Shu yil 15 oktyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Misr Arab Respublikasi muftiysi doktor Nazir Muhammad Ayyod janoblari ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish, xususan fatvo yo‘nalishida hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Misr davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik yildan-yilga rivojlanib borayotganiga urg‘u qaratib, bunda ikki davlat rahbarlarining do‘stona aloqalari turli yo‘nalishlardagi aloqalarning mustahkamlanishiga turtki bo‘layotganini ta’kidladilar.
Muloqotda ta’lim, ilmiy-tadqiqot, malaka oshirish va diniy-ma’rifiy sohalardagi hamkorliklar tobora rivojlanib borayotganini qayd etdilar.
Xususan, Misr Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib hazratlari, Misr vaqf ishlari vazirligi va Dorul Ifto bilan doimiy aloqalar o‘rnatilganini qayd etdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston zaminida o‘tkazilayotgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” nomli anjumanning ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Doktor Nazir Muhammad Ayyod janoblari o‘zaro aloqalar uzoq o‘tmishga borib taqalishini qayd etib, O‘zbekiston Misr uchun muhim ahamiyatga ega mamlakat ekanini ta’kidladi. Shuningdek, bu yurtda Islom dini rivoji uchun hissa qo‘shgan buyuk allomalar yetishib chiqqani, jumladan, ahli sunna val-jamoa ta’limoti asoschilaridan biri Imom Moturidiy, buyuk muhaddislar Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabilarning sa’y-harakatlari sabab butun Islom olami XIV asrdan buyon Rasululloh sollallohu alayhi vassallamning hadislaridan bahramand bo‘lib kelayotganini alohida qayd etdi. Nazir Muhammad Ayyod O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni doimo kuzatib borayotgani, Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi faoliyati katta ahamiyatga molik ekanini ta’kidladi.
Kelgusida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish va diniy soha xodimlari o‘rtasida malaka oshirish kurslarini tashkil etish borasida hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Kecha, Ramazonning 11 kuni (11 mart) Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiligida poytaxtimiz tumanlari bosh imomlari hamda Olmazor tumani imomlari tumanidagi «Islomobod» jome masjidida yig‘ildilar.
Abduqahhor domla dastlab Ramazonda amalga oshirilayotgan saxovat tadbirlari haqida imomlarning so‘zlarini tingladi.
So‘ngra tumandagi kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogiron parvarishlanayotgan oilalarga borib, ularga zarur oziq-ovqat mahsulotlarini topshirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi Matbuot xizmati