Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsinki, tinchlik osudalikda ibodatlarni ado etmoqdamiz. Tinchlikni qadrlash, osoyishta hayot uchun shukronalik, uni saqlab qolish va mustahkamlashning zaruriy sharti hisoblanadi.
Agar bandalar shukr qilsalar, ularga ne’matlarini ziyoda qilishini va’da qildi va itoat qilsalar bu ne’matlar davomiyligi va boqiyligining kafolatini berdi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qildi: “Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!” (Baqara surasi, 172-oyat).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shukr haqida shunday deganlar: “Kim oziga shukr qilmasa, ko‘piga ham shukr qilmaydi. Kim insonlarga tashakkur aytmasa, ulardan minnatdor bo‘lmasa, Alloh taologa ham shukr qilmaydi. Ne’matlar haqida gapirish – shukrdir. Uni gapirmaslik noshukurlikdir. Jamoat bilan yurish rahmatdir. Yolg‘izlik esa, azobdir”, - dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).
Bemalol din diyonatimizga amal qilayotgan, shariatimiz shiorlari barpo bo‘lib turganda noshukrlik qilmaslik, turli buzg‘unchi targ‘ibotlarga uchmaslik, bilim va kuchimizni Vatan ravnaqi, dinimiz rivoji yo‘lida sarflash burchimizdir. Shu kunlarda ham Vatanni, ota-onasini tashlab, jangari to‘dalar yig‘ilgan joylarga chiqib ketayotganlar uchrab turibdi. Ularning deyarli hammasi qilgan ishiga pushaymon bo‘ladi, lekin “so‘nggi pushaymon o‘zingga dushman”, deganlaridek, iziga qaytishga imkon topolmay, xoru zor bo‘lib ketadi.
Shunday ekan, insonning o‘z yurtida, Yaratganga shukronalar aytib, emin-erkin toatu ibodatlar ila oilasi, mahallasida farovon yashashiga nima ham yetsin. Mashhur sahoba Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu shukronalikni imonning yarmiga tenglab, shunday deganlar: “Shukur qilishlik iymonning yarmidir”. Boshqa bir rivoyatda esa “Imon - sabr va shukrdan iborat” deb ham aytilgan.
Alloh taolo ne’matlariga shukr aytuvchilarni Qur’oni karimning bir nechta o‘rinlarida maqtagan hamda albatta mukofotlashi va ularga ulug‘ ajru savoblar berishini ham kafolatlagan. U zot aytdi:
“... Shukr qiluvchilarni esa, albatta, mukofotlaymiz” (Oli Imron surasi, 145-oyat).
Zero, Hazrati Rasuli akram alayhissalom hadisi shariflarining birida bunday deb amr qilganlar:
“Sizlarga bir kishi yaxshilik qilsa, albatta, uni mukofotlanglar, agar mukofot uchun biron-bir narsa topa olmasanglar, uni chiroyli duo qilinglar”.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam barcha go‘zal amallarni o‘zlarida mujassam etgan zot edilar. Shukr qilishda ham U Zotga yetadigan biror bir kishi topilmasligiga shubha yo‘q. Sababi, Alloh taologa duolari ijobat bo‘ladigan kishi bo‘la turib, Alloh taolodan ko‘p mol-dunyo berishini so‘ramagan edilar. Balki Alloh bergan rizqqa qanoat qilib yashaganlar. Ochlikdan qorinlariga tosh bog‘lab yurganlarini bilamiz. Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday holatda shukr qilgan bo‘lsalar, hozirgi to‘kinlik-farovonlik davrida biz faqat shukrimizni ziyoda qilishga e’tibor qaratishimiz lozim bo‘ladi.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy hafizahulloh shunday deganlar: “Har bir inson o‘z holiga, hayotiga, qismatiga, taqdiriga rozi bo‘lishni, shukr qilishni o‘rganishi kerak. Chunki bu hayotni unga Alloh subhonahu va taolo ravo ko‘rdi va shunday bo‘lishini iroda qildi. Shuning o‘zi – katta marhamat, shuning o‘zi – katta bir ne’mat! Shukr qilsak, Alloh bundan ham ziyoda qiladi. Ammo noshukurlik qiladigan bo‘lsak, boshqa hayotlarga havas qiladigan bo‘lsak, o‘zimizdagi boridan ham mahrum bo‘lib qolishimiz mumkin”.
Alloh taologa behisob shukrki, taraqqiyotimizning yangi davrida yangilanishlar nafasi kirib bormagan birorta soha va tarmoq, shahar va tuman, qishloq va ovul qolmadi. Yangi O‘zbekistonda islohotlarning barchasi xalqimiz qadr-qimmatini yanada yuksaltirishga, odamlarni rozi qilish, har bir insonning farovon hayot kechirishini ta’minlashga qaratilganini bugun o‘z hayotimizda his etyapmiz.
Bugungi kunda yurtimizda barcha jabhalarda bo‘lgani kabi, diniy sohada ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mo‘min-musulmonlar bu kunlarni qadriga yetib, Alloh taologa shukronalar qilib, ibodatlarini emin-erkin, halovat bilan ado etmoqdalar.
Islom dini inson uchun tinchlik va omonlik dinidir. Alloh taoloning ismlaridan biri “As-Salom”dir. “Islom” so‘zining o‘zagi “silm” bo‘lib, u “tinchlik”, “sulh” degan ma’nolarni bildiradi. Qur’on nozil bo‘lgan kecha ham “salom” kechasidir. Ko‘plab hadislar ham musulmon kishini tinchlikdan bebahra qilish, ularni qo‘rqitib bo‘lmasligiga dalolat qiladi. Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda: “Biror kishiga musulmonni qo‘rqitish halol emas”, deyilgan. Bundan ko‘rinadiki, Islom bor mohiyati, butun ta’limoti bilan tinchlik-osoyishtalikka intiladigan dindir.
Mana shundan kelib chiqib joriy yili 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – ezgulik va tinchlik dini” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi. Mazkur anjumanda islomshunos olimlar, soha mutaxassislari, ilmiy tadqiqotchilar, yurtimizda ko‘zga ko‘ringan ilm-fan arboblari bilan bir qatorda dunyoning 30 ga yaqin mamlakatidan 80 dan ortiq ulamolar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etadilar.
O‘z navbatida ushbu konferensiya tufayli yurtimizga yanada fayz va baraka yog‘ilib, ko‘plab ilm-ma’rifat hosil qilinishiga sabab bo‘ladi, inshaalloh.
Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekiston davridagi ko‘plab yangilanish va islohotlar yurtimiz mo‘min-musulmonlari hayotiga xursandchilik olib kelmoqda, ularga o‘ziga xos g‘ayrat, shijoat baxsh etmoqda. Shu sevimli Vatan farzandlari sifatida hech ham noshukrlikka yo‘l qo‘ymay, ko‘pdan ko‘p shukrona qilish bizlarning burchimizdir. Chunki noshukrlik ne’matlarni qo‘ldan ketishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo ne’matlarga shukr qilsak, ziyoda qilish va’dasini bergan.
“...agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman...” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Haq taolo barchamizni mustaqil Vatanimiz taraqqiyoti va farovonligi yo‘lida olib borayotgan xayrli ishlarimizga rivoj bersin! Barchamizni shukr qiluvchi bandalardan qilsin! O‘zi va’da qilganiday shukrimiz evaziga ulkan ajr-mukofotlarini ato etsin!
G‘ulomiddin domla XOLBOYEV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi direktori o‘rinbosari
“Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi. Shar’iy istilohda esa, “biror diniy masala, muammo bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘lidir”. Sahoba va tobe’inlar davrida mazhablar ko‘p bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy mazhablari rivoj topgan. Mazkur to‘rt mazhab vujudga kelishining asosiy omili – bular qolgan mazhablarning ta’limotini ham tadqiq qilib, qamrab olganidir.
Bu haqda alloma Ibn Rajab o‘zining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” asarida quyidagi so‘zni aytganlar: “Ko‘plab mazhablar orasidan aynan to‘rt mazhab saqlanib qolishi xuddi Qur’oni karimning yetti qiroatidan faqat bittasi qolganiga o‘xshaydi. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim yetti xil lahjada nozil bo‘lgan. Keyinchalik islom dini atrofga keng yoyilib, musulmonlarning soni ortib bordi va qiroat borasida ular o‘rtasida ba’zi ixtiloflar kelib chiqqach, Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mus'hafni yetti qiroatdan faqat bittasining lahjasida yozdirishga qaror qildi. Oqibatda bugun yer yuzi musulmonlari Qur’onni faqat bitta mus'hafdan ya’ni, Usmon mus'hafida yozilgan xatidan o‘qiydigan bo‘ldi. Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”.
Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo, ittifoq qilganlar.
Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh yana shunday deydi: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda bir martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlarini haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami va marhamati bo‘ldi”.
Ulamolarimiz fiqhiy mazhablar imomlarini va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar: “Allohning roziligiga erishib, jannatiy bo‘lish xuddi tog‘ning cho‘qqisiga chiqishdek bo‘lsa, mazhab imomlari – Qur’on, hadis va shularga asoslangan manbalardan foydalanib, cho‘qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo‘lini topib, belgi qo‘yib, osonlashtirib qo‘ygan kishilardir. Cho‘qqiga chiquvchilar mazkur buyuk to‘rt imom ko‘rsatgan yo‘ldan birini tutsalar osongina, qiynalmasdan maqsadiga erishadi”.
Imom Badruddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobe’inlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobe’inlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, bir-birlariga yoki Rasulullohga ergashganlar”.
U zot yana shunday deganlar: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor: ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.
Shamsuddin Xapizov,
Namangan tumani "Halil hoji" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar