Bismillahir Rohmanir Rohiym
Turkiya diyonat vaqfi Islom tadqiqotlari markazi (ISAM) rahbari Doktor Murtazo Bedir 1968 yili Turkiyaning markaziy qismidagi Sivas viloyatida tavallud topgan.
1992 yil Marmara universiteti ilohiyot fakultetida bakalavriat ta’limini tamomlagan.
1993 yili Turkiyaning Sakarya universitetida ilmiy xodim sifatida ish faoliyatini boshlagan.
1996 yil London universiteti Sharq va Afrika tadqiqotlari maktabining huquq fakultetida magistratura bosqichini tamomlagan.
1999 yil Manchester universiteti san’at va fanlar fakultetining Yaqin Sharq tadqiqotlari bo‘limida “Hanafiy fiqhi nazariyasining dastlabki rivojlanishi (Usul al-fiqh)” nomli doktorlik dissertatsiyasini yoqlagan.
2000 yilda Sakarya universiteti ilohiyot fakulteti dots.nti lavozimida ish boshladi.
2002-2003 yillarda Suriya Milliy Ta’lim Vazirligi stipendiyasi bilan ushbu mamlakatda tadqiqot olib borgan.
2005 yilda Sakarya universiteti Islom huquqi kafedrasining dots.nti bo‘ldi va 2010 yil oxirigacha ushbu ta’lim dargohida faoliyatini davom ettirdi.
2007-2008 yillarda Garvard universiteti huquq fakultetida tadqiqot olib bordi.
2011 yildan Istanbul universiteti ilohiyot fakulteti professori sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. 2013-2020 yillarda shu fakultet dekani lavozimida ishlagan.
2015 yilda Islom Konferensiyasi Tashkilotiga qarashli Xalqaro Fiqh Akademiyasining Turkiya jumhuriyati vakili etib tayinlangan. Shu yili Din ishlari bo‘yicha Oliy Kengash a’zosi etib saylangan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Inson yaralibdiki, xursandchilik bilan birga g‘am-tashvish, qayg‘u-alamlar ila yashaydi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, “g‘am-tashvish”, “qayg‘urish” kabi tushunchalar ikki xil bo‘ladi:
1. Tabiiy.
2. Orttirilgan.
Birinchisi haqida so‘z borganda, uni “sog‘lom tashvishlanish”, deb atashimiz mumkin. Boshqacha qilib aytganda, busiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Tashvishlanishning bu turi topilmaydigan kishilar hissizlik ketidan kasal bo‘lib qolishlari turgan gap.
Albatta, hayot tashvishlari benihoya – ishdagi muammolar, uydagi g‘am-tashvishlar, ota-onaga g‘amxo‘rlik, farzand tarbiyasi, olingan qarzlarni to‘lash, oilaviy kelishmovchiliklar, imtihonlar, kimdirlar bilan uchrashish... Bularning barchasi odamni tashvishlanish, bezovta bo‘lish va qayg‘urishga undaydi. Bunday ruhiy holatlar ishtahamizni bo‘g‘ib, asabimizni buzadi, uyqimiz qochadi, bir so‘z bilan aytganda, hayotning achchiq-chuchuklarini totib, o‘nqir-cho‘nqirlariga duch kelamiz. Vaqt o‘tishi bilan bu muammolar o‘z yechimini topadi, biz ham voqelikka rozi bo‘lamiz, ko‘nikamiz, tashvishlar ariydi, stresslardan xalos bo‘lib, xotirjamlikka erishamiz. Oradan biroz muddat o‘tib yana yangi muammolarga duch kelamiz, xullas, hayot shu tarzda davom etaveradi.
Deyl Karnegi aytadi: “Men o‘ttiz yetti yildan ko‘proq vaqt Nyu-Yorkda yashadim. Menda “bezovtalik” degan kasallik borligidan ogohlantirib qo‘yish uchun biror kishi eshigimni taqillatib kelgani yo‘q. Suvchechak kabi kasallik keltirib chiqaradigan asoratlardan bir necha ming barobar ko‘p zararlar ko‘rishimning asosiy sababi, ushbu bezovtalik kasalligi bo‘ldi. Ha, ha, rost! Hech bir kishi eshigimni qoqib, amerikaliklarning har o‘ninchisi xavotir, ortiqcha tashvishga sabab bo‘luvchi asab buzilishiga chalinganini aytib, ogohlantirgani yo‘q”.
Karnegi so‘zida davom etadi: “Kishi butun dunyo mulkini qo‘lga kiritgan taqdirda ham, faqatgina bitta yotoqda yota oladi, xolos. Kunda uch mahaldan ortiq ovqatni oshqozoni sig‘dira olmaydi. Shunday ekan, bu odam bilan yer ag‘darib yurgan dehqon orasida qanday farq bor? Aksincha, dehqon chuqurroq uyquga ketsa kerak, to‘g‘rimi? Bu kabi badavlat kishidan ko‘ra dehqon yeyayotgan taomidan ko‘proq lazzat ola biladi, uning ta’mini yaxshiroq his qiladi, shunday emasmi?!”,
Barselonalik mashhur doktor Marko Alvares o‘z tajribalari bilan bo‘lishib, bunday deydi: “Ma’lum bo‘lishicha, har beshta bemorimdan to‘rttasining kasalligi birorta a’zo ta’sirida emas, aksincha, qo‘rquv, bezovtalanish, tashvishlanish, asabiylashish hamda kishi o‘zi va hayoti o‘rtasidagi munosabat hamda muvozanatni yo‘qotganligidan bo‘ladi”.
Shoir Mansur bir she’rida bunday deydi:
Xohla boy bo‘l, xoh faqirlikni et iroda,
Hech iloj yo‘q g‘am bo‘lar albat bu dunyoda.
Har gal oshib borsa atrofingda ne’mating,
Qarshisida ortib borar g‘am ustiga ham g‘aming.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.