Taborak (Mulk) surasida er, osmon va boshqa mavjudotlarni yaratishdagi hikmatlar, Allohning qudrati, bu dunyoda iymonsiz o'tganlarning oxiratdagi afsus-nadomatlari, rizq-ro'z talab qilish, tabiiy ofatlar – er yutishi, osmondan balo yog'ilishi xavfi, hidoyat, zalolat kabi masalalar bayon etilgan.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Qur'onda o'ttiz oyatdan iborat bir sura bor. Kim uni o'qisa, gunohlari kechirilgunicha shafoat qiladi. U Taborak surasidir”, deganlar (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyati).
Taborak surasi “shafoatchi” nomi bilan mashhur. Shu sabab bo'lsa kerak, ko'p musulmon diyorlarida, xususan bizning yurtda mayyit dafn etilgandan keyin ushbu sura o'qiladi.
Sahobalar bu surani “qutqaruvchi” deb atashgan. Zero, Taborak surasi bandani shafoat qilishi haqida rivoyatlar kelgan.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda: “Qur'ondagi o'ttiz oyatdan iborat sura sohibini jannatga kiritguncha tortishadi. Bu Taborak surasidir”, deyilgan (Imom Tabaroniy rivoyati).
Anas ibn Nufayldan rivoyat qilinishicha, qiyomat kuni bir banda tiriltiriladi. U bironta ham gunohni qoldirmay hammasini qilgandi. Biroq Allohni yagona deb bilar, Qur'onning faqat bitta surasini o'qirdi. Uni do'zaxga kiritish buyuriladi. Shunda o'sha kishining ichidan bir narsa uchqundek otilib chiqib: “Yo Alloh! Men Payg'ambaring alayhissalomga nozil qilganing (Qur'ondan) bir suraman. Mana bu bandang meni o'qirdi”, deydi. O'sha sura bandani jannatga kiritgunicha shafoat qiladi. Taborak surasi (Allohning izni bilan bandani azobdan) qutqaradi (Imom Daylamiy rivoyati).
Sevikli Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Men (Taborak surasi) ummatimdan har bir mo'min banda qalbida bo'lishini xohlardim”, deganlar (Imom Hokim rivoyati).
Bismillahir Rohmanir Rohiym
1. Eng avval salom berish.
Sahobalar roziyallohu anhum Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan “Eng yashi amal qaysi?” deb so‘rashdi. Shunda U zot alayhissalom: “Taom ulashishing hamda tanigan-tanimaganingga salom berishing”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga bir kishi keldi va “Assalamu alaykum”, deb salom berdi. U zot unga javob qaytardilar va “O‘nta”, dedilar. Keyin yana bir kishi kelib, “Assalamu alaykum va rohmatulloh”, dedi. U zot unga ham javob qaytardilar va “Yigirmata”, dedilar. So‘ngra yana bir kishi keldi-da, “Assalamu alaykum va rohmatullohi va barokatuh”, dedi. U zot unga javob qaytargach, “O‘ttizta”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
2. Ko‘rishgan kishi bilan xayrlashayotganda ham salom berish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sizlardan birortangiz bir majlisga kelsa, salom bersin, qaytmoqchi bo‘lsa, yana salom bersin. Birinchi salom ikkinchisidan haqli emas” (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati). Ya’ni, ikkinchi salomning ahamiyati birinchinikidan kam emas.
3. Tabassum bilan ro‘baro‘ bo‘lish.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Yaxshi amaldan biror narsani arzimas sanama, hatto birodaring yuziga ochiq chehra bilan yo‘liqishni ham” (Imom Muslim rivoyati).
4. Ikki qo‘l bilan ko‘rishish
“Ikki musulmon bir-birlariga yo‘liqib, qo‘l berib ko‘rishar ekan, ular hali ajralmay turib, albatta, ularning gunohlari mag‘firat qilinadi” (Imom Abu Dovud rivoyati).
5. Go‘zal so‘z so‘zlash.
Alloh taolo marhamat qiladi: “odamlarga shirinso‘z bo‘ling...” (Baqara surasi, 83-oyat)
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshi so‘z sadaqadir”, deganlar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Davron NURMUHAMMAD