Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَلِيٍّ رَضِي اللهُ عَنْهُ ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: يَا عَلِيُّ، ثَلَاثٌ لَا تُؤَخِّرْهَا: الصَّلَاةُ إِذَا أَتَتْ، وَالْجَنَازَةُ إِذَا حَضَرَتْ، وَالْأَيِّمُ إِذَا وَجَدْتَ لَهَا كُفْؤًا. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ وَالْحَاكِمُ.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Ey Ali, uch narsani kechiktirma: (vaqti) kelganda namozni, hozir bo‘lganda janozani va tengini topganingda ersiz ayol-qizni», dedilar».
Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilganlar.
Sharh: Ushbu hadisi sharifda kechiktirib bo‘lmaydigan uch narsa haqida so‘z ketmoqda:
1. Namoz.
Namozni o‘z vaqtida o‘qish farz. Uni mutlaqo kechiktirib bo‘lmaydi. Faqat unutish yoki uxlab qolishgina uzr bo‘lishi mumkin, boshqa uzr yo‘q. Namozni vaqtida o‘qish lozim.
2. Janoza.
Janozani ham uzrsiz orqaga surish harom. Uzr esa faqat yaqin kishilarini, ahli fazl va solih kishilarni kutish bo‘lishi mumkin, xolos.
3. Ersiz qiz-juvonlarni erga berishni kechiktirib bo‘lmaydi.
Bu ish kechiksa ham fasodga olib borishi mumkin. Shuning uchun qiz-juvonlarni tezroq tengini topib, uzatishga harakat qilish kerak.
Inson tug‘ilishi bilan unga ism qo‘yishda o‘ng qulog‘iga azon, chap qulog‘iga iqomat aytiladi. Ha, aynan namozga aytiladigan azon va namozga aytiladigan iqomat aytiladi. Boshqa narsa aytilmaydi. Nima uchun? Yaxshi niyat uchun. Bola katta bo‘lganida namoz o‘qiydigan, ilohiy nidoga javob beradigan bo‘lishi uchun. Shuning o‘zidan ham namozning ahamiyatini tushunib olsak bo‘ladi. Ana o‘sha kundan boshlab musulmon insonning hayoti namoz bilan bog‘liq bo‘lib qoladi. O‘rganib o‘tgan hadislarimizga umumiy ravishda bir nazar solaylik:
1. Bola yetti yoshga yetganida uni namoz o‘qishga amr qilish ota-onaning vazifasidir. Nima uchun boshqa ibodatlarga amr qilinmay, aynan namozga amr qilinadi? Chunki namoz eng ahamiyatli ibodat. Bu amalsiz musulmon inson islomiy hayot kechirishi qiyin.
2. Bola o‘n yoshga yetganida namoz o‘qimasa, urish kerak. Nima uchun boshqa ibodatlar uchun emas, aynan namoz o‘qimaganligi uchun urish kerak? Chunki namoz eng ahamiyatli ibodat. Bu amalsiz islomiy hayot kechirib bo‘lmaydi.
3. Bola balog‘atga yetishi bilan namozni bir mahal ham qoldirmay o‘qishi kerak. Chunki har bir qoldirilgan namoz uchun yillab do‘zaxda kuyish kerak bo‘ladi. Nima uchun aynan namoz xususida shu gap bor? Chunki boshqa ibodatlarga qo‘shimcha shartlar kerak. Namozga esa bu narsalar yo‘q. Buning ustiga, boshqa ibodatlarning mukammal bo‘lishi uchun ham namoz kerak.
4. Ro‘zaning mukammal bo‘lishi uchun taroveh va iyd namozlari o‘qilishi kerak.
5. Haj yoki qurbonlik mukammal bo‘lishi uchun tavof namozi va iyd namozi kabi namozlar kerak.
Ha, hamma narsaga namoz kerak.
6. Har kuni besh vaqt farz namoz o‘qish lozim.
7. O‘sha farz namozlarda kamchilik sodir bo‘lishi ehtimolidan ularni to‘ldirish uchun sunnat namozlar o‘qish kerak.
8. Quyosh chiqqanidan keyin shuruq namozi o‘qish nur ustiga nur.
9. Choshgoh namozi o‘qish esa umraning savobiga teng.
10. Zavolda o‘kiladigan namoz ham fazilatli.
11. Kechasi o‘qiladigan namozlar, xususan, tahajjud namozi qanchalar yaxshi ekanligi ko‘p ta’kidlangan.
12. Haftaning bayram kuni bo‘lmish Jumaning eng bosh marosimi ham Juma namozidir. Bu namoz qanchalar ahamiyatli ekanligini o‘rganib o‘tdik.
13. Yilning ikki ulug‘ bayrami – Iydi Fitr va Iydi Azhoning bosh marosimi ham iyd namozlaridir.
14. Tabiatda xavfli holatlar yuzaga kelib qolsa ham musulmon inson namoz o‘qishi kerak. Jumladan, quyosh va oy tutilganida kusuf namozi o‘qimog‘i lozim.
15. Qahatchilik, qurg‘oqchilik bo‘lib qolsa ham namoz o‘qish kerak. Istisqo namozi shuning uchun shariatga kiritilgan.
16. Musulmon kishi ikki ishdan qaysi biri yaxshi ekanligini tanlash uchun ham namoz o‘qishi kerak. Buning uchun istixora namozi shariatga kiritilgan.
17. Musulmon kishi yaxshiroq tavba qilishi uchun ham namoz o‘qimog‘i lozim. Buning uchun esa tavba namozi shariatga kiritilgan.
18. Musulmon kishi yaxshiroq tasbeh aytishi uchun, gunohlarini yaxshiroq yuvishi uchun ham namoz o‘qishi kerak. Buning uchun tasbehlar namozi joriy qilingan.
19. Musulmon kishi Allohdan yoki bandadan hojatini chiqarish uchun ham namoz o‘qishi kerak. Buning uchun hojat namozi joriy qilingan.
20. Nihoyat, musulmon odam o‘lganda ham unga namoz o‘qilishi kerak. Buning uchun janoza namozi joriy qilingan.
Mazkur namozlar bosh nuqtalardagi namozlar.
Ko‘pchilikning fikrida bir to‘g‘ri tasavvur o‘rnashgan. U ham bo‘lsa, janoza o‘qimay, o‘likni ko‘mib bo‘lmasligi. Shunday paytlar ham bo‘ldiki, ba’zi iymonsiz kimsalar janoza namozini o‘qitmaslikka zo‘r berib urindilar. Lekin buning uddasidan chiqa olmadilar. Chunki hammaning fikrida janoza namozi o‘qilmasa bo‘lmaydi, musulmon odam janoza namozisiz ko‘milishi mumkin emas, degan tushuncha bor edi. Bu esa juda to‘g‘ri tushuncha edi.
Endi farz namoz haqida ham xuddi shu tushunchada bo‘lishimiz kerakligini tushunmog‘imiz kerak. Umuman, musulmon hayotini namozsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasidan yuzasi arab yozuvidagi oyat, hadis va hikmatlar bilan ziynatlangan buyumlar mulyaji ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Jumladan, Markaz ekspozitsiyasidan joy olishi kutilayotgan X asrga oid "Allohdan boshqa iloh yo‘q” yozuvi tushirilgan ko‘za Somoniylar sulolasi davriga mansub artefakt hisoblanadi.
Islom dini Markaziy Osiyoga tarqalgandan keyin xattotlik san’ati shakllanib rivojlandi. Rassomlik o‘rniga xattotlik san’atiga ko‘proq e’tibor berildi. Buyumlar yuzasiga hikmatli so‘zlarni yozish urfga aylandi va arab yozuvi boshqa omillar qatorida Islom sivilizatsiyasi shakllanishiga turtki berdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi
Axborot xizmati