Bismillahir Rohmanir Rohiym
Haqiqiy baxtli inson – boshqalarni qo‘yib, o‘zining aybu nuqsonlarini isloh qilish bilan band bo‘lgan kishidir.
Haqiqiy baxtli inson – tiriklikni qadriga yetib, bu dunyo o‘tkinchi ekanligi, abadiy emasligini anglagan kishidir.
Haqiqiy baxtli inson – Allohni doim zikr qilib yuradigan, kamchilik va xatolariga istig‘for aytadigan kishidir.
Haqiqiy baxtli inson – gapirganda ham, eshitganda ham faqat huddi mevalarning eng totlisini tanlagandek, eng yoqimlilarini so‘zlaydigan va tinglaydigan kishidir.
Haqiqiy baxtli inson – umidsizlikka tushmaydigan, biror musibat yetganda uni taqdirdan deb biladigan, qo‘ldan ketgan narsaga achinmaydigan kishidir.
Haqiqiy baxtli inson – Allohni zikr qilganda qalbi orom oladigan, garchi turmushi tang halatda bo‘lsada o‘zgalarning nazarida shodu xurram yurgan kishidir.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Savol: Hadisda “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, deyilganini o‘qidim. Hadisdagi ushbu kenglikdan murod nima?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Haqiqatda, hadisi shariflarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimki Ashuro kunida ahli ayoliga kenglik qilsa, Alloh unga yil davomida kenglik qiladi", deb marhamat qilganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ulamolar mazkur hadislardagi kenglikni yeb ichish, kiyim-kechak va boshqa narsalarda kenglik qilishni iroda qilingan deganlar. Ya’ni odamlar shu kuni oila a’zolariga xuddi bayramlardagi kabi, balki undan ham yaxshiroq mo‘l-ko‘lchilik qilib bersalar, Alloh taolo ularga yil davomida kengchilik qiladi, deb tushunish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi