Bu yurtda necha asrlardan beri Islom dini ravnaqiga hissa qoʻshgan buyuk allomalar Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy, Abu Mansur Moturidiy kabi zotlar yetishib chiqqan. Ular Islom olamida yorqin iz qoldirgan siymolardir. Ular qoldirgan meros islom haqiqatini ifodalagan.
Mazkur konferensiyaning ulamolar yurtida oʻtkazilishida ham chuqur maʼno bor. Islom dinining tinchlik va osoyishtalikni targʻib qilishi, bagʻrikenglikni taʼkidlashida ushbu yetuk ulamolarning alohida oʻrni bor.
Misr va Oʻzbekiston oʻrtasidagi ikki tomonlama aloqalar qadim tarixga bori taqaladi. Bugun bu davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarga urgʻu beradigan boʻlsak ushbu munosabatlarning mustahkam asoslarga barpo etilganini koʻramiz. Bu borada bir qancha yoʻnalishlarga eʼtibor qaratmogʻimiz mumkin boʻladi. Xususan, Misr davlati birinchilardan boʻlib Oʻzbekiston Respublikasining mustaqilligini eʼtirof etib, oʻzining elchixonasini bu yurtda ochishga shoshilgani va 1994-yilda esa Misr zaminida Oʻzbekiston elchixonasi ochilganini qayd etish darkor.
Keyingi yillarda ushbu ikki davlat oʻrtasidagi ilmiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlar rivojlanganligini ikki davlat rahbarlarining tashriflri orqali bilishimiz mumkin. 2018-yilda Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi janoblari Oʻzbekistonga tashrif buyurdi, 2023-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janoblari Misrga tashrif buyurdi. Bu tashriflar ikki tomonlama hamdoʻstlik aloqalarning rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Men toʻxtalib oʻtmoqchi boʻlgan yana bir jihat – Oʻzbekistonda keng tarqalib, namoyon boʻla boshlagan diniy-maʼrifiy sohadagi izchil oʻzgarishlardir. Bu islohotlar, ilmiy-intellektual harakat Prezident yuritayotgan siyosatda ochiq-oydin oʻz ifodasini topgan. Bu esa Islom sivilizatsiyasi merosini qadrlash, ilm-fan va ulamolarga ehtirom koʻrsatish orqali oʻz ifodasini topadi.
Bir soʻz bilan aytganda, mazkur anjumanga tashrif ularoq Oʻzbekiston Prezidenti bu tabarruk zaminda muhim islohotlarni olib borganini, xususan Oʻzbekistonda maʼnaviy-maʼrifiy, diniy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirishda, islom merosini boyitish, ulamolariga yuksak ehtirom koʻrsatishini guvohi boʻldik.
Nazir Muhammad Ayyad,
Misr Arab Respublikasi muftiysi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Oila qurish chog‘ida umr yo‘ldoshini tanlash borasida ota-onalar va bolalar, valiy – ishboshilar va muvallolar – ularning qo‘l ostidagilar orasida sodir bo‘ladigan kelishmovchiliklarni hal etishning eng oson va to‘g‘ri yo‘li, boshqa barcha muammolardagi kabi, shariatni hakam qilishdir. Shariatimiz esa, bu masalada ikki tarafning kelishib ish tutishini amr qilgan.
Shariat ota-ona va ularning o‘rnini bosuvchi ishboshilarga rahbarlik haqqini berish bilan birga, qo‘l ostilaridagi yosh yigit-qizlarning istagi, xohishini hisobga olishni, xususan, qizlarga nisbatan o‘ta mehribon bo‘lishni topshirgan. Ular o‘zlarining havoyi nafslariga berilib emas, shariat ta’limotlari asosida ish tutishlari lozim.
Shariat yosh yigit-qizlarga umr yo‘ldoshini tanlash huquqini berish bilan birga, bu nozik ishda – ularga mehribon bo‘lganlari, hayotiy tajribala-ri mavjud bo‘lganligi uchun ota-ona va ularning o‘rnini bosuvchi ishboshilar bilan maslahatlashib ish tutishni topshirgan. Bas, yoshlar ham o‘z havoyi nafslariga berilmasdan, shariat ta’limotlari asosida ish tutishlari lozim.
Alloh taologa shukrlar bo‘lsinkim, musulmon xalqlar bu masalada qadimdan oqilona yo‘l tutib kelganlar. Bu nozik masalada boshqalarga o‘rnak bo‘lganlar. Ota-onalar bolalarini go‘zal tarzda tarbiyalab voyaga yetkazganlar. Bolalar ota-onalariga itoatda, ularga yaxshilik qilishda, ularning roziliklarini topishda hech narsani ayamaganlar. Bolalar voyaga yetib, ularning nikohlanib, oila qurishlari vaqti kelganda, ikki taraf maslahat bilan shariatimiz ta’limotlari asosida ish tutganlar.
Afsuski, diniy ta’limotlardan uzoqlashish va boshqalardan ta’sirlanish oqibatida keyingi paytlarda bu masalada bir oz kelishmovchiliklar paydo bo‘lib, ko‘pchilikni tashvishga solmoqda. Bu borada turli muammolar paydo bo‘lib, ota-onalarni ham, bolalarni ham o‘ylantirib, iztirobga solib qo‘ymoqda.
Boshqa muammolar qatori, bu muammoni ham to‘g‘ri hal qilish oson. Buning uchun dinimiz ta’limotlarini qunt bilan o‘rganib, ularga ixlos bilan amal qilishimiz kerak bo‘ladi. Avval imkoni bo‘lmagan bo‘lsa, hozir bor.
Bolalarni yoshlikdan shu kabi ishlarga tayyorlab borish zarur. Ular ota-onalari va kattalar bilan bo‘ladigan munosabatlarini ehtirom va e’zoz asosida, odob-axloq bilan olib borishga odatlanishlari kerak. Ayniqsa, oila qurish va umr yo‘ldoshini tanlash kabi nozik hamda umr savdosi bo‘lgan ishlarda o‘zlarining bilim va tajribalari kamligini yoshlar aslo unutmasliklari lozim.
Ota-onalar ham bolalari katta bo‘lib qolganligini, ularning ham ko‘ngil xohishlari, o‘zlariga yarasha orzu-istaklari borligini hisobga olishlari kerak.
Gapning xulosasini aytadigan bo‘lsak, ikki taraf ham insof bilan, shariat ta’limotlarini oralarida hakam qilgan holda ish tutsalar, juda ham yaxshi bo‘ladi.
Mazkur shar’iy ta’limotlarga amal qilgan holda sovchilik, ko‘rishish, unashtirish, kelishish kabi ishlar amalga oshirilib bo‘lgandan keyin nikohlanish fursati yetadi.
"Baxtiyor oila" kitobidan