Sayt test holatida ishlamoqda!
06 Iyul, 2025   |   11 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:13
Quyosh
04:56
Peshin
12:33
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:39
Bismillah
06 Iyul, 2025, 11 Muharram, 1447

Islom so‘zining 5 ma’nosi

26.09.2024   9651   7 min.
Islom so‘zining 5 ma’nosi

Islom so‘zi “salima” “yaslamu”, “salaaman” va “salaamatan” kabi so‘zlarning o‘zagidan olingan.

Islom so‘zining ma’nosi turli ma’nolarni anglatsada, biroq barcha ma’nolar bir ezgu maqsad – tinchlikka yo‘nalgandir. Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Ey, iymon keltirganlar! Islomga to‘lig‘icha kiring. Va shaytonning izidan ergashmang (Baqara surasi, 208-oyat).

Tilshunos olim Abu Amr Shayboniy ushbu oyatdagi “silm” so‘zini Islom deb sharhlaydi.

Ushbu oyati karimadagi “kaafatan ya’ni to‘lig‘icha, yoppasiga” so‘zi barcha insonlar tinchlik yo‘lini tutishlari lozimligini bildiradi. Allohning amr farmoniga itoat etgan holda hamisha ahil va inoqlikda yashashlari darkor.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmon bandani ta’riflab: “Musulmon boshqa musulmonlarga tili bilan ham, qo‘li bilan ham ozor yetkazmagan kishidir”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Ahmad, Ibn Hibbon rivoyati).

Bu hadisga ko‘ra, musulmon so‘zi “barchaga yaxshilik istovchi, dilozorlikdan yiroq” kabi ma’nolarni ifodalaydi.

Shuning uchun ham, musulmonlar o‘zaro muomalalarini doimo bir-birlariga tinchlik tilash, ya’ni salomlashish bilan boshlaydilar. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Sizlarga salom bo‘lsin, Robbingiz O‘z zimmasiga rahmatni yozdi” (An’om surasi, 54-oyat).

Arab tilidagi salom so‘zining to‘rt xil ma’nosi bor.

Birinchisi, “salima” so‘zining masdari “salaam” bo‘lib, u turli “balo-ofatlardan omonda bo‘lish”ni anglatadi.

Ikkinchisi, “salaama” so‘zining ko‘plik shakli, u “tinchlik va omonlik” kabi ma’nolarni bildiradi.

Uchinchisi, Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri bo‘lgan “as-Salom”, ya’ni, “barcha nuqsonlardan salomat, tinchlik-xotirjamlik beruvchi” degan ma’noni anglatadi.

To‘rtinchisi, “salam” ya’ni, “sersoya va hamisha yashil bo‘lib turuvchi daraxt”dir.

Abu Is'hoq Zujajning fikriga ko‘ra, “salaam” so‘zi “sallama”dan olingan bo‘lib, “insonning og‘ir sinov, g‘am-alam va tashvishlardan omonda bo‘lishi”ni anglatadi[1].

Shuningdek, jannatning nomlaridan biri “Dorus-salom” (tinchlik diyori) deb nomlangan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ularga Robbilari huzurida dorus-salom (tinchlik uyi) bordir” (An’om surasi, 127-oyat); “Alloh (odamlarni) tinchlik diyori (jannat)ga chorlaydi va xohlagan kishini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat etadi” (Yunus surasi, 25-oyat).

Jannatda faqat tinchlik, xotirjamlik, salomatlik, rohat-farog‘at, anvoyi nozu ne’matlar bo‘lgani, unda o‘lim, kasallik, uyqu, g‘am-tashvish degan narsalar yo‘q.

Imom Asfahoniyning fikriga ko‘ra, “salaam” va “salaama” so‘zlari barcha musibat, g‘am, tashvishlardan chetda bo‘lish ma’nosini anglatadi. Alloh bunday marhamat qiladi: “Magar kim Alloh huzuriga toza qalb ila kelar, (o‘sha manfaat topar)(Shuaro surasi, 89-oyat).

Toza qalb – turli zulm va yomonliklardan holi bo‘lgan qalbdir. Shuningdek, Qur’oni karimda tinchlik, xotirjamlik haqida yana boshqa ko‘plab oyatlar mavjud bo‘lib, ular quyidagilardan iborat:

“U (jannat)larga tinchlik, omonlik ila kiringlar (deyilur) (Xijr surasi, 46-oyat);

“Bizdan (bo‘lmish) salomatlik va senga va sen bilan birgalikdagi jamoalarga (atalgan) barakotlar bilan (kemadan yerga) tushgin!” (Hud surasi, 48-oyat);

“U bilan Alloh rizosini topishga intilganlarni (U) tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur” (Moida surasi, 16-oyat);

“ ... johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda «Salomatlik bo‘lsin!» deb javob qiladigan kishilardir” (Furqon surasi, 63-oyat).

(Ularga) rahmli Parvardigor (tomoni)dan salom (aytilur) (Yosin surasi, 58-oyat);

(Alloh yo‘lida turli mashaqqatlarga) sabr qilib o‘tganlaringiz sababli (endi bu yerda) sizlarga tinchlik bo‘lgay” (Ra’d surasi, 24-oyat).

Bu oyatlar Islom – tinchlik, omonlik, xotirjamlik va sihat-salomatlik dini ekanining yaqqol isboti sanaladi.

Yuqorida ta’kidlanganidek, yashil daraxt ham Islom so‘zining lug‘aviy ma’nolaridan biri hisoblanadi. Arab tili lug‘atiga oid ikki mashhur “Lisanul arab” va “Tahzibul lug‘at” asarlarida Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayhining quyidagi so‘zlari keltiriladi:

“As-salaam abadiy yashil, ulkan bir daraxtdir”[2].

Bir qator lug‘atshunos olimlar “as-salaam” so‘zi “yashil daraxt” ma’nosini anglatishini qo‘llab quvvatlashgan. Chunki bu daraxt hatto kuzda sarg‘aymaydi, hech chirimaydi ham.

Buyuk lug‘at olimlaridan biri Abu Muhammad Abdulloh ibn Barriyning fikriga ko‘ra, bu daraxt “salm” deb nomlanadi va uning ko‘plik shakli “salaam” hisoblanadi. Uning bunday atalishiga sabab,  daraxt hamisha yashil rangda va sersoya ekanligidir.

Shuningdek, narvon arab tilida “sullam” deb ataladi. Bu haqda Zujaj bunday yozadi: “Sullam” so‘zi “narvon” ma’nosini anglatadi, chunki u orqali sen ko‘tarilmoqchi bo‘lgan joyga sog‘-salomat yetib olasan[3].

Yuqoriga chiqish yoki ko‘tarilishning narvondan boshqa yo‘llari ko‘pincha shikastlanish yo jarohatlanish kabi baxtsiz holatlar bilan yakun topishi mumkin. Shu bois, narvon sababli turli xavf-xatarlardan salomat, xotirjam bo‘lingani uchun arab tilida narvon sullam deb nomlangan. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “yoki osmonga narvon qo‘yib(An’om surasi, 35-oyat).

“Lisanul-arab” asari muallifi Ibn Manzur esa “sullam” so‘zini quyidagicha sharhlaydi: “Sullam bu – katta chelak degani”[4].

Paqir – quduqdan suv olish vositasi bo‘lib, qadimda odamlar uning yordamida quduqlardan suv olishardi. Lekin nega aynan chelak “sullam” deb ataladi? Chunki odamlar uning yordamida suv tortib chanqog‘ini qondirishgan, uylariga olib ketib, tahorat uchun ishlatishgan.

Suv – barcha maxluqot, jonzot, nabotot va o‘simlik uchun salqinlik, sokinlik, tiriklik va hayot manbai. Shuning uchun unga erishish vosita bo‘lgan chelak “sullam” deyiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Islom – tinchlik, omonlik va xotirjamlik dini. Tinchlik – Islom dinining shiori, bosh g‘oyasi. Uning ta’limoti bashariyatni tinchlikka chaqirish, yer yuzida osoyishta hayot o‘rnatish, insonlarning o‘zaro mehr-muruvvatli bo‘lishga chaqirishdan iboratdir. Zo‘ravonlik, janjal, qotillik va buzg‘unchiliklarning har qanday ko‘rinishini qoralaydi hamda ulardan qaytaradi.

Davron NURMUHAMMAD

 

[1] Abu Mansur Muhammad ibn Ahmad al-Azhariy. Tahzib al-lug‘at. – Maydon al-jaysh: Dor al-qavmiyya al-arabiyya, 1964. J. 4. – B. 292.

[2] Ibn Manzur Afriqiy. Lisan al-arab. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1984. J. 12. – B. 297.

[3] Ibn Manzur Afriqiy. Lisan al-arab. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1984. J. 12. – B. 297.

[4] Ibn Manzur Afriqiy. Lisan al-arab. – Bayrut: Dor al-kutub al-ilmiyya, 1984. J. 12. – B. 201.

Boshqa maqolalar

Ashuro ro‘zasining fazilati

04.07.2025   2267   2 min.
Ashuro ro‘zasining fazilati

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam aslamlik bir kishiga odamlar ichida «Kim biron narsa yegan bo‘lsa, kunning qolganida ro‘za tutsin, kim yemagan bo‘lsa, u ham ro‘za tutsin, chunki bugun Ashuro kuni», deb jar solishga buyurdilar».

Ikki Shayx va Nasaiylar rivoyat qilishgan.

Rubayyi’ bint Mu’avviz ibn Afro roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ashuro kuni ertalab Madina atrofidagi ansorlarning qishloqlariga odam yuborib, «Kim ro‘za tutgan holda tong ottirgan bo‘lsa, ro‘zasini tugal qilsin. Kim og‘zi ochiq holda tong ottirgan bo‘lsa, kunining qolganini (ro‘za bilan) tugal qilsin», dedilar.

Shundan keyin biz uning ro‘zasini tutadigan va yosh bolalarimizga ham Alloh xohlaganicha tuttiradigan bo‘ldik. Masjidga borib, ularga yungdan o‘yinchoq qilib berar edik. Birortasi ovqat deb yig‘lasa, iftorgacha unga o‘shani berar edik».

Muslim rivoyat qilgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

«Men Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kunining hamda ushbu oy, ya’ni Ramazon oyining ro‘zasidan tashqari biror kunni boshqasidan afzal ko‘rib, ro‘za tutishga qasd qilganlarini ko‘rmadim».

Ikki Shayx rivoyat qilgan.

Izoh: Ya’ni, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam qachon Ashuro kuni kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib turar ekanlar. Boshqa biror kunning ro‘zasini tutish uchun bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar.

Shuningdek, Ramazon oyini ham qachon kelar ekan, ro‘zasini tutsam, deb, intiq bo‘lib kutar ekanlar. Boshqa biror oyning ro‘zasini tutishni bunchalik intizor bo‘lib kutmas ekanlar. U kishining ummatlari, ya’ni bizlar ham shunday bo‘lishimiz lozim.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ramazondan keyingi eng afzal ro‘za Allohning oyi muharramdadir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tungi namozdir», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ashuro kunining ro‘zasi o‘zidan oldingi yilning gunohlariga kafforat bo‘ladi», dedilar».

Muslim rivoyat qilgan.