Sayt test holatida ishlamoqda!
25 May, 2025   |   27 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:17
Quyosh
04:56
Peshin
12:25
Asr
17:30
Shom
19:47
Xufton
21:20
Bismillah
25 May, 2025, 27 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Fotihadan avval zam sura o‘qish

04.10.2024   5919   2 min.
Fotihadan avval zam sura o‘qish

Fotihadan avval zam sura o‘qish

Cavol: Men ba’zida adashib, Fotihadan oldin zam sura o‘qib qo‘yaman. O‘qiyotib esimga tushib, keyin Fotihani o‘qiyman. Bu holatda namoz buzilmaydimi?

 

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Fotihani zam suradan avval o‘qish namozning vojiblaridan sanaladi. Shuning uchun agar Fotihadan avval zam sura o‘qib qo‘ysa, Fotihani o‘qib, ortidan zam sura o‘qiydi. Namoz oxirida vojibni tark qilgani uchun sajdai sahv qiladi.

Agar bir oyat o‘qigandan keyin esiga tushib, Fotihaga o‘tsa va bu oyat namozdagi qiroatning farzini ado qiladigan darajada uzun bo‘lsa, bu holatda ham sajdai sahv qiladi. Ozgina o‘qigandan keyin esiga tushib, Fotihaga o‘tsa, sajdai sahv vojib bo‘lmaydi.

Bu haqda “Fatovoi Olamgiriya” kitobida bunday deyilgan:

ومن سها عن فاتحة الكتاب في الأولى أو في الثانية وتذكر بعد ما قرأ بعض السورة يعود فيقرأ بالفاتحة ثم بالسورة قال الفقيه أبو الليث: يلزمه سجود السهو وإن كان قرأ حرفا من السورة وكذلك إذا تذكر بعد الفراغ من السورة أو في الركوع أو بعد ما رفع رأسه من الركوع فإنه يأتي بالفاتحة ثم يعيد السورة ثم يسجد للسهو۔‘‘

“Namozxon birinchi yoki ikkinchi rakatda unutib Fotiha surasini o‘qimay, zam sura o‘qisa, suraning ma’lum joyiga kelganda Fotihani o‘qimagani esiga tushib qolsa, darhol Fotihani boshlaydi. Keyin zam sura o‘qiydi. Faqih Abul Lays bunday degan: “Bu kishiga sajdai sahv vojib bo‘ladi. Garchi suradan bir harf o‘qigan bo‘lsa ham”. Agar zam surani tugatib yoki rukuda yo rukudan boshini ko‘targan vaqtda esiga tushib qolsa, qaytib Fotihani o‘qiydi, keyin zam surani o‘qiydi (rukuni ham qayta qiladi). Namozni oxirida sajdai sahv qiladi”.

“Raddul muhtor” kitobida, zam suradan ozgina o‘qib qo‘ygan bo‘lsa, degan so‘zni qiroatdagi farz ado bo‘ladigan miqdorda o‘qigan bo‘lsa, deb izohlangan. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Hajji mabrurning savobi

19.05.2025   4032   1 min.
Hajji mabrurning savobi

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: تَابِعُوا بَيْنَ الْحَجِّ وَالْعُمْرَةِ، فَإِنَّهُمَا يَنْفِيَانِ الْفَقْرَ وَالذُّنُوبَ كَمَا يَنْفِي الْكِيرُ خَبَثَ الْحَدِيدِ وَالذَّهَبِ وَالْفِضَّةِ، وَلَيْسَ لِلْحَجَّةِ الْمَبْرُورَةِ ثَوَابٌ إِلَّا الْجَنَّةُ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَصَحَّحَهُ.

Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Haj bilan umrani ketma-ket qiling. Albatta, xuddi bosqon temir, tilla va kumushning kirini ketkazganidek, ikkisi faqirlik va gunohlarni ketkazadi. Hajji mabrurning jannatdan boshqa savobi yo‘q», dedilar.

Nasaiy va Termiziy rivoyat qilgan. Termiziy sahih, degan.

Haddodlar (temirchilar) temir va boshqa ma’danlarning zangi va kirini yaxshilab ketkazish uchun bosqonni ketma-ket bosib, bolg‘ani ustma-ust uradilar va maqsadlariga erishadilar. Gunohlarim yuvilsin, faqirlikdan qutulib, boy bo‘lay, degan banda ham hajdan keyin umra qilsa, maqsadiga erishar ekan.

«Hajji mabrurning jannatdan boshqa savobi yo‘q».

Jannatni o‘ziga savob, ya’ni mukofot qilib olishni istagan banda hajji mabrur qilishi lozim ekan. Ya’ni, haj qilganda hayosiz gap-so‘zlardan tiyilib, fisqu fujurlardan xoli bo‘lib, saxiylik va husni xulq ila haj qilmog‘i kerak.

«Hadis va hayot» kitobi 10-juz