Bu masala bo‘yicha maxsus “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi ishlab chiqilmoqda.
Xalqimiz saylagan har bir deputat, hukumat a’zosi, joylardagi hokimdan tortib, to mahalla yettiligiga qadar bo‘lgan mas’ullar bilib olsinki, Davlatimiz rahbari tomonidan ularning faoliyati faqat va faqat aholiga yaratayotgan sharoitlar, joylardagi oddiy xalqning farovonligi bilan baholanadi.
Qadrli vatandoshlar!
Biz shu aziz yurtni chin qalbdan sevadigan har bir insonni shu muqaddas g‘oya, olijanob tashabbus atrofida birlashishga chaqiramiz.
Jamiyatimizda yillar davomida chuqur ildiz olgan kambag‘allik “kasalligi”ni davolashda, kelgusi bir yilda kambag‘allik darajasini sezilarli ravishda tushirishda barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, Davlatimiz rahbari atrofida birlashaylik!
Eng avvalo, kambag‘allikka tushib qolgan har bir insonga munosabatimizni o‘zgartiraylik! Bunday insonlarni begona emas, o‘z birodarimiz, farzandimiz qatori ardoqlaylik, ularga shu muqaddas Vatanga bo‘lgan muhabbat hissini targ‘ib qilaylik, imkonimiz boricha ularni munosib yashash uchun rag‘batlantiraylik, ularga har jihatdan yordamlashaylik!
Jamiyatimizda kambag‘allikni keskin kamaytirish bo‘yicha muhtaram Prezidentimizning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, biz – kasaba uyushmalari faollari va respublika nuroniylari quyidagi vazifalarni amalga oshirishni belgilab olmoqdamiz:
birinchidan, mahalla yettiligi bilan hamkorlikda xonadonbay yurib, oila a’zolarining birontasi daromadli ish bilan band bo‘lmagan yoki oila boquvchisi yagona bo‘lgani sababli og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan oilalarning ro‘yxatini tuzish;
ikkinchidan, har bir tuman va shaharda 10 tadan ehtiyojmand oilani kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha kompleks choralarni amalga oshirish, xususan, ularning sog‘lig‘ini tiklash va o‘qitishdan tortib, doimiy daromadga ega bo‘lishiga qadar ko‘maklashib borish;
uchinchidan, kam ta’minlangan aholini kooperatsiyalarga jalb qilish, tadbirkorlikka va kasbga o‘rgatish, ish o‘rni yaratuvchi tadbirkorlar bilan hamkorlik o‘rnatish orqali har yili 5 mingta yangi ish o‘rni yaratish;
to‘rtinchidan, mehnat qilib daromadli bo‘lish istagini bildirgan yoshlarni kasbga o‘rgatish, kamida 5 million so‘m daromad qiladigan ish bilan band qilish choralarini ko‘rish;
beshinchidan, ishlashga ishtiyoqi bo‘lgan, imkoniyati cheklangan aholi vakillarining 5 ming nafariga nogironlik aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari berib, kasalliklarini davolashga ko‘maklashish, ularni daromadli kasblarga o‘rgatish va kambag‘allikdan chiqarish;
oltinchidan, bir yilda 5 ming nafar nogironligi bo‘lgan bolani reabilitatsiya markazlarida davolashda ko‘maklashish;
yettinchidan, ehtiyojmand oilalarning iqtidorli yigit va qizlari mamlakatimiz va xorijiy universitetlarga grant qo‘lga kiritishi uchun yordam berish, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasida har yili 100 nafar ehtiyojmand fuqaroning farzandini o‘qitib, ularni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish;
sakkizinchidan, kam ta’minlangan oilalarning 4 ming nafar farzandini bolalar oromgohlarida bepul sog‘lomlashtirish;
to‘qqizinchidan, kam ta’minlangan oilalarning 100 nafar farzandini suv sporti majmualarida bepul sog‘lomlashtirish;
o‘ninchidan, 1 ming nafar ehtiyojmand fuqaro va 1,5 ming nafar yolg‘iz nuroniyni tizimdagi sanatoriylarda bepul sog‘lomlashtirish;
o‘n birinchidan, 10,5 ming nafar nuroniyning salomatligini tiklash uchun sport komplekslariga abonement xarajatlarini qoplab berish;
o‘n ikkinchidan, har yili Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat fronti faxriylari, o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalardan
37 ming nafarining holidan xabar olish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash;
o‘n uchinchidan, nuroniy va ehtiyojmand 200 ming nafar fuqaroni yurtimizning so‘lim go‘shalarida dam olishlarini tashkillashtirib, shu yerda ularga tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish bo‘yicha motivatsion seminarlar tashkillashtirish.
Hurmatli vatandoshlar!
Bu ezgu yo‘lda qaysi kasbu kor egasi, qaysi millat va elat farzandi bo‘lmasin, hech kim chetda qolmasligi kerak!
Shu maqsadda barchamiz birlashib, yurtimizni obod va farovon mamlakatga aylantiraylik!
Zero, “Biz bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!”
UzA
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Internet, telefon va shu kabi boshqa jihozlarda harom narsalarni tomosha qilish.
Alloh taolo aytadi: «Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh bandalarning nima qilayotganidan xabardordir» (Nur surasi, 30-oyat).
Alloh taolo «Mana shu ular uchun poklikdir» deganida ko‘zni tiyish bilan mo‘minlarning hayoti yanada pokiza, yanada go‘zal bo‘lishini nazarda tutgan. Lekin banda ko‘zini tiymasa, buning aksi bo‘ladi.
Bu – qizlarda ko‘p uchraydigan holat. Kimki ko‘zini haromdan tiyib yashayotgan bo‘lsa, uning hayotda xotirjam, sokin, qanoatli ekanini ko‘rasiz. Lekin kim ko‘zining jilovini qo‘yib yuborgan bo‘lsa, tushkunlikda, hayotdan norozi bo‘lib yashayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Demak, qiz bolaning xursand yoki tushkun kayfiyatda yashashi uning ko‘zlari nima bilan mashg‘ul ekaniga bog‘liq ekan. U ko‘zini tiymasdan, haromga nazar tashlagan paytda o‘zini ruhi singan, mahzun holda ko‘radi. Ko‘zini haromdan saqlagan paytlarda esa o‘zini baxtu saodat ichida topadi.
Bir qiz aytadi: «Internetda filmlar, qisqa videolar tomosha qilishni shunchaki ko‘ngilxushlik, xursandchilik deb hisoblardim. Ularni qiziqib tomosha qilardim, lekin ko‘rib bo‘lgach, sababi aniq bo‘lmagan mahzun holatga tushib qolardim. Nihoyat, bir kuni bu holatimning sababini topdim. Men ko‘nglimni yozish uchun ko‘rayotgan kinolarda behayo va ayanchli sahnalar ko‘p bo‘lardi. Mana shunday harom narsalarni tomosha qilish qayg‘uga botib qolishimga, mahzun holatga tushib qolishimga sabab bo‘lar ekan. Shundan keyin o‘zim bilan o‘zim kurasha boshladim. Yomon sahnalar ko‘rsatilgan paytda boshqa kanalga olib qo‘yadigan yoki kompyuterni o‘chirib qo‘yadigan bo‘ldim. Nafsimning xohishlariga qarshi turish ancha qiyin bo‘ldi, lekin Alloh harom qilgan narsalardan ko‘zimni saqlaganim uchun xursand bo‘lardim».
Ba’zi qizlar «Oyatdagi ko‘zni tiyish faqat erkaklarga xos buyruq, chunki ayolda erkakni fitnaga soladigan narsalar bor. Shuning uchun erkaklar ayollarga qaramay, ko‘zini tiyishi kerak. Erkak kishida esa ayolning his-tuyg‘ularini junbushga keltiradigan narsa yo‘q. Shuning uchun ayolning erkaklarga qarashida hech qanday muammo yo‘q», deyishadi.
Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Ayol kishida erkakning his-tuyg‘ulariga ta’sir qiladigan jihatlar bo‘lganidek, erkaklarda ham ayollarning aqli va his-tuyg‘ularini uyg‘otadigan omillar bor.
Erkak kishi ayolning nozik, kelishgan qomatiga, husniga qarab, unga qiziqadi. Ayol kishini esa erkakning ko‘rkam jismi, boyligi, atirining xushbo‘y hidi, qat’iyati, jur’ati va boshqa o‘ziga xos jihatlar o‘ziga rom qiladi.
Ayollar ham, erkaklar ham nafaqat qarama-qarshi jinsga nazar solish, balki o‘zi kabi jins vakillarining ham avratiga qarash ham haromdir.
Demak, shariatimizda ayol kishi boshqa bir ayolning avratiga qarashdan, biror joyini ushlashdan qaytarilgan. Faqatgina tibbiy muolaja va shu kabi zarurat bo‘lganda shariat bunga ruxsat beradi.
Alloh taoloning oyatlariga ahamiyat beradigan bo‘lsak, U Zot barcha mo‘minlarga – erkagu ayollarga murojaat qilganida «Ey iymon keltirganlar!» deb xitob qiladi. Bu xitob iymon keltirgan har qanday erkak va ayolga tegishli bo‘ladi.
Buning yorqin misoli ushbu oyatdir:
«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyad taqvo qilsangiz» (Baqara surasi, 183-oyat.)
Bu oyatdagi xitob erkagu ayol mo‘minlarga qaratilgan, shuning uchun ro‘za tutish barchaga barobar farz qilingan. Buni quyidagi oyatda ham ko‘rishimiz mumkin:
«Ey iymon keltirganlar! Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga taqvo qiling va riboning sarqitini ham tashlang» (Baqara surasi, 278-oyat).
Bu oyatda erkak ham, ayollar ham sudxo‘rlik qilmaslikka buyurilgan. Demak, Alloh taoloning Kitobidagi qoida shunday: «Ey iymon keltirganlar» degan xitob erkagu ayollarni ajratmaydi, barcha mo‘min va mo‘minalarga qaratilgan bo‘ladi. Alloh taolo mo‘minu mo‘minalarga biror narsani buyursa, ularga «Ey iymon keltirganlar», deb xitob qilgan. Lekin mo‘minlarga ko‘zni tiyishni buyurganida erkaklarni ham, ayollarni ham o‘z ichiga oladigan umumiy xitob bilan yuzlanmadi, balki erkaklarga alohida oyatda, mo‘minalarga keyingi oyatda buyurdi:
«Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh ularning nima qilayotganidan xabardordir. Mo‘minalarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar, zohir ziynatlaridan boshqasini ko‘rsatmasinlar, ro‘mollari bilan ko‘kslarini to‘sib yursinlar...» (Nur surasi, 30-31-oyatlar).
Nima uchun Alloh taolo ko‘zni haromdan tiyishga buyurish uchun mo‘minalarga alohida oyat nozil qilmadi? Nima uchun erkaklar bilan ayollarga bitta oyatda birgalikda buyurmadi? Ehtimol, bundan maqsad – muslima ayol ko‘zni tiyish qanchalik muhim ekanini anglab yetishidir? Toki ayollar bu buyruq faqat erkaklarga qaratilgan, deb o‘ylab qolmasin. Chunki ayol kishi (qiz bola ham) begonalarning avratiga qarasa, hayoti barbod bo‘ladi, qalbi mahzunlikka to‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deganlar.
Boshqa bir rivoyatda «Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deyilgan («Sahihul Buxoriy»).
Mana shu oyatga ko‘ra, kim ko‘zi bilan zino qilsa-yu, tavba qilmasa, Qiyomatda uqubatga duchor bo‘ladi. Uqubat jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, u yerda zinokorlar azoblanadi. Kimki zinokorlar vodiysiga tushadigan bo‘lsa, uning uchun azob ko‘proq bo‘ladi, u yerda xor bo‘lib, abadiy qolib ketadi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.