Bismillahir Rohmanir Rohiym
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam hijriy 11-yili muharram oyida Rum yurtlariga yurishga musulmonlar tayyorgarlik ko‘rishini buyurdilar. Qo‘shin qo‘mondonligini endigina o‘n sakkiz yoshga kirgan Usoma ibn Zaydga topshirdi. Unga G‘azza yaqinida joylashgan Balqa va Dorum qal’alarini olib, so‘ngra Madinaga qaytish tayinlandi.
Ammo yosh yigitning qo‘mondon etib tayinlanishi munofiqlar va ba’zi musulmonlar tomonidan ma’qullanmadi. Bu kabi gap-so‘zlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qarorini o‘zgartira olmadi.
Birinchidan, Muta jangida otasi Zayddan ayrilgan yosh Usomaga dalda berish uchun Rasululloh alayhissalom uni qo‘mondon qilib tayinladilar va yuborilayotgan manzil otasi o‘lgan joylarga yaqin edi.
Ikkinchidan, boqiy dunyoga ketishlari oldidan sahobalarini har qanday qiyinchilikka tayyor turishlarini, tayinlangan rahbar buyrug‘iga itoat etish bilangina muvaffaqiyatga erishishlari borasida ta’lim berdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ixtiloflarga chek qo‘yish uchun xutba qilib, musulmonlarni o‘z hukmdorlari tomonidan tayinlangan amirlarga itoat qilishni buyurdilar.
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: “Agar siz uning tayinlanishidan norozi bo‘lsangiz, avvalroq uning otasining tayinlanishidan ham norozi bo‘lgansiz. Allohga qasamki, Zayd amirlikka loyiq edi va men uchun eng aziz kishilardan edi va haqiqatan, Usoma ham men uchun eng aziz kishilardan biridir”.
Oisha roziyallohu anho aytadilar:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Usomaning burnini artib qo‘ymoqchi bo‘ldilar. Men u zotga:
«Menga qo‘yib bering, o‘sha ishni men qilay», dedim.
«Ey Oisha, unga muhabbat qilgin! Bas, ta’kidlab aytamanki, men unga muhabbat qilurman», dedilar».
Usoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida o‘tirgan edim. Birdan Ali bilan Abbos kelib, izn so‘rab qolishdi.
«Ey Allohning Rasuli, Ali bilan Abbos izn so‘rashmoqda», dedim.
«Ularni nima olib kelganini bildingmi?» dedilar.
«Bilmadim», dedim.
«Ammo men bilaman», dedilar.
Bas, u zot izn berdilar. Ular kirdilar va:
«Ey Allohning Rasuli, huzuringizga ahlingizdan qay biri sizga eng mahbubi ekanligini so‘ragani keldik», deyishdi.
«Fotima binti Muhammad», dedilar.
«U ahlingiz haqida so‘ragani kelganimiz yo‘q», deyishdi.
«Ahlimning menga eng mahbubi, batahqiq, Alloh unga in’om bergan va men ham unga in’om bergan shaxs, Usoma ibn Zayddir», dedilar.
«So‘ngra kim?» dyeyishdi.
«So‘ngra Ali ibn Abu Tolib», dedilar.
Shunda Abbos:
«Ey Allohning Rasuli, amakingizni oxiriga qo‘ydingizmi?» dedi.
«Chunki Ali hijrati ila sendan o‘zib ketgan», dedilar».
Usoma roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam og‘irlashib qolganlarida tushdim. Odamlar ham Madinaga tushdilar. Men u zotning oldilariga kirdim. Bas, jim bo‘lib qolgan ekanlar. Gapirmadilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qo‘llarini ustimga qo‘yib, ko‘tara boshladilar. U zot meni duo qilayotganlarini bildim» (Imom Termiziy rivoyati).
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi Po‘latxon Kattayev
“Mazhab” so‘zi arabchada “yo‘l”, “yo‘nalish”, shar’iy istilohda esa “diniy masala bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘li” ma’nolarini bildiradi.
Mashhur alloma Ibn Rajab (1335-1393 m.y.): “Ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”, deb yozgan (“To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” kitobi).
Ulamolar mazhablarga ergashish Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning quyidagi hadisiga amal qilishdir, deb ta’kidlaydilar: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Moja, 3950-hadis).
Mazhablardagi bitta masalaga nisbatan turlicha yondashishlik islom shariatida musulmonlar uchun keng imkoniyatlar mavjudligidan dalolat beradi. Mazhablarda u yoki bu masala islom ahkomlari, muayyan jamiyat, xalq yoki millatning urf-odatlari, qadriyatlari hamda ijtimoiy munosabatlarning mazmunini ham hisobga olgan holda, eng ma’qul shaklda hal qilingan.
Islom ulamolari shar’iy hukmni va uning dalilini bilmaydigan musulmon odam (muqallid)mujtahid olimga taqlid qilishi zarurligini ta’kidlaydilar. Bunga Qur’ondagi ushbu oyatni dalil sifatida keltirish mumkin: “Agar bilmasangiz zikr ahllaridan so‘rang” (Nahl surasi, 43-oyat).
Mazhablarda Qur’on, sunnat, ijmo va qiyosdan dalil sifatida foydalanishning o‘ziga xos qoidalari, usul va tamoyillariga asoslangan muayyan tizim mavjud. Masalalar tizimli ravishda hal bo‘lgan. Mazhabsizlarda esa hech qanday ijtihod usul va qoidalari yo‘q bo‘lib, “Qur’on va Sunnatga murojaat qilamiz” qabilidagi dalilsiz da’vo bilan hukmlar berilmoqda. Maqsadiga, ra’yiga va nafsiga to‘g‘ri kelgan dalillarni olib, qolganlarini tashlash esa yomon oqibatlarni keltirib chiqarmoqda.
Bemazhablar omma musulmonlar ichida ko‘plab noto‘g‘ri talqin qilingan aqidaviy va fiqhiy masalalarni tarqatmoqdalar. Vaholanki, bu masalalar Ahli sunna olimlari tomonidan allaqachon hal qilingan.
Mazhabsizlar tarafdorlarining ayrim iddaolaridan ularning da’volari asossiz ekaniga ishonch hosil qilish mumkin:
– bemazhablar “Qur’on bitta va Payg‘ambar bitta bo‘lsa, to‘rt mazhab orasida fiqhiy ixtiloflar bor, haq bitta emasmi?” deydilar.
Mazhablar bir manba – Qur’on va sunnatga asoslanadi. Mazhablarning biriga ergashgan kishi Qur’on va sunnatga ergashgan bo‘ladi.
– Mazhabsizlik tarafdorlari “Imom Buxoriy bemazhab bo‘lgan”, deb dalil qiladi. Vaholanki, Imom Buxoriy yashagan davrda u kishiga o‘xshash ilmi ijtihod darajasiga yetgan, o‘zi ijtihod qilganlar ko‘p bo‘lgan. Hamma ulamolar ilmi mujtahidlikka yetgan odam, o‘zi ijtihod qiladi, deganlar. Hozir esa o‘sha davrdagi kabi mujtahidlar yo‘q ekanini hisobga olmaydilar.
Aksincha, Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimcha yangi hukm chiqarish, fitna qo‘zg‘ash kabi islomda qat’iyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab bo‘lmoqda. Shu nuqtayi nazardan, marhum Shayx Muhammad Said Ramazon Butiy qayd etganidek: “Mazhabsizlik islom shariatiga tahdid soladigan xatarli bid’atdir”.
Ming afsuslar bo‘lsinki, mana shunday yetuk olimlar bir mazhabni mahkam ushlab, to‘g‘riligini e’tirof qilib turgan bir paytda ba’zi yurtdoshlarimiz hali dastlabki ilmiy ko‘nikmalarni hosil qilmagan bo‘lsalarda: “Men Qur’on va hadisdan o‘zim hukm olaman” deb, da’vo qilib, turli ixtiloflarni keltirib chiqarmoqdalar. Ba’zida o‘zlari adashgani yetmagandek, o‘zgalarni ham yo‘ldan urmoqdalar.
Alloh taolo hammamizni O‘z hidoyatida sobit qilsin.
G‘ulomov FATHULLOH,
Al-Hudaybiya jome’ masjidi imom noibi