Sayt test holatida ishlamoqda!
01 May, 2025   |   3 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:51
Quyosh
05:21
Peshin
12:25
Asr
17:16
Shom
19:23
Xufton
20:47
Bismillah
01 May, 2025, 3 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Sinovlarga cabr qilish cunnatdir

26.09.2024   6156   2 min.
Sinovlarga cabr qilish cunnatdir

Alloh taolo Payg‘amba­rimiz sollallohu alayhi va sallamga bir qancha sinovlarni yubordi. Ha­li dunyoga kelmasidan otalaridan, olti yoshida onalaridan, sakkiz yoshida suyanchig‘i – bobolaridan ayrildilar.


Islom ummat orasida keng yoyilguncha ko‘plab mashaqqatlar chekdilar. Yettita farzandlaridan oltitasini o‘z qo‘llari bilan yerga qo‘ydilar. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom bularning barchasiga go‘zal sabr qildilar.


Ulamolar aytadilarki, bu sinovlar bilan Alloh taolo Rasulimizning hayotlaridagi har bir lahzasini qiyomatga qadar keladigan ummatlari uchun dasturilamal bo‘lishini iroda qilgan.


Barcha mo‘minlar xotirjamlik, taqdirdagi yaxshilik ham, yomonlik ham Alloh taolodan ekaniga iymon keltiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam mana shu iymonni hayotlarida o‘zlari yaqqol ko‘rsatib berganlar.


Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu bilan Makkai mukarramadan Madinaga hijrat qilib ketayotganlarida orqalaridan ularni qatl qilish uchun kela­yotganlar bor edi. Abu Bakr bundan qattiq xavotirda ular­ni ko‘rib: “Yo Rasululloh, yaqin­lashib qolyapti-da”, dedi. Pay­g‘ambarimiz alayhissalom esa: “Xotirjam bo‘ling”, dedilar. Yoki g‘orda Abu Bakr: “Rasululloh hozir sal egilsalar, bizlarni ko‘rib qoladi”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qo‘rqma, Alloh biz bilan-ku”, deya Abu Bakrni xotirjam qildilar.


Rasululloh qabristondan o‘tib ketayotganlarida bir ayol dod-faryod bilan sochlarini yulib, yuzlarini tirnab, butun bag‘ri bilan o‘zini yerga urib yotgandi. Payg‘ambar alayhissalom unga: “Sabr qiling”, dedilar. U: “Siz yo‘lingizda ketavering, men bilan nima ishingiz bor?” deya qo‘pollik qildi. Rasululloh: “Sabr qilsangiz yaxshi bo‘ladi”, deya ketdilar. Keyin sahobai kiromlar keldilar: “Ey onaxon, nima qilib qo‘ydingiz, bu kishi kimligini bilasizmi, Payg‘ambarimiz alayhissalom edilar-ku, yaxshi ish qilmadingiz, beodoblik qilib qo‘ydingiz. Siz bir farzandingizdan ayrilgan bo‘lsangiz, bu kishi bir necha farzandlarini yer bag‘riga qo‘yganlar-ku”, deyishganda, boyagi ayol xatosini anglab, so‘ngra Rasulullohdan borib uzr so‘radi. Shunda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Albatta, sabr (musibatning) birinchi zarbasidadir”, deb marhamat qildilar.


Hayotda har qanday holatda ham sabr qilish, kishi o‘zini xotirjam tutishi Payg‘ambarimizdan bizga berilgan sunnatdir. Unga ergashganlargina ikki dunyoda ham saodat topadilar, inshoalloh. 


Zayniddin ESHONQULOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

raisi o‘rinbosari

"Hidoyat" jurnalining 7-sonidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Qiyomatda ular borasida so‘roq qilinmaymizmi?

30.04.2025   1670   3 min.
Qiyomatda ular borasida so‘roq qilinmaymizmi?

Alloh taolo aytadi: «Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir»[1].

O‘zingizdan boyroq bo‘lganlar bilan tenglashishga urinmang. Aks holda bo‘yningizgacha qarzga botib, malomatga qolasiz.

O‘zingizga, oila a’zolaringizga, shuningdek, qo‘li yupin kishilarga nisbatan ziqnalik qilmang. 

Ziqna odam uchun ta’magir bo‘lmasdan yashayotganining o‘zi katta gap. Alloh taolo aytadi: «(Baxillik qilib) qo‘lingizni bo‘yningizga bog‘lab ham olmang. (Isrofgarchilik qilish bilan) uni butunlay yoyib ham yubormang. Aks holda malomat va mahrumlikda o‘tirib qolursiz»[2].

Men juda katta maosh oladigan, biroq oy tugamasidanoq oyligidan bir chaqa ham qolmaydigan kishilarni bilaman. “Ular shuncha pulni, mol-dunyoni qayerga sarflashyapti ekan”, deb hayron qolaman. Alloh taolo aytadi: «...va  mutlaqo yo‘l qo‘ymang! Chunki isrofgarlar shaytonlarning do‘stlaridir. Shayton esa, Parvardigoriga nisbatan o‘ta noshukr edi»[3].

Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu: “Ancha kunga yetadigan ro‘zg‘orlikni bir kunda ishlatib yuboradigan oilaga achchig‘im keladi”, deganlar.

Muoviya roziyallohu anhu: “Zoye bo‘lgan, birovning haqqi o‘tib ketgan narsani “isrof” deb hisoblayman”, deganlar.

Sarf-xarajatda isrofgarchilikka yo‘l qo‘yadiganlar, ziqnalik qiluvchilar dunyoda har kuni qanchadan-qancha musulmon ochlikdan o‘layotganini nahot bilishmasa?!

Kimdir e’tiroz bildirib: “Ular bizdan uzoqda-da” desa, “Axir ular bizning Islomdagi birodarlarimiz, din qardoshlarimiz-ku!” – deymiz.  Biz erta qiyomat kunida ular borasida ham so‘roq qilinmaymizmi? Qolaversa, oramizda ro‘zg‘origa ora-sirada go‘sht kiradiganlar bor. Gohida shu ozgina go‘shtni olishga ham imkon topa olmay, oylab go‘sht yemaydilar.

Bir jamoa odamlar Qays ibn Uboda roziyallohu anhuning oldilariga ozroq yegulik so‘rab kelishdi. U zot bog‘larida to‘kilgan mevalarni terib, yaxshisini chirigidan ajratib saralayotgan edilar. Ular Qays roziyallohu anhuga nima uchun kelishganini aytishdi. Sahobiy ularga so‘raganlarini berdilar. Kelgan jamoa bir-birlariga ajablanib qarab: “Nochor hayot kechirayotgan bo‘lsangiz, yana qizg‘anmay infoq qilishingiz qiziq bo‘ldi-ku”, deyishdi. U zot: “Sizlarga ehson qilish uchungina shunday yashayman”, dedilar (ya’ni, sahobiy roziyallohu anhu men iqtisod qilaman va isrof qilmaganim holda, siz kabi muhtojlarga yordam berishga ham ortinaman demoqchi bo‘ldilar).

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Chiqimda iqtisod qilish tirikchilikning yarmidir. Odamlarga muhabbatli bo‘lish aqlning yarmidir. Chiroyli savol berish esa yarim ilmdir”, [4] dedilar.

Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim farzandiga iqtisod qilib yashashni o‘rgatsa, unga ko‘p meros qoldirishdan ham ko‘proq yaxshilik qilibdi”.


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1] Furqon surasi, 67-oyat.
[2]  Isro surasi, 29-oyat.
[3] Isro surasi, 26–27-oyatlar.
[4]  Imom Tabaroniy rivoyati.