Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446
Maqolalar

Halol mehnat elda aziz va mukarram qiladi

25.09.2024   2876   13 min.
Halol mehnat elda aziz va mukarram qiladi

O‘zbekistondagi islohotlarda inson qadri, uning manfaatlari e’tibor markazida, xalqimiz farovonligi va munosib hayot kechirishini ta’minlash davlatimizning bosh maqsadiga aylangan. Eng muhimi, ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish va o‘zgarishlar har bir yurtdoshimiz turmush tarzida ifodasini topmoqda. Islohotlarning asl maqsadi xalqimizning og‘irini yengil qilish, muammolarini vaqtida va samarali hal etish, odamlarning hayot darajasi va sifatini yaxshilashdan iborat.


Keyingi yillarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida xalqimizning ijtimoiy hayoti, turmush tarzi yaxshilanib bormoqda. Xalqparvar siyosatning ilk samarasi eng chekka hududlar, xonadonlar, yurtdoshlarimiz hayotida aksini topmoqda. Ammo bu jarayonlarda joylarda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar ham mavjudligi sir emas.


Kambag‘allik O‘zbekistonda ko‘p yillar yopiq mavzu bo‘lib keldi. Davlatimiz rahbari 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida bu haqda ochiq-oydin gapirdi va tarixda birinchi marta kambag‘allikni qisqartirishni ustuvor vazifa sifatida belgiladi. Shundan buyoye kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tizimlar ishlar qilinmoqda.


Bu borada ilg‘or xorijiy tajriba o‘rganilib, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan milliy dasturlar ishlab chiqildi. Masalan, “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari hamda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kabi manzilli dasturlar aholining kambag‘al qatlamini qo‘llab-quvvatlashda muhim choralar bo‘ldi.


Joriy yil 11 sentyabr kuni Prezidentimiz kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.  


Unda berilgan topshiriqlar asosida endi mutasaddilar eng og‘ir mahallalardagi nochor oilalarga borib, ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini o‘rganadi, kambag‘allikdan chiqarish choralarini ko‘radi. Davlatimiz rahbari kambag‘allikka tushish sabablari har xil ekan, yechimi ham alohida-alohida bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.


Yig‘ilishda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha keyingi yillar uchun “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi tayyorlanayotgani, unda yettita imkoniyat va mas’uliyat tamoyili asosida O‘zbekistonning navbatdagi yangi yondashuvlari belgilab berilishi ma’lum qilinib, bundan buyon kambag‘allikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanishi aytilgandi. Bu borada mutasaddilarga har bir mahallani to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ulardagi “kambag‘al oilalar portreti”ni ishlab chiqish, kambag‘al oila bo‘yicha individual dastur yaratish, unda har bir vazirlikning vazifasini aniq ko‘rsatish kabi vazifalar belgilangandi.


Shu kabi vazifalar ijrosi doirasida 23 sentyabrda Prezidentimizning “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.


Qaror bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi hamda 2024–2025 yillarda aholini kambag‘allikdan chiqarishning yo‘nalishlar va hududlar kesimidagi maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.


Umuman, hujjatdan 2024 yil 1 noyabrgacha eng og‘ir ahvoldagi mingta mahallaning infratuzilmasini yaxshilash dasturi, 1 dekabrgacha esa tadbirkorlik faoliyati hamda aholining barcha qatlamlariga yashash va dam olishi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 2024–2025 yillarda tuman va shaharlarni jadal kompleks rivojlantirish, jumladan, ularda kamida bittadan mahallada “yashil mahalla” loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi dasturlar tasdiqlanishi kabilar o‘rin olganki, bu shubhasiz, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.


Milliy qadriyatlarimiz bilan chambarchas bog‘lanib ketgan muqaddas dinimiz islomda ham inson, shaxs manfaati birinchi o‘ringa qo‘yiladi. Zotan, islom dinining asl mohiyati inson manfaatlarini qadrlash, uni yuksak maqomga olib chiqishdir. Qur’oni karimning qator o‘rinlarida bu umuminsoniy yuksak qadriyat alohida ta’kidlangan. Islom inson uchun lozim bo‘lgan ma’naviy va moddiy manfaatlar uyg‘unligini o‘zida mujassam eta olgan dindir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimning “Isro” surasida: “Batahqiq, Biz bani Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko‘tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni O‘zimiz yaratgan ko‘p narsalardan mutlaqo afzal qilib qo‘ydik” (70-oyat), degan.


Kambag‘allik va boylik haqida dinimizda nima deyilgan?


Kishilarda boylik va kambag‘allik haqida biroz xato tushuncha bor. U ham bo‘lsa, boylikni Alloh tarafidan berilgan izzat-ikrom, Alloh roziligining alomati, deb e’tiqod qiladilar.


Aksincha, kambag‘allikni Alloh tarafidan xush ko‘rmaganlik alomati, deb tasavvur qiladilar. Aslida unday emas. Alloh taolo molu dunyo, boylikni yaxshi ko‘rgan bandasiga ham, yomon ko‘rgan bandasiga ham beraveradi, shuningdek, yaxshining ham, yomonning ham rizqini tor qilib qo‘yishi mumkin. Boylik Alloh taolo tarafidan bo‘lgan izzat-ikrom emas, balki imtihon-sinovdir, shuningdek, kambag‘allik ham. Sinovdan maqsad esa Alloh taologa itoat: banda boy bo‘lsa, shukr qilib, boylikni Alloh taolo ko‘rsatgan yo‘lga sarflaydimi, yo‘qmi? Yoki kambag‘al bo‘lsa, sabr qiladimi, yo‘qmi?


Boylik afzalmi yoki faqirlikmi, degan savolga buyuk mutakallim, ahli sunnat val jamoat raislaridan biri Abu Muin Nasafiy (r.h.) “Bahrul kalom” asarida javob bergan: Boylik faqirlikdan afzaldir.


Ulamolar aytishganki, sabrli kambag‘al shukr qiluvchi boydan ko‘ra yaxshiroq. Faqih Abul Lays (r.h.) mana shu fikrni olgan. Olimlar sabrli kambag‘al insonning baxil, isrofgar boydan ko‘ra yaxshiroq ekaniga ittifoq qilgan.


Rizq uchun sa’y-harakat qilish dinimiz talabi


Ulamolar: “Agar kishining kuch-quvvati bo‘lsa, kasb-kor qilish unga ruxsat, agar uning quvvati bo‘lmasa, kasb qilish sunnat, agar bolalari va oilasi bo‘lib, ularga muhtoj bo‘ladigan bo‘lsa, kasb-kor qilish farzdir”, deydilar.


Payg‘ambar (s.a.v.)dan rivoyat qilingan hadisi sharif ham bunga dalolat qiladi: “Kimki dunyoni halol holda, tilanchilikdan saqlangan, ahli oilasiga harakat qilgan, qo‘shnisiga yaxshilik istagan holda talab qilsa, qiyomat kunida yuzi xuddi to‘lin oy kechasidagi Oy kabi bo‘lib keladi. Kimki dunyoni faxrlanish va ko‘paytirish maqsadi bilan talab qilsa, Alloh taolo unga g‘azablangan holda yo‘liqib, qiyomat kunida mahshargohga keladi”.


Prezidentimiz ta’kidlaganidek, kambag‘allikni faqat pul tarqatish, nafaqa to‘lash bilan hal qilib bo‘lmaydi. Buning uchun kambag‘al oila a’zolarini o‘qitish, kasbga o‘rgatish va ish bilan ta’minlash juda muhim. Ba’zida kambag‘allikka ishyoqmaslik, dangasalik ham sabab bo‘lishi mumkin. Bunday oilalar yoki fuqarolarga davlat va saxovatpesha homiylar tomonidan bir-ikki marotaba yordam berilishi mumkin.


Lekin “Qo‘ldan berganga qush to‘ymas”, degan gap bor. Shu bois, yaratilgan imkoniyatdan to‘liq foydalangan holda kambag‘al, kam ta’minlangan oilaga pul emas, balki pul topish imkoniyati yaratib berilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu o‘sha fuqaro uchun ham, davlat va jamiyat uchun ham foydalidir.

Aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun ularni ish bilan ta’minlash, ish o‘rinlarini yaratish, yer ajratish choralari ko‘rilmoqda. Har bir kishi halol mehnat qilsa, albatta, Alloh taolo unga rizq va baraka beradi. Shariatimizda ham mo‘minlar halol, o‘z kasbidan hayot kechirishga targ‘ib qilingan. Hadisi sharifda bunday deyiladi:


“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Odam bolasi yeydigan taomdan Allohga kishi qo‘li bilan kasb qiladiganidan mahbubrog‘i yo‘qdir. Albatta, birodarim Dovud qo‘li bilan qilgan kasbidan yer edi”. 


Islom dini mehnat kishisini juda yuksak darajaga ko‘taradi, o‘z rizqini topish uchun qilgan harakatini ibodat qatorida hisoblaydi. Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim qo‘l mehnatidan charchab kunni kech qilsa, uni gunohlari kechirilgan holda kech qilibdi”, deganlar.


Kasb-hunarni qadrlab, mehnatni hayotiy zarurat deb bilishga chaqiruvchi ta’limlardan biri sifatida Payg‘ambarimizdan rivoyat qilingan quyidagi hadisni keltirishimiz mumkin.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga bir kishi tilanchilik qilib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan so‘radilar: “Uyingda biror narsang bormi?” U javob berdi: “Ha, bor. Ba’zisini ostimizga solib, ba’zisini kechasi ustimizga yopadigan yopinchig‘im va suv ichadigan bir idishimiz bor”. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Ikkovini keltir!”. U kishi aytgan narsalarni olib keldi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam keltirilgan narsalarni qo‘llariga oldilar va sahobalardan so‘radilar: “Bularni kim sotib oladi?” Sahobalardan biri: “Men ularni bir dirhamga olaman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bir necha bor: “Kim buning ustiga ziyoda qiladi”, dedilar. Boshqa bir sahoba: “Men ularni ikki dirhamga olaman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ikki narsani sahobaga berdilar va undan ikki dirhamni olib ansoriyga uzatar ekanlar: “Bir dirhamga ovqat sotib olib, ahli ayolingga olib bor va qolgan bir dirhamga bolta sotib ol-da, menga olib kel”, deb amr qildilar.


U odam buyruqni bajarib, bolta sotib olib, huzurlariga keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak qo‘llari bilan boltaga sop yasadilar va uni ansoriyning qo‘liga berdilar-da: “Endi borib o‘tin yig‘ib, uni sot, o‘n besh kun seni ko‘rmayin”, dedilar. Ansoriy shu kunlar ichida o‘tin yig‘ib, uni sotib, o‘n besh dirhamga ega bo‘ldi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga keldi. Shunda Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam: “Bu mablag‘ning bir qismiga ovqat xarid qil, bir qismiga kiyim-kechak sotib ol”, dedilar. So‘ngra marhamat qilib aytdilar: “Bunday qilishing senga yarashadi. Tilanchilik qilishing qiyomat kuni yuzingda dog‘ bo‘ladi”.


Halol mehnat insonni dunyo va oxiratda aziz va mukarram qiladi, boqimanda bo‘lishdan saqlaydi. Halol mehnat qilgan inson ta’madan yiroq bo‘ladi, tinch va osoyishta hayot kechiradi.


Islom dini rizq insonning taqdirida belgilangani, undan ziyodi bandaga yetib kelmasligini ta’kidlasa-da, uni halol, pokiza yo‘l bilan talab qilishga, rizq uchun sa’y-harakat etishga buyuradi. Alloh taolo: “Bas, namoz tugagandan so‘ng yer yuzi bo‘ylab tarqaling va Allohning fazlidan talab qiling va Allohni ko‘p eslang, shoyadki yutuqqa erishsangiz”, degan (“Juma” surasi 10-oyat). Ushbu oyatda Alloh taolo musulmonlarni yer yuzida halol yo‘l bilan rizq topishga targ‘ib qilmoqda va bu ishni Allohning fazlidan talab qilish, deb nomlamoqda.


Mehnatga layoqatsizlarga ko‘mak berish zarurati


Islom dini imkoni bor kishilarni ishlashga, o‘zi va oilasi uchun yetarli darajada rizq topishga buyuradi. Ishlashga imkoniyati yo‘q, bisotida ehtiyojini qoplaydigan mablag‘ga ega bo‘lmagan kishilarga boy qarindoshlarini biriktirib qo‘yadi va ularga nafaqa majburiyatini yuklaydi. Lekin hamma kambag‘alning ham boy qarindoshi bo‘lavermaydi. Islom dini bunday chorasizlarni ham nazardan chetda qoldirmagan. Alloh taolo boy kimsalarga mol-dunyolaridan kambag‘allar haqini berishga buyurgan. U zakot deyiladi.


Zakot kambag‘allikka qarshi kurashadi, musulmonlar o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarini yaxshilaydi, ularda saxiylikni tarbiyalaydi, qalbni baxillik va xasislikdan tozalaydi, mol-mulkni ziyoda qiladi va turli kulfatlardan saqlaydi. Allohning marhamatidan umid qilgan va odobning yuqori cho‘qqilarini egallamoqchi bo‘lgan har bir musulmon o‘ziga berilgan ne’matlarni muhtojlar bilan bo‘lishishni bilishi lozim. U o‘zgalarga foyda keltirib, Alloh taoloning roziligiga erishishga harakat qilmog‘i kerak. Zakot berish minnatdorlik va shukronalikni izhor qilishdir. Buning uchun Alloh o‘z ne’matlarini yanada ziyoda qiladi.


Davlat, jamiyat va insonlar kuch-qudratini kambag‘allikni ketkazish yo‘lida ishga solib, o‘zaro birdamlikda harakat qilsa, faqir va muhtojlar qolmaydi. Jamiyat tinchlik, farovonlik va o‘zaro birdamlikda yashaydi. Shunday ekan, Prezidentimizning qambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha bildirgan tashabbuslari atrofida birlashib, kam ta’minlanganlarga ko‘mak ko‘rsatsak, ularning baxtli va farovon yashashi uchun hissamizni qo‘shsak, o‘ylaymanki, Alloh taolo zimmamizga yuklagan insoniylik burchimizni ado etgan bo‘lamiz. 


Zayniddin domla ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari

 

"Yangi O‘zbekiston" gazetasining

2024 yil 25 sentyabr, 195-sonidan

MAQOLA
Boshqa maqolalar

“JUMADAN JUMAGACHA” (20.12.2024)

22.12.2024   12705   1 min.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati