Bismillahir Rohmanir Rohiym
Avval, shu yil 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edik. Ijtimoiy tarmoqlar orqali mazkur anjumanga tashrif buyuradigan mo‘tabar ulamolar haqida ma’lumot berib boramiz.
Nazir Muhammad Ayyod 1972 yili Qohira shahrida tug‘ilgan.
1995 yil “Usul ad-din” bo‘yicha “Aqida va falsafa” yo‘nalishida bakalavr darajasini olgan.
2000 yilda “Usul ad-din” yo‘nalishi bo‘yicha “Aqida va falsafa” bo‘yicha magistr darajasini, so‘ngra 2003 yili birinchi darajali imtiyoz bilan doktorlik darajasini oldi.
Dastlab Kafr ash-Shayx shahridagi Islom va arabshunoslik kollejida o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Mansura universitetining Usul ad-din fakultetida dots.nt lavozimida faoliyat yuritdi.
2016 yilda professor unvoniga ega bo‘ldi.
Keyinchalik “Al-Azhar” Islom tadqiqotlari akademiyasi bosh kotibi, aqida va falsafa professori, Kafr ash-Shayxdagi Islom va arabshunoslik kolleji dekan o‘rinbosari lavozimlarida ishladi.
Shuningdek, u boshqa ko‘plab vazifalarda faoliyat yuritgan. Al-Azhar bitiruvchilari xalqaro tashkiloti a’zosi, Al-Azhar al-Sharif ilmiy tadqiqot xodimlari kasaba uyushmasi qo‘mitasi a’zosi, Misr Oila uyi a’zosi va Vazirlikning Atrof-muhitni muhofaza qilish va giyohvandlikka qarshi kurash guruhi a’zosi sanaladi.
Doktor Ayyodning ilmiy jurnallarda ko‘plab maqolalari, ilohiyot, falsafa, mantiq, dinlar, mazhablar, tasavvuf va boshqa sohalarga oid o‘ttizdan ortiq kitoblari chop etilgan.
Dr. Professor Nazir Muhammad Ayyod ko‘plab ilmiy konferensiyalar va seminarlarda qatnashgan, Liviya va Saudiya Arabistonidagi xorijiy universitetlarda dars bergan.
Professor Nazir Muhammad “Al-Azhar” universiteti, “Oltinchi oktyabr” universiteti, Liviyadagi “Al-Asmariya” universiteti, Saudiya Arabistonidagi “Toif” universiteti va Misrning Jiddadagi konsulligi tomonidan ko‘plab mukofot va guvohnomalar bilan taqdirlangan.
Dr. Professor Nazir Muhammad Ayyod 2024 yil 11 avgustdan Misr Arab Respublikasi Bosh muftiysi sifatida faoliyat olib bormoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
2025 yil 10 iyul kuni Qur’oni Karim xodimi, ustoz, shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum boshchiligida «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi xodimlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasiga tashrif buyurishdi.
Ma’lumki, kutubxonada turli mavzudagi nodir qo‘lyozma asarlar, Qur’oni Karim qo‘lyozma nusxalarining namunalari saqlanadi. Mana shunday nodir manbalardan biri Hazrati Usmon mus'hafi hisoblanadi. Qur’oni Karimning ushbu noyob va qadimiy qo‘lyozma nusxasi tadqiqotchilar va keng jamoatchilikning doimiy e’tiborida bo‘lib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2023 yil 22 dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha yetti yillik dastur qabul qilinishi e’lon qilindi. Ushbu yig‘ilish davomida berilgan topshiriqlar bo‘yicha 50-son Bayonnomaning 47-bandida Muqaddas kitob – Usmon Qur’oni sahifalarining konservatsiya va restavratsiya qilinishini ta’minlash belgilangan. Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi qo‘llab quvvatlovi ostida xorijlik mutaxassislar, jumladan, Kembrij universitetidan Kristine Rose, fransiyalik restavratorlar Aksell Deleau va Koraliye Barbe, Istanbul qo‘lyozmalar ustaxonasi va arxiv bo‘limi mudiri Nil Baydar Usmon mus'hafini bosqichma-bosqich ta’mirlash rejasini ishlab chiqib, kelgusida muhofaza qilish bo‘yicha tavsiyalarni berdilar. Jumladan, «yengil restavratsiya ishlari»ni amalga oshirishdan avval Hazrati Usmon Qur’oni sahifalarini skaner qilish va matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha yo‘nalishlar belgilab olindi.
Ushbu xayrli ishlarning davomi sifatida O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Hazrati Usmon Mus'hafi matnini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha muhim yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda «Qur’on va tajvidni o‘rgatish» bo‘limi mudiri shayx Alijon qori Fayzulloh va Kutubxona mudiri Kamoliddin Mahkamov boshchiligida bo‘lim xodimlari ishtirok etishdi. Yig‘ilishda «Mo‘yi muborak» madrasa-muzeyida saqlanayotgan Hazrati Usmon Mus'hafining tarixi va bugungi kundagi ahamiyati haqida so‘z yuritilib, uni kelajak avlodlar asrab-avaylashga xizmat qiladigan muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, Hazrati Usmon Qur’oni sahifalari va fondda saqlanayotgan 1905 yilda Sankt-Peterburgda olingan nusxasini kodikologik tadqiq qilish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirilib, kelgusida qilinadigan ishlar rejalashtirildi.
AlQuranuz