Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَطَاءٍ قَالَ: لَا يَؤُمُّ الرَّجُلُ أَبَاهُ وَإِنْ كَانَ أَفْقَهَ مِنْهُ.
Atodan rivoyat qilinadi:
«Kishi otasiga imom bo‘lmaydi. Agar otasidan faqihroq bo‘lsa ham».
Sharh: Ota-bola bor. O‘g‘il olim, otaning ilmi unchalik emas. Shunday bo‘lganda ham, o‘g‘il otaga imomlik qilmaydi.
Bu otaning hurmati uchun aytilgan gap. Demak, o‘g‘il otaning oldiga tushmasin, imom bo‘lmasin. Agar otasining ilmi o‘g‘linikichalik bo‘lmasa ham, ota imom bo‘lgani afzal ekan.
عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ مُحَمَّدِ بْنِ عَبْدِ الْقَارِيِّ قَالَ: رَآنِي عُمَرُ بْنُ عَبْدِ الْعَزِيزِ وَأَنَا أَمْشِي إِلَى جَنْبِ أَبِي، فَقَالَ: لَا تَمْشِ إِلَى جَنْبِ أَبِيكَ، إِنَّمَا يَنْبَغِي لَكَ أَنْ تَمْشِيَ وَرَاءَهُ. قَالَ: فَإِنِّي أَتَوَكَّأُ عَلَى يَدِهِ. قَالَ: فَهَاهْ.
Abdurrahmon ibn Muhammad ibn Abdulqoriydan rivoyat qilinadi:
«Umar ibn Abdulaziz otamning yonida ketayotganimni ko‘rib, «Otangning yonida yurma! Sen otangning orqasidan yurishing kerak!» dedi. Shunda otam: «Men uning qo‘liga tayanib ketyapman», dedi. «Unday bo‘lsa, mayli», dedi».
Sharh: Demak, ota-bola yo‘lda yurib ketayotgan bo‘lsa, bola otaning orqasida yursin. Otaning ehtiromi, hurmati, ulug‘lanishi mana shu darajadadir. Agar ota o‘zi ruxsat bergan bo‘lsa yoki rivoyatdagi kishiga o‘xshab o‘g‘liga suyanadigan bo‘lsa yoki yukini ko‘tarishib kelsa, mayli.
Bu rivoyatda Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayhining begona bir bolaga otasini hurmat qilish bo‘yicha dars berishlari diqqatga sazovor. Musulmonlar hamisha mana shunday yo‘l tutib, jamiyatda islomiy odob-axloq qaror topishiga hissa qo‘shadilar.
Musulmon xalqlarda barcha zamonlar va makonlarda kattalar kichiklarga tarbiyachi, maslahatchi, ustoz, tanqidchi bo‘lib kelganlar. Bu ishni kattalar o‘z burchlari deb, kichiklar o‘zlari uchun foydali saboq deb qabul qilganlar.
Shu yo‘l bilan xalq o‘zini o‘zi tarbiyalab borgan. Kattalar o‘z zimmalaridagi amri ma’ruf va nahyi munkar vazifasini ado etganlar. Kichiklar ulardan dars olganlar, tajriba o‘rganganlar.
Bir kuni Umar roziyallohu anhu masjidga chiqdilar, u yerda Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qabrlari yonida yig‘lab turgan holda ko‘rdilar.
Umar raziyallohu anhu undan: "Ey Muoz, nima uchun yig‘layapsan?" deb so‘radilar.
Shunda Muoz roziyallohu anhu javob berdilar: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan bir hadis tufayli yig‘layapman. U zot alayhissalom aytgan edilar: "Riyoning ozginasi ham shirkdir. Kimki Allohning do‘stlariga dushmanlik qilsa, bilib qo‘ysinki, u Allohga qarshi urush ochibdi. Albatta, Alloh taolo abror, taqvodor, o‘zini pinhon tutadigan bandalarni yaxshi ko‘radi. Ular shunday kishilarki, yo‘qliklarida, hech kim ularni axtarmaydi, hozir bo‘lganlarida ham hech kim ularni tanimaydi. Ularning qalblari hidoyat chirog‘laridir. Ular har qanday qorong‘u va g‘uborlik holatdan yo‘l topib chiqa oladilar".
Homidjon qori ISHMATBЕKOV