Bugun, 30 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida Robiul avval oyi munosabati bilan Nabiy alayhissalom siyratlariga bag‘ishlangan mavlidi sharif, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining “Rabboniy nidolar” va “Yoshlarga nasihatim” kitoblari taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Qur’oni karim tilovati va Muftiy hazratlarining duolari bilan boshlandi.
Marosimda so‘zga chiqqan notiqlar Haq taolo diyorimizga behisob xayru barakalarini yog‘dirayotgani, so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlarni ota-bobolarimiz yuz yillar davomida orzu qilishgani, xususan, Robiul avval oyida yurtimizdagi masjidlarda mavlidlar o‘qilishi, diniy ta’lim muassasalari soni tobora ortib, ustoz va talabalarga eng yaxshi sharoitlar qilib berilayotgani, yuzlab kitoblar nashr etilayotganini alohida ta’kidladilar.
Shuningdek, Muftiy hazratlari muallifliklaridagi hadisi qudsiy va yoshlar tarbiyasiga oid mazkur kitoblarni mutolaa qilgan kitobxon dinimiz mohiyatini yanada teran anglashi, “Rabboniy nidolar” o‘zbek tilida qudsiy hadislar jamlanib, mo‘tabar manbalar asosida sharhlangan ilk nashr ekani, “Yoshlarga nasihatim” kitobida yoshlarga oid muhim masalalar sodda, ravon va ta’sirchan uslubda yozilganiga urg‘u qaratildi.
Ta’kidlash joizki, joriy “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da yurtimizda davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. “Yoshlarga nasihatim” kitobi ham ana shu tashabbusdan ilhom olib yozilgan.
Kitobni mutolaa qilgan o‘quvchi o‘zini buyuk ajdodlarimizning vorisi ekanligini tasavvur etadi hamda ularga munosib avlod bo‘lishga, bilim olib yetuk shaxs bo‘lib voyaga yetishishga, yurtimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligi yo‘lida xizmat qilishga bel bog‘laydi. Zero, kitobdan ko‘zlangan asl maqsad ham shu aslida.
So‘ng Robiul avval – Rasululloh sollallohu alayhi va sallam tavallud topgan oy munosabati bilan Payg‘ambarimizning hayot yo‘llari, u zotning butun ummatga, barcha insoniyatga ezgulikda namuna ekanliklari oyat va hadislar, mavlidi shariflar va turli ijodiy chiqishlar orqali namoyon etildi.
Tadbir so‘nggida Muftiy hazratlari so‘zga chiqib, siyrat oyida Muhammad sollallohu alayhi vasallam xusni xulqlarini o‘rganish va ularni farzandlarimizga o‘rgatish inson ruhiy olamini boyitishi, mazkur kitoblar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarni ilm-ma’rifatli qilish yo‘lidagi kamtarona urinish ekanini izhor etdilar. Shuningdek, mana shunday ma’rifiy tadbirlarni o‘tkazishdan maqsad, xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni komil inson qilib tarbiyalash, ilm-ma’rifat, ta’lim-tarbiyasini yuksaltirish hamda yurtimiz rivoji, dinimiz rivoji va xalqimiz faravonligiga hissa qo‘shadigan munosib avlodni tarbiyalash ekanini bayon etdilar.
Qasidalar, munojotlar va salovoti shariflar marosimga o‘zgacha fayz baxsh etdi.
Bahriddin Xushboqov,
Farrux Yo‘ldoshev (surat),
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ أَنَسٍ رَضِي اللهُ عَنْهُ: أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ يُصَلِّي الْجُمُعَةَ حِينَ تَمِيلُ الشَّمْسُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam jumani quyosh oqqan paytda o‘qir edilar».
Abu Dovud rivoyat qilgan.
عَنْ سَلَمَةَ بْنِ الْأَكْوَعِ رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ: كُنَّا نُصَلِّي مَعَ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الْجُمُعَةَ، فنَرْجِعُ وَما نَجِدُ لِلْحِيطَانِ فَيْئًا نَسْتَظِلُّ بِهِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَأَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.
Salama ibn Akva’ roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan jumani o‘qir va qaytar edik, o‘zimizni soyaga olish uchun devorlarning soyasini topmas edik».
Muslim, Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan.
عَنْ عَمْرِو بْنِ عَبَسَةَ قَالَ: كَرِهَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الصَّلَاةَ نِصْفَ النَّهَارِ إِلَّا يَوْمَ الْجُمُعَةِ؛ فَإِنَّ جَهَنَّمَ تُسْجَرُ إِلَّا فِي يَوْمِ الْجُمُعَةِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالطَّبَرَانِيُّ.
Amr ibn Abasadan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam juma kunidan boshqa paytda kunning qoq o‘rtasidagi namozni xush ko‘rmaganlar. Chunki (bu paytda) jahannam juma kunlaridan boshqa vaqtda qizitiladi».
Abu Dovud va Bayhaqiy rivoyat qilgan.
«Juma haqidagi oyat va hadislar» kitobidan