Do‘stlik insoniy fazilatlar ichra alohida ahamiyatga molik tuyg‘udir. Bu yuksak tuyg‘u azaldan insoniyatga va jamiyatga hamroh. Barcha zamon, makon, millat va elat, har qanday jamiyatda ham bu xislat e’tibordan qolmagan. Islom dini ta’limotlarida bu rishtaga yana ham ko‘proq e’tibor qaratilgan. Bu haqda Alloh subhonahu va taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi:
وَالْمُؤْمِنُونَ وَالْمُؤْمِنَاتُ بَعْضُهُمْ أَوْلِيَاء بَعْضٍ يَأْمُرُونَ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَوْنَ عَنِ الْمُنكَرِ وَيُقِيمُونَ الصَّلاَةَ وَيُؤْتُونَ الزَّكَاةَ وَيُطِيعُونَ اللّهَ وَرَسُولَهُ أُوْلَـئِكَ سَيَرْحَمُهُمُ اللّهُ إِنَّ اللّهَ عَزِيزٌ حَكِيمٌ
“Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar. Ular yaxshilikka buyururlar, yomonlikdan qaytarurlar, namozni to‘kis ado eturlar, zakotni berurlar hamda Allohga va Uning Rasuliga itoat qilurlar. Ana o‘shalarga Alloh tezda rahm qilur. Albatta, Alloh g‘olib va hikmatli zotdir” (Tavba surasi, 71-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mo‘minlarning bir-birlariga bo‘lgan do‘stliklari, rahmli bo‘lishlari va mehribonliklari xuddi bir jasadga o‘xshaydi. Agar undan biror a’zo og‘risa, jasadning boshqa a’zolari bedor bo‘lib, isitmaga mubtalo bo‘ladi”, deganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Aytibdilarki, bir kishi pulga muhtoj bo‘lib, najot umidida do‘stining uyiga borib, eshigini taqillatdi. Do‘sti chiqib, u bilan ko‘rishdi. Uyga taklif qildi, lekin u taklifni qabul qilmadi. Ancha hijolatchilik bilan ko‘zlarni yerga qadagan ko‘yi tillari tutila-tutila maqsadini aytdi:
Do‘stim, shu desang, ozroq maslahatli ish chiqib qoldi... Bir kishidan yuz ming so‘m qarz olgan edim, shuni qistab qo‘ymayapti. Ishlarim bir oz yurmagani uchun hech imkon bo‘lmayapti. Shunga sening yoningga keluvdim, sharoiting qanaqa? Ozroq yordam qilishning iloji bormi?
Do‘st bir og‘iz ham so‘z aytmay, uyga kirib yuz ming so‘m olib chiqib, uning qo‘liga berdi. So‘ng qo‘shib qo‘ydi:
Do‘stim, biror narsaga muxtoj bo‘lib qolsang, tortinmay kelaver. Qo‘limdan kelgancha yordam qilishga tayyorman.
Do‘sti xursand bo‘lib, u bilan xayrlashib, uyga qaytdi. Uy egasi do‘sti qaytib ketgandan keyin uyiga kirib yig‘lab yubordi. Xotini hayron bo‘ldi:
Nimaga diqqat bo‘lasiz? Uning o‘rniga biror narsani bahona qilib, pul bermasdan qaytarib yuborsangiz bo‘lmasmidi?
Yo‘q. Men unga pul berganimga yig‘layotganim yo‘q. Balki do‘stim pulga muhtoj bo‘lib qolganini bilmaganimdan yig‘layapman. U kelib so‘ramasdan oldin o‘zim borib undan hol-ahvol so‘rashim kerak edi. Do‘stimning muhtojligidan g‘aflatda qolganimga yig‘layapman, javob berdi do‘st.
Ulug‘bek qori YO‘LDOSHЕV
Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".
Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).
Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).
Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”
Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.
O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.
Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi
Abdufattoh Musaxanov
Manba: @Softalimotlar