Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rivoyat qilishlaricha, Abu Yusuf rahimahullohga Hotamul Asom degan zot masjidda zuhddan ma’ruza qilayotgan emish degan xabar keldi. Shunda u kishi shogirdlariga: qani borib eshitaylikchi, nimalar haqida gapirayotgan ekan, deb masjidga bordilar va Hotamul Asomga: “Ey yigit, menga namoz haqida gapirib ber”, dedilar.
Hotamul Asom: “Namozning odoblari haqida aytib beraymi yoki uning kayfiyati haqida so‘rayapsizmi?” dedi.
Abu Yusuf uning bu gapidan taajjubga tushdilar va ichlarida: “Biz undan bitta narsani so‘rasak, u ikkita narsani aytmoqchi”, dedilar. “Mayli bizga namozning odoblari haqida aytib beraqol”, dedilar.
Hotamul Asom so‘z boshladi: “Namozning odoblari budir: Yaratganning amriga itoat etib o‘rindan turmoqlik, savob umidida namozgohga bormoqlik, niyat ila namozga kirmoqlik, Allohni ulug‘lab takbir aytmoqlik, tartil bilan qiroat qilmoqlik, xushu’ ila ruku’ qilmoq, xuzu’ ila sajdaga yiqilmoq, ixlos bilan tashahhud aytmoq, rahmat tilab salom bermoq”, dedi.
Abu Yusuf rahimahulloh: “Endi namozning kayfiyati haqida gapirib ber”, dedilar.
Hotamul Asom so‘z boshladi: “Ka’bani ikki qoshingiz orasiga olasiz, mezonni ko‘z o‘ngingizga keltirasiz, sirot ko‘prigini oyog‘ingiz ostiga, o‘ng yoningizga jannatni, chap yoningizga do‘zaxni keltirasiz, ortingizda esa, o‘lim farishtasi poylab yuribdi. Ana shundan keyin namozingiz qabul bo‘ldimi yoki rad etildimi, shuni o‘ylaysiz”, dedi.
Abu Yusuf so‘radilar: “Sen qachondan beri namozni shunday kayfiyatda o‘qiysan?”.
Hotamul Asom: “Yigirma yildan beri shunday namoz o‘qiyman”, deb javob berdi.
Shundan keyin Abu Yusuf rahimahulloh shogirdlari tomon o‘girilib: “Yuringlar, borib ellik yillik namozimizni qaytadan qazo qilib o‘qib olamiz”, dedilar.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.