Joriy yil 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.
Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda (https://www.facebook.com/aoka.uz/videos/1115116533946944/) Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov ma’lum qildi.
Anjuman ishida Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, O‘mon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi dunyoning 22 mamlakatidan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilot rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar ishtirok etadi.
Konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad – shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish, yoshlarni diniy bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish va bunda O‘zbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.
Muhim masalalarning asl mohiyatini ochib berishga qaratilgan Konferensiya 15 oktyabr kuni Toshkent shahridagi “Hilton” majmuasining anjumanlar zalida o‘z ishini boshlaydi. Anjuman 3 ta sho‘baga bo‘lingan holda o‘tkaziladi.
Birinchi sho‘ba: “Islom qadriyatlarini asrab-avaylashda hanafiy-moturidiy ta’limotining o‘rni”.
Ikkinchi sho‘ba: “Globallashuv sharoitida islom: mo‘tadillik va bag‘rikenglik”.
Uchinchi sho‘ba: “Zamonaviy jamiyatda g‘oyaviy tahdidlarning oldini olish omillari va amaliy yechimlar”.
Konferensiya 16 oktyabr kuni Xiva shahrida davom etadi. Unda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyasining yakuniy deklaratsiyasi qabul qilinadi.
Batafsil (https://telegra.ph/ZHorij-jil-15-16-oktyabr-kunlari-Toshkent-va-Hiva-sha%D2%B3arlarida-Islom--tinchlik-va-ehzgulik-dini-mavzusida-nufuzli-hal%D2%9Baro-konfer-10-11)
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 30 iyul kuni poytaxtimizdagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida Toshkent Islom institutining modul ta’lim tizimiga 2025-2026 o‘quv yili uchun kirish imtihonlari boshlandi.
Mazkur ta’lim yo‘nalishiga o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarini muvaffaqiyatli tamomlagan, shuningdek, 4 yil va undan ortiq muddat davomida diniy sohada faoliyat yuritgan imom-xatib va imom noiblari hujjat topshirgan.
Imtihon oldi mutasaddilar tomonidan test imtihonini o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Asosiy e’tibor adolat va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, imtihon jarayoniga soha mutaxassislari bilan bir qatorda turli tashkilotlar vakillari ham jalb etilgan.
Modul ta’lim tizimiga kirish istagida bo‘lgan nomzodlar quyidagi ikkita asosiy yo‘nalish bo‘yicha o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazadi:
* Ixtisoslik fanlar majmuasi: Qur’oni karim va tajvid, hadis, fiqh, aqoid kabi muhim fanlar;
* Ijtimoiy-gumanitar fanlar majmuasi: O‘zbekiston tarixi, Ma’naviyat asoslari, Milliy g‘oya kabi fanlar bo‘yicha.
Ma’lumot o‘rnida mandat natijalari barcha oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari o‘tkazilgandan so‘ng 3 ish kunida e’lon qilinadi.
Imtihon jarayoniga oid tezkor yangiliklar @qabulmuslimuz telegram kanalida yoritib boriladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati