Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
O‘ylab ko‘ring, tahoratdan oldin «bismillah» aytilsa, unga qancha mehnat, vaqt sarf bo‘ladi, qancha pul to‘lanadi? Lekin ushbu kichkinagina amal insonning zohiriyu botinining pokligi va munavvarligiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun tahorat boshlashdan avval «bismillah»ni aytishga harakat qilishimiz lozim. Lekin ba’zan e’tiborsizlik sababli, biz ana shunday barakalardan mahrum bo‘lamiz.
Agar musulmon bo‘lmagan boshqa odam tahoratning barcha amallarini qilsa, ya’ni qo‘lini yuvsa, g‘arg‘ara qilsa, burunni chaysa, og‘izni yuvsa, boshiga mas'h tortsa, oyog‘ini ham yuvsa, buning natijasida tozalik hosil bo‘ladi. Lekin unga tahoratning nuri va ma’naviy barakalari kelmaydi. Shuning uchun, namozdan oldin musulmon odamga tahorat olish buyurilganki, undan maqsad faqat zohiriy tashqi badani poklanmasin, balki botin ichkarida va ruhda ham bir nur va baraka hosil bo‘lsin, botini ham poklansin.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan
مَنْ عَمِلَ صَالِحًا مِّن ذَكَرٍ أَوْ أُنثَىٰ وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَلَنُحْيِيَنَّهُ حَيَاةً طَيِّبَةً
"Erkagu ayol, kim mo‘min holida yaxshi amal qilsa, Biz unga yaxshi hayot kechirtiramiz" (Nahl surasi, 97-oyat).
Sa’id ibn Jubayr aytadi: “Yaxshi hayot Alloh seni birovga muhtoj qilmasligidir”.
Go‘zal hikmat. Yana bir narsa "Yaxshi hayot degani kasal bo‘lmay, kambag‘al bo‘lmay yashash degani emas. Mansabdor, el og‘zidagi odam bo‘lish, degani ham emas. Balki Alloh bitganiga rozi bo‘lib yashashda yashiringan. Allohning taqdiriga norozi bo‘lish ziq, tang, xor hayotdir. Alloh har ishga rozilik ne’matini sizga berdimi, farovon kunda shukr qilib, qiyin kunda sabr qilib yashayapsizmi, demak, Alloh sizni yaxshi hayotga qo‘yibdi".
Sharqoviy. "Qur’ondan maktublar".