Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَطَاءٍ قَالَ: لَا يَؤُمُّ الرَّجُلُ أَبَاهُ وَإِنْ كَانَ أَفْقَهَ مِنْهُ.
Atodan rivoyat qilinadi:
«Kishi otasiga imom bo‘lmaydi. Agar otasidan faqihroq bo‘lsa ham».
Sharh: Ota-bola bor. O‘g‘il olim, otaning ilmi unchalik emas. Shunday bo‘lganda ham, o‘g‘il otaga imomlik qilmaydi.
Bu otaning hurmati uchun aytilgan gap. Demak, o‘g‘il otaning oldiga tushmasin, imom bo‘lmasin. Agar otasining ilmi o‘g‘linikichalik bo‘lmasa ham, ota imom bo‘lgani afzal ekan.
عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ مُحَمَّدِ بْنِ عَبْدِ الْقَارِيِّ قَالَ: رَآنِي عُمَرُ بْنُ عَبْدِ الْعَزِيزِ وَأَنَا أَمْشِي إِلَى جَنْبِ أَبِي، فَقَالَ: لَا تَمْشِ إِلَى جَنْبِ أَبِيكَ، إِنَّمَا يَنْبَغِي لَكَ أَنْ تَمْشِيَ وَرَاءَهُ. قَالَ: فَإِنِّي أَتَوَكَّأُ عَلَى يَدِهِ. قَالَ: فَهَاهْ.
Abdurrahmon ibn Muhammad ibn Abdulqoriydan rivoyat qilinadi:
«Umar ibn Abdulaziz otamning yonida ketayotganimni ko‘rib, «Otangning yonida yurma! Sen otangning orqasidan yurishing kerak!» dedi. Shunda otam: «Men uning qo‘liga tayanib ketyapman», dedi. «Unday bo‘lsa, mayli», dedi».
Sharh: Demak, ota-bola yo‘lda yurib ketayotgan bo‘lsa, bola otaning orqasida yursin. Otaning ehtiromi, hurmati, ulug‘lanishi mana shu darajadadir. Agar ota o‘zi ruxsat bergan bo‘lsa yoki rivoyatdagi kishiga o‘xshab o‘g‘liga suyanadigan bo‘lsa yoki yukini ko‘tarishib kelsa, mayli.
Bu rivoyatda Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayhining begona bir bolaga otasini hurmat qilish bo‘yicha dars berishlari diqqatga sazovor. Musulmonlar hamisha mana shunday yo‘l tutib, jamiyatda islomiy odob-axloq qaror topishiga hissa qo‘shadilar.
Musulmon xalqlarda barcha zamonlar va makonlarda kattalar kichiklarga tarbiyachi, maslahatchi, ustoz, tanqidchi bo‘lib kelganlar. Bu ishni kattalar o‘z burchlari deb, kichiklar o‘zlari uchun foydali saboq deb qabul qilganlar.
Shu yo‘l bilan xalq o‘zini o‘zi tarbiyalab borgan. Kattalar o‘z zimmalaridagi amri ma’ruf va nahyi munkar vazifasini ado etganlar. Kichiklar ulardan dars olganlar, tajriba o‘rganganlar.
“Mazhab” so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “yo‘l”, “yo‘nalish” ma’nolarini bildiradi. Shar’iy istilohda esa, “biror diniy masala, muammo bo‘yicha muayyan mujtahid olimning fatvo chiqarish yo‘lidir”. Sahoba va tobe’inlar davrida mazhablar ko‘p bo‘lgan. Ammo vaqt o‘tishi bilan ular orasida to‘rt yirik: hanafiy, molikiy, shofeiy, hanbaliy mazhablari rivoj topgan. Mazkur to‘rt mazhab vujudga kelishining asosiy omili – bular qolgan mazhablarning ta’limotini ham tadqiq qilib, qamrab olganidir.
Bu haqda alloma Ibn Rajab o‘zining “To‘rt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” asarida quyidagi so‘zni aytganlar: “Ko‘plab mazhablar orasidan aynan to‘rt mazhab saqlanib qolishi xuddi Qur’oni karimning yetti qiroatidan faqat bittasi qolganiga o‘xshaydi. Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamga Qur’oni karim yetti xil lahjada nozil bo‘lgan. Keyinchalik islom dini atrofga keng yoyilib, musulmonlarning soni ortib bordi va qiroat borasida ular o‘rtasida ba’zi ixtiloflar kelib chiqqach, Usmon ibn Affon raziyallohu anhu mus'hafni yetti qiroatdan faqat bittasining lahjasida yozdirishga qaror qildi. Oqibatda bugun yer yuzi musulmonlari Qur’onni faqat bitta mus'hafdan ya’ni, Usmon mus'hafida yozilgan xatidan o‘qiydigan bo‘ldi. Demak, ko‘plab mazhablar orasidan faqat to‘rttasining saqlanib qolgani asrlar davomida insonlarni turli ziddiyatlar va ixtiloflardan himoya etishda asos bo‘lgan”.
Mazkur to‘rt mazhabning to‘g‘riligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo, ittifoq qilganlar.
Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh yana shunday deydi: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun o‘z hikmati bilan odamlar ichidan to‘rt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu ma’rifatda bir martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlarini haqiqatga o‘ta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan e’tirof qilganlar. Barcha hukmlar o‘shalar orqali chiqariladigan bo‘ldi. Bu narsa mo‘min bandalar uchun Alloh taoloning lutfu karami va marhamati bo‘ldi”.
Ulamolarimiz fiqhiy mazhablar imomlarini va ularning ishlarini quyidagi misol bilan tushuntiradilar: “Allohning roziligiga erishib, jannatiy bo‘lish xuddi tog‘ning cho‘qqisiga chiqishdek bo‘lsa, mazhab imomlari – Qur’on, hadis va shularga asoslangan manbalardan foydalanib, cho‘qqiga chiqishning eng oson va bexatar yo‘lini topib, belgi qo‘yib, osonlashtirib qo‘ygan kishilardir. Cho‘qqiga chiquvchilar mazkur buyuk to‘rt imom ko‘rsatgan yo‘ldan birini tutsalar osongina, qiynalmasdan maqsadiga erishadi”.
Imom Badruddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning e’tirof qilingan to‘rt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.
Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy o‘zlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu to‘rt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz o‘girishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor. Bir mazhabda yurishdagi foydalardan biri – sahoba va tobe’inlarning shariat ilmini o‘rganishdagi odatlariga ergashishdir. Chunki, tobe’inlar shariat ishida bir-birlariga yoki sahobalarga ergashar edi, sahobalar esa, bir-birlariga yoki Rasulullohga ergashganlar”.
U zot yana shunday deganlar: “Bir mazhabda yurishdagi foydalardan yana biri – Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor: ya’ni: “Agar ixtilofni ko‘rsangiz, o‘zingizga ko‘pchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati).
To‘g‘ri mazhablardan faqat mana shu to‘rttasi qolgan ekan, ularga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi.
Shamsuddin Xapizov,
Namangan tumani "Halil hoji" jome masjidi imom-xatibi
Manba: @Softalimotlar