Bismillahir Rohmanir Rohiym
Uyga kirayotgan kishi kattami, kichikmi, erkakmi, ayolmi salom berib kirishi kerak. Bu haqda Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Uylarga kirgan chog‘ingizda o‘zlaringizga Allohdan bo‘lgan pokiza va muborak tabrik ila salom beringlar” (Nur surasi, 61-oyat).
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon ahling huzuriga kirsang, salom bergin, o‘zingga va ahlingga baraka bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Demak, uyingizga qutbaraka, tinchlikhotirjamlik bo‘lishini istasangiz, uyga kirishda salom berib kirishni unutmang!
Agar uyga kirganda hech kim yo‘q bo‘lsa, u holda quyidagi salom beriladi:
السَّلَامُ عَلَيْنَا وَعَلَى عِبَادِ اللَّهِ الصَّالِحِينَ
“Assalomu a’layna va a’la ibadillahis solihiyn”.
Salomning ma’nosi: “Bizga va Allohning solih bandalariga salom bo‘lsin”.
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuhu
Davron NURMUHAMMAD
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoyalash, huquqiy ongini oshirish, ma’rifatini ziyoda qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining Tatariston va Boshqirdistonga xizmat safari uyushtirildi.
Prezident Administratsiyasining topshirig‘i ijrosiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O. Abdullayev boshchiligida yurtimizning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi B.Asadov, Bosh konsuli M.Xayriddinov va bir qator tegishli tashkilotlar vakillaridan tashkil topgan delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon Inomov ham ishtirok etdi.
Vatandoshlarimiz bilan “Ota-onani rozi qilish – farzandlik burchi”, “Halol kasb – baraka kaliti”, “Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Har qanday diniy mavzudagi ma’lumotlar borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tegishli rasmiy internet tarmoqlardan foydalanish tavsiya etildi. Turli diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi – ham shariat ko‘rsatmasi, ham zamon talabi ekani ta’kidlandi.
Rossiya musulmonlari markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat delegatsiya a’zolarini qabul qilib, O‘zbekiston xalqiga mehri o‘zgacha ekanini bildirdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salomi esdalik hadyalari taqdim etildi. Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat mehmonlarni Diniy idora va uning qoshidagi Rossiya islom universiteti bilan tanishtirib chiqdi.
Xizmat safari davomida vatandoshlarimiz bilan bo‘lgan suhbatlarda bugun mamlakatimizda qilinayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalinib, yurt tinchligi, xalq farovonligi va salomatligi, dinimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlar, yangiliklar haqida ham aytib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati