Bismillahir Rohmanir Rohiym
Doktor Muhyiddin Avvoma 1976 yili Halab shahrida tavallud topgan. Otasi shayx Muhammad Avvoma bilan Madinai munavvaraga kelganida uch yoshda bo‘lgan. So‘ng Madinani vatan tutib, barcha ta’lim bosqichlarini o‘sha yerda tahsil olgan.
12 yoshida Qur’onni to‘liq yod olib, oliy sanad bilan ijozaga ega bo‘lgan.
Muhyiddin Avvoma hadis, fiqh va usulul fiqh bo‘yicha 3 ta fan doktori unvoniga ega.
Ilmda otasining yo‘lidan yurib, avvalo, qadimiy uslub – Qur’oni karimni yodlash, Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak sunnatlarini o‘rganish va amal qilish uslubida, so‘ng zamonaviy akademik uslubda davom ettirib, davrining yetuk ustoz va olimlaridan aqida, fiqh, usulul fiqh, hadis va arab tili kabi fanlardan mukammal ta’lim oldi.
Olim qator ilmiy muassasalar raisi, ta’sischisi va a’zosi hisoblanadi. Jumladan, “Insoniyatga xizmat islomiy ilmiy konferensiya”si raisi, “Imom Muhammad Qosim Nanutaviy xalqaro islomiy mukofoti” tashkiloti ta’sischisi va bosh kotibi, Malayziyada eng yuqori ilmiy unvon – Malayziya Islom universiteti ilm kursi ustozi maqomi bo‘yicha padari buzrukvori Muhammad Avvomaning noibi.
Xalqaro Islom fiqhi akademiyasi nashrga tayyorlanayotgan fiqhiy qoidalar ensiklopediyasidagi hadis va xabarlarning taxriji va tahqiqini ham doktor Muhyiddinga topshirgan.
Malayziya Islom universiteti qoshidagi xalqaro fatvo va ilmiy tadqiqotlar kengashining sobiq a’zosi.
Turkiyaning Ibn Xaldun universiteti hadis va hadis ilmlari ustozi.
“Avvomiya” hadis markazi ta’sischisi va raisi. Bu markazning dunyoning 17 mamlakatida sho‘balari bo‘lib, hadisi shariflarni o‘rganish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Islomiy ilm va tadqiqotlarga ixtisoslashgan Istanbul “Dorul hadis” vaqfi raisi va ta’sischisi.
Aqida, tafsir, hadis, mustalah, fiqh, usul, nahv, she’r, tarix va tarojim kabi fanlarga doir qator kitoblar va risolalar muallifi. Ba’zi kitob va risolalari qator ta’lim muassasalarida darslik o‘laroq o‘quv rejasiga kiritilgan.
Otasi shayx Muhammad Avvomadan 35 yildan buyon fiqh, aqida, usul, hadis kabi ilmlarni olib keladi va u kishining ko‘rsatmasiga binoan qator manhajiy kitoblar bilan tanishib chiqqan. Otasining qo‘lida tahqiq va qo‘lyozmalarni o‘rganish bo‘yicha uzoq yillar davomida malaka hosil qilgan. Ibn Abu Shaybaning “Musannaf” kitobini tayyorlashda otasi Muhammad Avvomaning asosiy yordamchisi bo‘lgan va shundan keyin amalga oshirilgan barcha ilmiy loyihalarda ishtirok etgan. Bugungi kunda otasi bilan doimo birga bo‘lib, u kishining ilmlarini targ‘ib etish va tarqatish ishlarini davom ettirmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Men begona joyda mehmonxonaga joylashdim. Shoshilib, e’tiborsizlik bilan namozni qiblaga teskari tarafga qarab o‘qib qo‘yibman. O‘qib bo‘lganimdan keyin tushundim, shu namozimni hukmi qanday bo‘ladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bu holatda, siz namozingizni qaytadan o‘qishingiz lozim bo‘ladi. Chunki qibla qaysi tarafdaligini bilmagan odam, shu yerlik qiblani biladigan (musulmon, aqli raso, oshkor gunohlardan tiyilgan) kishidan so‘rab, namoz o‘qishi lozim. Agar shu holatda qiblani biladigan kishi topilmasa, kechasi odamlarning eshigini taqillatib yurmaydi. Balki bor imkoniyatini ishga solib, qiblani topishga harakat qiladi. Qalbi bilan bir tomonni qibla, deb qasd qilib namozini o‘qiydi. Garchi qiblani to‘g‘ri topolmagan bo‘lsa ham, uning namozi durust bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi