Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447

Otangning orqasidan yur!

07.10.2024   4541   2 min.
Otangning orqasidan yur!

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

عَنْ عَطَاءٍ قَالَ: لَا يَؤُمُّ الرَّجُلُ أَبَاهُ وَإِنْ كَانَ أَفْقَهَ مِنْهُ.

Atodan rivoyat qilinadi:

«Kishi otasiga imom bo‘lmaydi. Agar otasidan faqihroq bo‘lsa ham».

Sharh: Ota-bola bor. O‘g‘il olim, otaning ilmi unchalik emas. Shunday bo‘lganda ham, o‘g‘il otaga imomlik qilmaydi.

Bu otaning hurmati uchun aytilgan gap. Demak, o‘g‘il otaning oldiga tushmasin, imom bo‘lmasin. Agar otasining ilmi o‘g‘linikichalik bo‘lmasa ham, ota imom bo‘lgani afzal ekan.

عَنْ عَبْدِ الرَّحْمَنِ بْنِ مُحَمَّدِ بْنِ عَبْدِ الْقَارِيِّ قَالَ: رَآنِي عُمَرُ بْنُ عَبْدِ الْعَزِيزِ وَأَنَا أَمْشِي إِلَى جَنْبِ أَبِي، فَقَالَ: لَا تَمْشِ إِلَى جَنْبِ أَبِيكَ، إِنَّمَا يَنْبَغِي لَكَ أَنْ تَمْشِيَ وَرَاءَهُ. قَالَ: فَإِنِّي أَتَوَكَّأُ عَلَى يَدِهِ. قَالَ: فَهَاهْ.

Abdurrahmon ibn Muhammad ibn Abdulqoriydan rivoyat qilinadi:

«Umar ibn Abdulaziz otamning yonida ketayotganimni ko‘rib, «Otangning yonida yurma! Sen otangning orqasidan yurishing kerak!» dedi. Shunda otam: «Men uning qo‘liga tayanib ketyapman», dedi. «Unday bo‘lsa, mayli», dedi».

Sharh: Demak, ota-bola yo‘lda yurib ketayotgan bo‘lsa, bola otaning orqasida yursin. Otaning ehtiromi, hurmati, ulug‘lanishi mana shu darajadadir. Agar ota o‘zi ruxsat bergan bo‘lsa yoki rivoyatdagi kishiga o‘xshab o‘g‘liga suyanadigan bo‘lsa yoki yukini ko‘tarishib kelsa, mayli.

Bu rivoyatda Umar ibn Abdulaziz rahmatullohi alayhining begona bir bolaga otasini hurmat qilish bo‘yicha dars berishlari diqqatga sazovor. Musulmonlar hamisha mana shunday yo‘l tutib, jamiyatda islomiy odob-axloq qaror topishiga hissa qo‘shadilar.

Musulmon xalqlarda barcha zamonlar va makonlarda kattalar kichiklarga tarbiyachi, maslahatchi, ustoz, tanqidchi bo‘lib kelganlar. Bu ishni kattalar o‘z burchlari deb, kichiklar o‘zlari uchun foydali saboq deb qabul qilganlar.

Shu yo‘l bilan xalq o‘zini o‘zi tarbiyalab borgan. Kattalar o‘z zimmalaridagi amri ma’ruf va nahyi munkar vazifasini ado etganlar. Kichiklar ulardan dars olganlar, tajriba o‘rganganlar.

«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ka’ba kalitining tarixi

07.07.2025   5731   3 min.
Ka’ba kalitining tarixi

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.


Ka’ba xizmati va qorovulligi deganda ulug‘ Ka’baga xizmat qilib, uni qulflab ochish tushuniladi. Bu arab tilida «Sidana val xijaba» deyiladi. Birinchi bu narsa Ismoil alayhissalom qo‘llarida bo‘lgan. Keyin o‘g‘illari Sobit va uning bolalariga o‘tgan. So‘ngra tog‘alari qo‘lida, ya’ni Jurhumda bo‘lgan. So‘ngra Kusay ibn Qilob qo‘liga yetib kelgunicha Xuzo’ada bo‘lgan. Qusay ibn Qilob Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘rtinchi bobolaridir. Hijriy sakkizinchi yili Makka fath bo‘lganidan keyin Payg‘ambar alayhissalom Usmon ibn Talhadan Ka’baning kalitini so‘radilar-da, Ka’bani ochib, unga kirib chiqdilar, so‘ng: «Ogoh bo‘ling! Har bir johiliyatdagi qon yoki mol, yo obro‘-e’tibor mana bu ikki oyog‘im ostidadir. Lekin hojilarning xizmati va Ka’ba qorovulligi unday emas. Men uni johiliyatda kim boshqargan bo‘lsa, o‘sha kishida qoldirdim», deb quyidagi oyatni o‘qidilar:

«Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» (Niso surasi, 58-oyat).

Keyin Usmon ibn Talxani chaqirib, kalitni unga topshirdilar-da: «Ey Talha farzandlari, mana buni olinglar, u avloddan-avlodga o‘tib, abadiy sizlarda qoladi. Sizlardan uni faqatgina zolimlargina tortib oladi», dedilar («Majma’uz-zavoid»).

Ibn Kasirning ifoda etishlaricha, ko‘pgina mufassirlar quyidagi: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» oyati Usmon ibn Talha haqlarida nozil bo‘lgan, deyishadi. Shu oyatga binoan kalit ularga topshirildi. Usmon vafot etganlarida amakilarining o‘g‘li Shayba oldi, keyin Shaybaning bolalari egalik qilishdi. Mana shu alfozda kattalardan meros bo‘lib qolaverdi. Ular Shaybiylar deb ataladi. Hadisdagi: «Abadiy sizlar u kalitni qo‘lga kiritinglar...» degan gapda Abu Talha bolalarining nasli va Ka’ba qorovulligi qiyomatgacha davom etishiga ishora bordir.

Bu narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boqiy qoluvchi mo‘jizalaridan edi. Chunki Ka’ba qorovulligi eng buyuk va ulug‘ hamda raqobatchilar raqobat qiladigan vazifalardandir. Ayniqsa, hokim va nufuzli kishilar bu narsaga ko‘proq qiziqishadi. Ushbu vazifaning Shayba oilasiga topshirilishi esa qo‘lida yeru osmon mulki bo‘lgan Zot ularni (har xil yomonliklardan) himoya etishiga dalildir.

Hozirgi kunga qadar ham ushbu kalit ana shu axd vakillari bo‘lmish Banu Shayba qo‘lidadir. U kalitning uzunligi 40 sm sof oltin bilan ishlangan, ipakli qutida saqlanadi. U quti har yili kisva fabrikasida tayyorlanadi. Ustiga: «Albatta, Alloh sizlarni omonatlarni o‘z egalariga topshirishga buyuradi...» deb yozib qo‘yilgan. Boshqa tomoniga: «Buni yasashga ikki sharafli haram xodimi Fahd ibn Abdulaziz tomonidan amr etilgan», deb yozib qo‘yilgan.

Ka’ba eshigining qulfi sulton Abdulhamid Usmoniy tomonidan hijriy 1309, milodiy 1891 yili yasalgan eski qulf asosida hijriy 1399, milodiy 1979 yili yangi qulf qayta ishlandi. Bu o‘zgartirish yangi eshikka munosib bo‘ldi. Uni qayta ta’mirlashga ehtiyoj qolmadi. Bu qulfning uzunligi 34 sm Har tomonining eni 6 sm dan. Har bir tomonida sariq misdan bir bo‘lak bor. U tomonlarning uzunligi 8 sm, eni 2 sm Qulfga quyidagi ibora o‘yib yozilgan: «Xolid ibn Abdulaziz oli Saud tomonidan hijriy 1399 yili yasalgan».

"Makka, Ka’ba, Zamzam tarixi,
haj va umra manosiklari" kitobidan.

Maqolalar