Fotihadan avval zam sura o‘qish
Cavol: Men ba’zida adashib, Fotihadan oldin zam sura o‘qib qo‘yaman. O‘qiyotib esimga tushib, keyin Fotihani o‘qiyman. Bu holatda namoz buzilmaydimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Fotihani zam suradan avval o‘qish namozning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun agar Fotihadan avval zam sura o‘qib qo‘ysa, Fotihani o‘qib, ortidan zam sura o‘qiydi. Namoz oxirida vojibni tark qilgani uchun sajdai sahv qiladi.
Agar bir oyat o‘qigandan keyin esiga tushib, Fotihaga o‘tsa va bu oyat namozdagi qiroatning farzini ado qiladigan darajada uzun bo‘lsa, bu holatda ham sajdai sahv qiladi. Ozgina o‘qigandan keyin esiga tushib, Fotihaga o‘tsa, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi.
Bu haqda “Fatovoi Olamgiriya” kitobida bunday deyilgan:
ومن سها عن فاتحة الكتاب في الأولى أو في الثانية وتذكر بعد ما قرأ بعض السورة يعود فيقرأ بالفاتحة ثم بالسورة قال الفقيه أبو الليث: يلزمه سجود السهو وإن كان قرأ حرفا من السورة وكذلك إذا تذكر بعد الفراغ من السورة أو في الركوع أو بعد ما رفع رأسه من الركوع فإنه يأتي بالفاتحة ثم يعيد السورة ثم يسجد للسهو۔‘‘
“Namozxon birinchi yoki ikkinchi rakatda unutib Fotiha surasini o‘qimay, zam sura o‘qisa, suraning ma’lum joyiga kelganda Fotihani o‘qimagani esiga tushib qolsa, darhol Fotihani boshlaydi. Keyin zam sura o‘qiydi. Faqih Abul Lays bunday degan: “Bu kishiga sajdai sahv vojib bo‘ladi. Garchi suradan bir harf o‘qigan bo‘lsa ham”. Agar zam surani tugatib yoki rukuda yo rukudan boshini ko‘targan vaqtda esiga tushib qolsa, qaytib Fotihani o‘qiydi, keyin zam surani o‘qiydi (rukuni ham qayta qiladi). Namozni oxirida sajdai sahv qiladi”.
“Raddul muhtor” kitobida, zam suradan ozgina o‘qib qo‘ygan bo‘lsa, degan so‘zni qiroatdagi farz ado bo‘ladigan miqdorda o‘qigan bo‘lsa, deb izohlangan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
Bugun 2025 yil 8 yanvar kuni Toshkent shahar, Uchtepa tumani "Vatan" tantanalar majmuasida "Jaholatga qarshi ma’rifat" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, aholi vakillari, yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etib, islom dini ezgulik, tinchlik va insoniylik dini ekani, fazilatlar, azaliy qadriyatlar ifodasi ekanligini targ‘ib qilish, yosh avlodga milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni to‘g‘ri tushuntirish, yurtimiz tinchligini asrash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida fikrlar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati