Homilador ayol turmush o‘rtog‘idan:
– O‘g‘il kutyapsizmi yoki qiz? – deb so‘radi.
Er:
– Agar o‘g‘il bo‘lsa, men unga matematikani o‘rgataman, birgalikda sport bilan shug‘ullanamiz, baliq ovlashga boramiz, – dedi.
Ayol:
– Qiz bo‘lsa-chi?!
– Agar qiz bo‘lsa, unga hech narsa o‘rgatishim shart emas. Chunki uning o‘zi menga hamma narsani o‘rgatadi: qayday kiyinishni, qanday ovqatlanishni, nima deyishni va nima demaslikni ham. Xullas, u mening ikkinchi onam bo‘ladi! Meni o‘z qahramoni deb biladi. Hatto nimanidir rad etsam ham, doimo u meni to‘g‘ri tushunadi. Oila qurgach, qizim turmush o‘rtog‘ini men bilan solishtiradi. U necha yoshda bo‘lishidan qat’i nazar, har doim mening yaxshi muomala qilishimni xohlaydi. U men uchun qayg‘uradi. Agar kimdir meni xafa qilsa, uni hech qachon kechirmaydi...
– Demak, qizingiz bularning hammasini eplaydi, lekin o‘g‘lingiz qilmaydi. Shundaymi?!
– Yo‘q! Ehtimol, u ham shunday qilar, lekin o‘g‘lim avval bularni qilishni o‘rganadi. Ammo qizlar bunga layoqatli holda tug‘iladi. Qiz bolaning otasi bo‘lish har qanday erkak uchun faxrdir!
– Ammo u biz bilan doim birga bo‘lmaydi-ku, – dedi ayoli.
– Ha, lekin biz uning duolarida va qalbida abadiy yashaymiz. Shuning uchun qizimning qayerga ketishi muhim emas.
Rus tilidan Akbarshoh RASULOV tarjimasi
Bir odamning qorni ochdi. U garchi iqtisodiy ahvoli yaxshi bo‘lmasa-da, bir tamaddixonaga kirib, taom buyurtma qildi. Buyurtma tayyor bo‘lgunga qadar derazadan tashqariga qarab o‘tirarkan, ellik yoshlardagi odam tez-tez tamaddixonaga qarab qo‘yayotgani, kirishga jazm qilolmay turganiga ko‘zi tushdi. O‘tgan ketganlar unga e’tibor bermas, u esa aftidan juda och qolgan edi.
Shu payt buyurtma berilgan taom olib kelindi. U esa hech o‘ylanmasdan ovqatni olib, o‘zi och bo‘lsa-da, ko‘chadagi odamga olib chiqib berdi. So‘ng ortiga qaytib, hisobni berishlarini so‘radi. Holatni zimdan kuzatib turgan tamaddixona rahbari xizmatchiga bir qog‘oz berdi. Unda bunday so‘zlar yozilgan edi:
“Insoniylik bebahodir, sizday oliyjanob inson bizning tamaddixonaga kelganidan baxtiyormiz. Ruxsat bersangiz, siz bir miskinni mehmon qilganingiz kabi biz ham sizni mehmon qilsak”.
Xulosa shuki, Alloh taolo hech bir amalni zoye qilmas, bandasini bandasidan qarzdor holda qoldirmas, ehsonga ehson bilan javob qaytarar ekan.
Shunday ekan, imkonimiz borida boshqalarga yaxshilik qilib qolaylik.
Akbarshoh Rasulov